24.4. Ijtimoiy infratuzilmaning rivojlanishi
Ijtimoiy infratuzilmaning barqaror rivojlanishi aholi turmush sifati yuksalishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalari va uy-joy siyosatida amalga oshirilgan islohotlar natijasida ijtimoiy infratuzilmaning barqaror faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishi ta’minlandi.
Ta’lim tizimi. Mamlakatimizda 1997 – 2010-yillarda keng miqyosdagi Kadrlar tayyorlash milliy dasturi amalga oshirildi. 2010-yildan keyin esa uning sifat bosqichini amalga oshirishga kirishildi. Aholining uzluksiz ta’lim olishini ta’minlash, ta’lim tizimining jamiyatdagi o‘zgarish va yangilanishlari, iqtisodiyotdagi yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash ta’lim konsepsiyasining bosh maqsadi hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, aholi turmush sifatini belgilab beruvchi ko‘rsatkichlardan biriga aylandi.
Maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy davlat dasturi doirasida 7800 tadan ziyod umumiy o‘rta ta’lim maktabi yangitdan qurildi, ta’mirlandi va rekonstruksiya qilindi, ularning umumiy soni esa 9900 tadan oshdi. 2000 – 2016-yillarda qariyb 8 mingta ta’lim muassasasi kapital ta’mirlandi, gaz va suv bilan ta’minlandi, markazlashtirilgan kanalizatsiya tarmoqlariga ulandi.
Hozirgi kunda bolalar sporti maskanlarining soni 6000 tadan, maktablardagi yopiq sport zallarining soni esa 6150 tadan oshadi.
Mamlakatimizda zamonaviy ta’lim standartlari asosida jihozlangan 1539 ta kasb-hunar kolleji va akademik litsey faoliyat yuritmoqda, hozirgi kunda ularda 1623,1 ming nafar o‘quvchi bilim olmoqda. Barcha kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar zamonaviy ta’lim standartlari talablari asosida jihozlangan.
2011– 2016-yillarda barcha maktablarni o‘quv jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish imkonini beradigan kompyuter sinflari bilan ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bundan tashqari, 400 ga yaqin bolalar sporti, 220 ga yaqin bolalar musiqa va san’ati maktabini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirildi.
Oliy ta’lim tizimida bakalavriat va magistraturadan iborat ikki bosqichli xalqaro standartga o‘tish amalga oshirildi. Mamlakatimizda Xalqaro Vestminster universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz instituti, G.V.Plexanov nomidagi Rossiya Iqtisodiyot akademiyasi, Turin politexnika universiteti, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti kabi xalqaro oliy o‘quv yurtlarining filiallari tashkil etilgan va samarali faoliyat yuritmoqda.
Oliy ta’limning 150 dan ziyod bakalavr yo‘nalishi va 650 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha davlat ta’lim standartlari joriy etildi. Hozirgi paytda 60 dan oshiq oliy ta’lim muassasalarida 24 ming nafardan ziyod pedagog mehnat qilmoqda, ulardan 11 foizi professor va fan doktori, 31 foizi esa fan nomzodi ilmiy unvoniga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |