23-Mavzu.O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING BANK-KREDIT TIZIMI
Reja:
23.1. Milliy bank-kredit tizimining tashkiliy jihatlari
23.2. Markaziy bankning pul-kredit siyosati
23.3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining pul-kredit siyosati
Zamonaviy bank-kredit tizimi ssuda kapitallari bozorida faoliyat yurituvchi va pul kapitalini jalb qilish va yo‘naltirish bilan shug‘ullanuvchi turli kredit – moliya institutlari majmuidir.
Bank-kredit tizimi odatda uch bo‘g‘indan iborat bo‘lib, Markaziy bank, tijorat banklari va ixtisoslashgan kredit-moliya tashkilotlarini o‘z ichiga oladi. Uch bo‘g‘inli tizim aksariyat sanoati rivojlangan mamlakatlarga xosdir.
Bank tizimining o‘zi ikki bo‘g‘indan iborat bo‘lib, Markaziy bank va tijorat banklaridan tashkil topgan.
Markaziy bank kredit tizimining o‘zagini tashkil etadi. Markaziy emission bank davlat ixtiyorida bo‘lib, undan makroiqtisodiy jarayonlar va nisbatlarni tartibga solishda foydalaniladi. Markaziy bankning funksiyalariga quyidagilar kiradi:
– banknotalarning emissiyasini amalga oshirish;
– davlat oltin-valuta zahiralarini saqlash; boshqa kredit tashkilotlarining rezerv fondlarini saqlash, iqtisodiyotni pul-kredit dastagi yordamida tartibga solish;
– tijorat banklarini kreditlash; davlat muassasalariga kassa xizmatini ko‘rsatish;
– hisob-kitob va pul ko‘chirish amaliyotlarini yurgizish;
– kredit tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish.
Tijorat banklari – universal xarakterga ega bo‘lgan kredit institutlaridir. Ular tomonidan taklif etilayotgan xizmatlar bugungi kunda bank mahsuloti nomini olgan va ularning ko‘plab turlari mavjud. Zamonaviy tijorat banklari o‘z mijozlariga 300 dan 600 tagacha xizmat turlarini taklif etishadi. Ularning asosiylariga:
– jismoniy va yuridik shaxslarga hisob varaqalarini ochish va yurgizish;
– hisob-kassa xizmati, pullarni va pul xujjatlarni inkassatsiyalash;
– jamg‘armalarni foiz to‘lash bilan saqlashga qabul qilish;
– turli maqsadlarga kreditlar ajratish;
– mablag‘ egasining topshirig‘iga binoan pul mablag‘larini ishonchli boshqarish;
– xorij valutalarining oldi-sotdisi;
– qimmatli toshlar bilan amaliyotlar olib borish;
– hujjatlar yoki qimmatbaho buyumlarni saqlash uchun maxsus xona yoki seyflarni ijaraga berish va boshqalar.
Bankning barcha xizmatlari passiv (bankka mablag‘larni jalb etish), aktiv (bank kapitalini joylashtirish) va turli tashkilotlarning topshirig‘ini bajarishga mo‘ljallangan komission xizmatlarga bo‘linadi.
Bank passiv operatsiyalarni amalga oshirish orqali vaqtincha bo‘sh mablag‘larni jalb etadi va shu yo‘l bilan o‘z resurslarini shakllantiradi. Jamlangan mablag‘lar aktiv operatsiyalarni amalga oshirish orqali ularga ehtiyoj sezuvchi firma va jismoniy shaxslar o‘rtasida joylashtiriladi.
Ixtisoslashgan kredit-moliya muassasalari bank-kredit institutlarining uchinchi guruhini tashkil etadi va o‘z faoliyatlarida xo‘jalik hayotining alohida soha va tarmoqlarini kreditlash bilan shug‘ullanishadi. Ularga investitsiya, pensiya fondlari, sug‘urta kompaniyalari, ipoteka banklari va ssuda jamg‘armalari kiradi. Ixtisoslashgan kredit tashkilotlari birgalikda depozit-chek emissiyasi, tijorat krediti, qisqa muddatli moliyalashtirish va boshqa amaliyotlarni olib boradilar.
Tartibga solishning pul-kredit dastagini yurgizishda yetakchi rol davlatning va mamlakat bank tizimining zimmasiga yuklatilgan. Tartibga solishning maqsadi, ko‘rsatkichlari va vositalari pul va pul-kredit siyosatlari doirasida amalga oshadi.
O‘zbekiston Respublikasi bank tizimi bugungi kunda 27 ta tijorat banklarini o‘zida birlashtirgan. Shundan eng yirik va milliy bank tizimining asosini tashkil etuvchi banklar davlat mulki asosida yoki davlat mulki ishtirokidagi banklar hisoblanadi. To‘liq davlat mulki asosida hozirda 3 ta bank faoliyat ko‘rsatib kelmoqda: O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, O‘zbekiston Respublikasi davlat-tijorat Xalq banki va «Asaka» davlat-aksiyadorlik tijorat banki. Shuningdek, davlat mulki ishtirokida 10 ta aksiyadorlik tijorat banklari mavjud: «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat ipoteka banki, «O‘zbekiston sanoat-qurilish» aksiyadorlik tijorat banki, «Agrobank» aksiyadorlik tijorat banki, «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik tijorat banki, «Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki, «Mikrokreditbank» aksiyadorlik-tijorat banki, «Aloqabank» aksiyadorlik tijorat banki, «Ipak Yo‘li» aksiyadorlik innovatsiya tijorat banki, «Kapitalbank» aksiyadorlik tijorat banki va «Asia Alliance Bank» aksiyadorlik tijorat banklari.
O‘zbekiston bank tizimida, shuningdek, bugungi kunda o‘z imkoniyatlarini oshirib borayotgan 8 ta xususiy va 5 ta chet el kapitali ishtirokidagi tijorat banklari faoliyat olib boradi.
To‘liq hajmda bank xizmatlari taklif etayotgan tijorat banklari bilan bir qatorda, mamlakatimizda xorijiy banklarning 6 ta vakolatxonasi o‘z faoliyatini yuritmoqda. Mamlakat bank tizimidagi banklarning filiallari respublikamizning barcha hududlarida yanada kengayib, 2017-yilning 1-yanvar holatiga ularning soni 855 taga yetdi. Bank muassasalarini aholi va ishlab chiqarish korxonalari hududlariga yanada yaqinlashtirish, bank xizmatlaridan foydalanish sharoitlarini yanada qulaylashtirish, shu jumladan, mijozlarga kommunal va boshqa to‘lovlarni to‘lashlari uchun yanada qulayliklar yaratish maqsadida tashkil etilgan mini-bank va maxsus kassalar soni 2016-yil yakuni bo‘yicha 4299 taga yetdi, shundan 2221 tasi qishloq joylarda joylashgan.
Bundan tashqari, bozorlar hududida naqd pul tushumlarini, bozor xizmatlari hamda boshqa to‘lovlarni qabul qiluvchi 537 ta maxsus kassalar, shuningdek. Aholidan kommunal va boshqa majburiy to‘lovlarni bevosita aholi yashash joylariga borib qabul qiluvchi 506 ta ixtisoslashtirilgan ko‘chma kassalar faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining umumiy kapitali hajmi 2017-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, 9353 mlrd. so‘mni, shuningdek, tijorat banklaridagi aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlari depozitlarining umumiy hajmi 44.6 trln. so‘mni tashkil etmoqda.
Banklarning resurs bazasini mustahkamlash, aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bo‘sh pul mablag‘larini jalb qilish maqsadida tijorat banklari tomonidan uzoq muddatli obligatsiyalar va depozit sertifikatlarining chiqarilishiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, tijorat banklarining muomalaga chiqarilgan qarz qimmatli qog‘ozlari hajmi 2017-yilning 1-yanvar holatiga 1054,1 mlrd. so‘mni, jumladan, muomaladagi uzoq muddatli obligatsiyalar 216,3 mlrd. so‘mni va depozit sertifikatlari miqdori 837,8 mlrd. so‘mni tashkil etmoqda.
Banklarning umumiy kapitali va depozitlar bazasining yanada mustahkamlanishi banklarning ichki manbalar hisobiga kreditlash va investitsiyalash imkoniyatlarini kengaytirish orqali mamlakat iqtisodiyotining yuqori sur’atlarda o‘sishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Xususan, tijorat banklarining jami aktivlari hajmi 2017-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, 80362 mlrd. so‘m, tijorat banklarining kredit qo‘yilmalari umumiy hajmi 53378,5 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Qayd etish lozimki, tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlarning 86,8 foizi ichki manbalar hisobidan moliyalashtirilmoqda. Bu esa tijorat banklarining hamda umuman, mamlakatimiz bank tizimining etarli darajada shakllangan resurs bazasiga ega ekanligidan va har qanday tashqi omillarning salbiy ta‘sirlaridan himoyalanganligidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |