22.2. Moliya tizimi va moliya siyosati
Iqtisodiyotni boshqarish, tartibga solish va iqtisodiy faoliyatni yo‘naltirishda moliya tizimi hamda moliya siyosatining o‘rni va ahamiyati alohida. Makroiqtisodiy nuqtayi nazardan iqtisodiyot real va moliya sektorlariga bo‘linadi va ularning yaxlitligini taqozo etadi.
Agar tovar va xizmatlar iqtisodiyotning real sektorida yaratilsa, ularning ayirboshlanishi va taqsimlanishiga, ya’ni real aylanishiga pul xizmat qiladi. Pul sektori esa moliya va kredit munosabatlarini o‘z ichiga oladi. Boshqacha aytganda, moliya sektorida pulning aylanma harakati ro‘y beradi.
Moliya iqtisodiyot subyektlarining daromad va xarajatlari shakllanishi borasidagi iqtisodiy munosabatlar bo‘lib, jamiyatning daromadi qiymat ko‘rinishidagi YIM hisoblanadi. Davlat, korxona va firmalar, uy xo‘jaligining o‘z moliyasi mavjud bo‘lib, bu uch subyekt o‘rtasida ham moliyaviy munosabatlar amalga oshadi. Iqtisodiyotni tartibga solishda davlat asosan moliyaviy dastak va vositalardan samarali foydalanadi.
Moliya tizimi moliya obyekti va subyekti, moliya munosabatlari, moliya mexanizmi, moliya siyosati hamda moliya institutlaridan iborat murakkab tizim hisoblanadi.
Moliya tizimining iqtisodiyotdagi vazifalari (funksiyalari) mazkur tizimning iqtisodiyotni tartibga solish va boshqarishdagi ahamiyatini belgilab beradi.
Moliya tizimining taqsimlash, rag‘batlantirish, iqtisodiy axborotlarni berish, ijtimoiy va nazorat funksiyalari borki, ularning samarali bajarilishi moliyaviy resurslarning oqilona ishlatilishiga imkoniyat yaratadi.
Moliya tizimida mikromoliya va makromoliya ajratib ko‘rsatiladi. Mikromoliya korxonalar, firmalar, uy xo‘jaliklari, nodavlat va jamoat tashkilotlari moliyasidan iborat bo‘ladi. Makromoliya esa umumjamiyat moliyasi hisoblanib, davlat moliyasi ko‘rinishida bo‘ladi. Davlat moliyasini davlat budjeti hamda budjetdan tashqari pul fondlari tashkil etadi.
Davlat budjet va budjetdan tashqari pul fondlarini boshqarish uchun, shuningdek, moliya tizimi faoliyati samaradorligini ta’minlash maqsadida moliya siyosatini amalga oshiradi.
Davlatning moliya bozorini tartibga solish borasida amalga oshiradigan xatti-harakatlari ham moliya siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Moliya bozori moliyaviy resurslar, ya’ni moliyaviy aktivlar oldi-sotdi qilinadigan bozor bo‘lib, davlat bu bozorni tartibga soladi, o‘zi ham o‘z resurslari bilan mazkur bozorda ishtirok etadi.
Moliya bozorining obyekti oldi-sotdi qilinadigan aksiyalar, obligatsiyalar, turli sertifikatlar hamda pulning o‘zi hisoblanadi. Davlat bu bozorda o‘z korxonalarining aksiyalari, ya’ni qisqa, o‘rta va uzoq muddatli obligatsiyalari bilan qatnashadi. Moliya bozoridagi oldi-sotdi tartib-qoidalarini, reglamentni ham davlat belgilab beradi.
Moliya bozori ikki qismdan iborat: fond bozori va pul bozori.
Qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi amalga oshadigan bozorni fond bozori deb ataladi. Aksiya va obligatsiyalar bu bozorda, ya’ni fond birjalari va undan tashqarida sotiladi.
Vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘lari hamda milliy valuta ayirboshlanadigan bozor pul bozori hisoblanib, bu bozorda banklar, kredit uyushmalari va pul topib beruvchi firmalar ishtirok etadi. Kredit munosabatlari shu bozorda amalga oshadi.
Bozor munosabatlari rivojlanib borgani sayin moliyaviy munosabatlar ham erkinlashib boradi. Bu milliy moliya bozorining xalqaro moliya bozoriga integratsiyalashuvini jadallashtiradi.
Davlat ta’sirchan moliya siyosatini yuritishda budjet va soliq vositalaridan foydalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |