22-Mavzu.O‘ZBEKISTON IQTISODIYoTINI BuDJET-
SOLIQ DASTAKLARI ORQALI BOShQARISh
Reja:
22.1. Milliy iqtisodiyotni boshqarish tartibga solishning zarurati
22.2. Moliya tizimi va moliya siyosati
22.3. Davlat budjeti moliya tizimining asosiy bo‘g‘ini sifatida
22.4. Soliqlarning iqtisodiyotni tartibga solishda tutgan o‘rni
Har qanday mamlakat iqtisodiyotining samarali faoliyat ko‘rsatishida davlat, uning institutlari va tarkibiy tuzilmalari muhim rol o‘ynaydi. Bunda, bir tomondan, bozor, ikkinchi tomondan, davlatning tartibga solish mexanizmlari o‘rtasidagi nisbat hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish har qanday hukumat uchun obyektiv zaruriyatdir. Davlatning iqtisodiy siyosati bozor tizimining muhim unsuridir. Davlat bevosita yoki bilvosita ravishda bozorlarning muhim parametrlarini, alohida firma va tadbirkorlar faoliyatidagi iqtisodiy mo‘ljallarni belgilab beradi. Mamlakatda umumiy iqtisodiy makonni shakllantirish, ijtimoiy xavfli bo‘lgan faoliyatlarga cheklovlar o‘rnatish ham davlat tomonidan amalga oshiriladi.
Mulkiy huquq, erkin raqobat va ijtimoiy ne’matlardan foydalanishda iqtisodiy agentlarni teng imkoniyatlar bilan ta’minlash bo‘yicha davlat tomonidan bajariladigan funksiyalar davlatning iqtisodiyotga aralashuvining institutsional asosi hisoblanadi. Bunda xo‘jalik faoliyatining alohida sub’ektlari emas, balki umumjamiyat manfaatlari asosiy mezon bo‘lib xizmat qiladi.
Boshqacha so‘z bilan aytganda, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi, eng avvalo, ba’zi tarmoqlarning monopollashuvi, alohida turdagi ijtimoiy faoliyat turlarining xususiy sektor uchun jozibali emasligi (shu jumladan, rentabellik nuqtai nazardan) va shu sababli ijtimoiy ne’matlarning etarli darajada ishlab chiqarilmasligi, iqtisodiyotdagi tarkibiy nomutanosibliklar va boshqalarda o‘z aksini topadigan bozorning alohida kamchiliklarini bartaraf etishga qaratilmog‘i lozim. Xususan, bozor mexanizmining kamchiliklari ko‘p jihatdan iqtisodiyotning rivojlanish darajasini belgilab beruvchi infratuzilma tarmoqlarida, shuningdek, an’anaviy tarzda davlatning roli yuqori bo‘lgan ijtimoiy sohada namoyon bo‘ladi
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning aniq yo‘nalishlari, shakllari va ko‘lamlari mamlakatning ma’lum davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot xususiyatlari bilan belgilanadi.
Davlatning iqtisodiy sohani boshqarishdagi asosiy vazifasi – bu aholining muttasil oshib boruvchi ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan moddiy ishlab chiqarishning o‘sishini ta’minlashdir.
Iqtisodiyotni boshqarish ko‘plab murakkab vazifalarni yechishni ko‘zda tutadi. Bunday vazifalarga: milliy iqtisodiyotning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish; ichki resurslardan oqilona foydalanish; fan va innovatsiya faoliyatlarini rivojlantirish; xo‘jalik majmuasining optimal tarkibini shakllantirish; iqtisodiyotga ijtimoiy yo‘naltirilgan tus beish; eksportni qo‘llab-quvvatlash; aholi bandligini ta’minlash va boshqalar kiradi.
Davlatning iqtisodiyotni tartibga solishdagi roli faqatgina bozorlarning faoliyat ko‘rsatish shart-sharoitlarini yaratish bilan cheklanib qolmay, shuningdek, ijtimoiy manfaatlar mutanosibligini va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash hamda ichki va tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoya qilishni ham o‘z ichiga oladi.
Samarali faoliyat ko‘rsatayotgan bozor mexanizmi ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni katta qiyinchiliklarsiz yechish imkoniyatini beradi. Ya’ni, ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar manfaatlarini birlashtiradi, ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini joriy etishni rag‘batlantiradi, mahsulot sifatini oshiradi, xarajatlarning pasayishiga, tovar assortimentlarining muntazam yangilanib borishiga, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar nomenklaturasining kengayishiga olib keladi. Afsuski, eng mukammal faoliyat ko‘rsatayotgan bozor mexanizmi ham jamiyat hayotida paydo bo‘layotgan barcha ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf etishga ojizdir. Shuning uchun ham, bozor mexanizmiga bo‘ysunmaydigan, uning ta’sir doirasidan tashqarida bo‘lgan bir qancha muammolar yechimini davlat o‘z bo‘yniga oladi.
Rejali iqtisodiyotdan bozor xo‘jaligiga o‘tayotgan aksariyat mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatdiki, muvaffaqiyatli iqtisodiy o‘sishni davlat tizimisiz amalga oshirib bo‘lmas ekan va o‘z navbatida, jamiyatning farovonligini faqat bozor tizimi mexanizmlari bilangina ta’minlab bo‘lmas ekan.
Shu bilan birga, bozor iqtisodiyotiga o‘tib borishda iqtisodiy jarayonlardagi davlatning funksiyalari obyektiv tarzda va mantiqan torayib borishi lozim. Buning uchun esa davlat boshqaruvining ustuvor yo‘nalishlarini aniq belgilab olish hamda asosiy e’tiborni jamiyatning o‘ta muhim iqtisodiy va ijtimoiy ehtiyojlarini ta’minlashga qaratish kerak.
Davlat ixtiyorida esa, eng avvalo, quyidagi funksiya va vazifalar saqlanib qolinishi lozim:
– pul emissiyasi, pul-kredit va soliq-budjetni tartibga solish dastaklari;
– shaxsning huquq va erkinligini, mulkdorlar va xo‘jalik subyektlari huquqlarining kafolatlanishini ta’minlash;
– barqaror makroiqtisodiy holatni shakllantirish;
– umumiy maqsadlarda foydalanuvchi xizmatlarni va moddiy ne’matlarni yetkazib berishda minimal ijtimoiy standartlarni ta’minlash (ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, kommunikatsiyalar va hayotni ta’minlovchi boshqa moddiy ne’matlar va xizmatlar);
– monopoliyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirish va raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlash;
– ilm-fanni, innovatsion faoliyatni va axborot texnologiyalarini rivojlantirish;
– faol tashqi iqtisodiy siyosat yurgizish, qo‘shni mamlakatlar bilan integratsion aloqalarni rivojlantirish;
– iqtisodiyotning yuksalishi va aholi farovonligining oshishini ta’minlovchi umumdavlat ahamiyatida bo‘lgan ishlab chiqarish, ijtimoiy va ekologik infratuzilmalarni shakllantirish;
– ijtimoiy himoyalanmagan aholi guruhlarini qo‘llab-quvvatlash;
– atrof-muhitni muhofazalash, ekolik tartibga solish tizimlarini takomillashtirish, ekologik muammolarni yechishda xalqaro hamkorlik yuritish;
– takror ishlab chiqarishning oqilona hududiy nisbatlarini shakllantirish va mintaqalar ishlab chiqarish kuchlarini kompleks rivojlantirish;
– mamlakat milliy xavfsizligini ta’minlash;
– bozor munosabatlarining huquqiy poydevorini yaratish va qonunlarning so‘zsiz amal qilinishini ta’minlash, institutsional infratuzilmani rivojlantirish;
– ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish.
Bozor iqtisodiyotiga o‘tishda davlat iqtisodiy tub o‘zgarishlarning lokomotivi rolini bajarar ekan, yangi texnologiyalarni joriy etish asosida maqsadga yo‘naltirilgan xatti-harakatlarni tarmoqlarni texnik jihatdan qayta qurollantirishga, ilmiy-texnikaviy dasturlarni ishlab chiqish va qo‘llashga, investitsiyalar hajmini oshirishga, iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurishga xizmat qiladi. Globallashuv sharoitida xalqaro mehnat taqsimotida mamlakatning yuqori o‘rinlarni egallashi maqsadida davlat milliy iqtisodiyotning raqobat afzalliklarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar olib boradi.
Tartibga solishning yaxlit iqtisodiy usullar tizimini yaratish davlatning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda quyidagilardan foydalaniladi:
– budjet-soliq siyosati;
– pul-kredit siyosati;
– narxlar orqali tartibga solish;
– amortizatsiya siyosati;
– bevosita tartibga solish usullari – davlat buyurtmasi, kvotalar, litsenziyalar, bevosita budjetdan moliyalashtirish.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish tizimi to‘liq ravishda mamlakatning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashga, ichki va tashqi omillardagi ehtimoldagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda uning barqaror rivojlanishiga yo‘naltirilishi lozim.
Bozorga o‘tish sharoitida iqtisodiyotni samarali boshqarish vazifasini davlat tomonidan amalga oshirishda iqtisodiy va siyosiy muhitda professional harakat qila oladigan davlat boshqaruvi va apparati tarkibini shakllantirish muhim shart-sharoitlardan biri hisoblanadi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan boshqaruv tizimi tarkibida tegishli vazirliklarning hududiy va viloyatlarning iqtisodiy organlari, shuningdek, tumanlar, shaharlar va qishloq ma’muriy organlari muhim o‘rin tutadi. Iqtisodiyotni va ijtimoiy sohani boshqaruvchi respublika organlaridan joylarda soliq, tabiiy resurslar va atrof-muhit, mehnat va ijtimoiy himoya, moliya va statistika masalalariga mas’ul tegishli vazirlik va davlat qo‘mitalarining bo‘linmalari faoliyat ko‘rsatadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida shakllangan iqtisodiyotni davlat tomonidan boshqarish tizimi mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy hayotida kechayotgan o‘zgarishlardan kelib chiqqan holda tizimning to‘liq samaradorligini oshirish yo‘nalishida takomillashib boradi.
O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish vazifasi umumdavlat va mintaqaviy muammolarni yechishda tarmoq va hududiy boshqaruv organlari o‘rtasidagi o‘zaro harakatlarning samaradorligini oshirishni talab etadi. Bu esa pirovard maqsadda mamlakatning barqaror rivojlanish bosqichiga o‘tishini ta’minlab beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |