22.3. Davlat budjeti moliya tizimining asosiy bo‘g‘ini sifatida
Moliya tizimi o‘zida turli bo‘g‘in budjetlarini, ijtimoiy, mulkiy va shaxsiy sug‘urtani, davlat valuta zahiralari, korxona, tashkilot va firmalarning pul mablag‘larini va boshqa maxsus jamg‘armalarni jamlaydi. Tashkiliy jihatdan u mamlakatdagi barcha moliya muassasalarini qamrab oladi. Moliya tizimi o‘z ichiga to‘rtta bo‘g‘inni oladi: davlat budjeti; mahalliy moliya; maxsus nobudjet jamg‘armalari; davlat korporatsiyalari moliyasi.
Davlat budjeti – bu davlat vazifalarini, mamlakat yoki tegishli ma’muriy-hududiy birlik iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida pul mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanishning asosiy moliyaviy rejasidir. Sodda qilib aytganda, u davlatning bir moliya (budjet) yiliga mo‘ljallangan xarajatlari va ularni qoplash manbalari ko‘rsatilgan daromadlar smetasidir. Davlat budjeti asosini davlat boshqaruv apparati, qurolli kuchlar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy sohalar xarajatlarini moliyalashtirishga mo‘ljallangan hukumatning markazlashgan pul mablag‘lari jamg‘armasi tashkil qiladi. Mamlakat hududida amalda bo‘lgan va ijtimoiy munosabatlar va huquqiy me’yorlarga asoslangan barcha turdagi budjetlar to‘plamiga budjet tizimi deyiladi. Budjet tizimining tashkil etilishi va tuzilishi tamoyillari (yaxlitligi, to‘laliligi, haqqoniyligi, oshkoraligi, mustaqilligi)ga budjet tuzilmasi deb aytiladi.
Davlat mahalliy budjetlarni tuzish, ko‘rib chiqish, tasdiqlash va ijro etish bo‘yicha davlat, mahalliy hokimiyat organlarining qonunchilik tomonidan belgilab qo‘yilgan faoliyatiga budjet jarayoni deb aytiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasiga muvofiq, «O‘zbekiston Davlat budjeti o‘z ichiga respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiva mahalliy budjetlarni oladi».
O‘zbekiston Respublikasida budjet siyosatining asosiy vazifalariga quyidagilar kiradi:
– iqtisodiyotni inqirozlardan xoli etish;
– moliyaviy barqarorlikni ta’minlash;
– investitsion jarayonlarni rag‘batlantirish va iqtisodiyotda jamg‘arish ulushini oshirish;
– budjetning moddiy soha tarmoqlari korxonalariga ajratilayotgan dotatsiya shaklidagi unumsiz xarajatlarini kamaytirish;
– soliq to‘lash va soliq tizimini takomillashtirish va nazorat qilish orqali budjetning daromad bazasini mustahkamlash;
– davlat xarajatlarining samarali va maqsadli ishlatilishi ustidan faol moliyaviy nazorat o‘rnatuvchi tizimni yaratish;
– davlat qarzi hajmi ustidan nazoratni kuchaytirish.
Davlat budjeti oldiga quyidagi vazifalar qo‘yilgan:
– YIM va MD ni qayta taqsimlash;
– iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish va rag‘batlantirish;
– ijtimoiy siyosatni moliyalashtirish;
– markazlashtirilgan pul mablag‘lari fondini shakllantirish va uning ishlatilishini nazorat qilish.
Milliy xo‘jalikda iqtisodiy o‘sishni va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash davlat budjeti siyosati oldida turgan va iqtisodiy islohotlar jarayonida o‘ziga xos bo‘lgan vazifalardandir.
Bugungi kunda davlat budjeti YIMni qayta taqsimlashda muhim ahamiyatga ega. Rivojlangan mamlakatlarda davlat, odatda, YIMning 20 dan 50 foizigacha qismini soliqlar va boshqa davlat daromadlari va to‘lovlari shaklida davlat budjetiga safarbar etib, davlat xarajatlari orqali iqtisodiyotni va investitsiyalarni tartibga soladi va rag‘batlantiradi, ishlab chiqarish unumdorligini oshirishga yo‘naltiradi.
O‘zbekiston Respublikasi budjet qurilmasi ham budjet tizimining yagonaligi, to‘laligi, haqqoniyligi, oshkoraliligi va unga kiruvchi ma’muriy-hududiy budjetlarning mustaqilligi tamoyillariga asoslanadi. Mamlakat budjet tizimiga uning mustaqil bo‘laklari sifatida O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari kiradi. O‘zbekiston Respublikasi jamlangan budjetiga Davlat maqsadli jamg‘armalari ham kiritiladi. Davlatning maqsadli jamg‘armalariga Pensiya jamg‘armasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi, Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuv jamg‘armasi, Davlat raqobat qo‘mitasining maxsus hisobvarag‘i, O‘zbekiston Respublikasi rivojlantirish va taraqqiyot jamg‘armasi, Moliya vazirligi huzuridagi unumdor erlarni meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi, Vazirlar Mahkamasi huzurida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kiradi. Maqsadli davlat jamg‘armalarini tuzish orqali hukumat budjetga kiritilmagan xarajatlarning moliyalashtirish mablag‘larini mazkur nobudjet jamg‘armalarida shakllantiradi.
Budjet xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi va uning tegishli ma’muriy-hududiy birliklarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bilan belgilanib, navbatdagi moliya (budjet) yilida qonunchilikda belgilangan yo‘nalish va hajmlarda amalga oshiriladi.
Barcha ma’muriy-hududiy birliklar budjetlarining muvozanatlashganligi mamlakat budjet-moliya siyosatining zarur shartlaridan biri hisoblanadi.
Mamlakat budjeti taqchilligining chegaraviy miqdorlari navbatdagi moliya (budjet) yilida qonun tomonidan belgilanadi.
Respublika budjeti Oliy Majlis tomonidan tasdiqlansa, mahalliy budjetlarni mahalliy hokimiyat Kengashlari tasdiqlaydilar. Tasdiqlangan va qonun kuchiga kirgan Davlat budjeti hukumat tomonidan belgilangan muddatlarda va miqdorlarda amalga oshirilishi shart hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |