269
hisobga olish asosiy omillardan hisoblanadi. Masalan, muddatidan kechiktirilib
ekilgan g‘o‘za ko‘k qurti va o‘simlik shira bitlardan ko‘proq zararlanadi. Ko‘sak qurti
kapalagi urchish davrida gullagan makkajo‘xori bu zararkunandadan ko‘proq
zararlanadi.
Ekiladigan o‘simlik navlarini tanlashda va ayniqsa, yangi navlar yaratishda
ularni shu ekiladigan hududda qanday zararkunandalar uchrashini va ularning turli
navlarga bo‘lgan munosabatini hisobga olish foydalidir. Masalan, o‘rgimchakkana
ingichka tolali nav g‘o‘zaga kamroq tushadi.
Bir qator zararkunandalar o‘simlik urug‘lari orqali tarqaladi, shuning uchun
urug‘lik materiallarini tanlash va ularni tayyorlash usullari ham agrotexnik kurash
choralari qatoriga kiradi. Beda urug‘xo‘ri beda urug‘larida qishlaydi, urug‘ yaxshi
tozalnib ekilmasa, beda urug‘xo‘ri keyingi yili keng tarqalib ketishi mumkin. Bundan
tashqari, yaxshi tozalanmagan urug‘ nihoyatda zararli bo‘lgan zarpechak
urug‘larining ham tarqalib ketishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Saralangan urug‘
ekilsa, u o‘simlik zararkunandalariga chidamli bo‘ladi va urug‘ yaxshi unib chiqadi.
O‘rgimchakkana bilan kuchli zararlangan g‘o‘za chigiti ekilganda kechikib unadi va
tekis maysa chiqarmaydi.
Yerga turli xil o‘g‘it solish ham o‘simliklarning turli zararkunandalariga
bo‘lgan chidamliligini oshiradi. Fosforli o‘g‘it bilan oziqlangan beda mo‘riqurtga
qarshi ancha chidamli bo‘ladi. Mineral o‘g‘itlar tuproqda tuz eritmalari
kontsentratsiyasini oshiradi, natijada tuproqdagi ba’zi hasharotlar, jumladan
simqurtlarning tana namligi pasayib, ular nobud bo‘ladi.
Begona o‘tlarga qarshi kurash zararkunandalarga qarshi kurashdagi muhim
omillardan biri hisoblanadi. Dala, yo‘l va ariq bo‘ylaridagi begona o‘tlarning qaysi
sistematik guruhdan ekanligini aniqlash va ularda shu dala ekinlari uchun qanday
zararli hasharotlar rivojlanishi mumkin ekanini bilish juda muhimdir. Natijada ularga
qarshi kurashish ham dalada, ham uning yon atroflarida bir vaqtda o‘tkazilishiga
imkoniyat tug‘iladi. Shu maqsadda yagana va o‘toq vaqtida chiqindi ko‘chatlarni
darhol ular so‘lib-qurib qolmasidan daladan chiqarib tashlash (yo‘qotish) tavsiya
etiladi. Gerbitsidlar ishlatilganda bu preparatlar zararkunanda hasharotlarga qanday
va qaysi vaqtda ta’sir etishini bilish maqsadga muvofiqdir.
Ekinlarni sug‘orish, sug‘orish vaqti va normalari zararkunandalarning
rivojlanishiga salbiy yoki ijobiy ta’sir etishi mumkin. Qishki yaxob berish tuproqda
va o‘siilik qoldiqlarida qishlab qolgan zararkunandalarni ko‘plab halok qiladi.
Bedapoyalarda bedaning o‘rib olinishi bilanoq sug‘orish yaxshi natija beradi.
Hosilni o‘z vaqtida, qisqa muddatda nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish ham
hasharotlar zararini kamaytiradi hamda tarqalib ketishini cheklantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: