Qisqacha xulosalar
1. Iqtisodiyotining samarali faoliyat ko‘rsatishida davlat, uning institutlari va tarkibiy tuzilmalari muhim rol o‘ynaydi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish har qanday hukumat uchun obyektiv zaruriyatdir. Davlat bevosita yoki bilvosita ravishda bozorlar faoliyatining muhim parametrlarini, alohida firma va tadbirkorlar faoliyatidagi iqtisodiy mo‘ljallarni belgilab beradi. Mamlakatda umumiy iqtisodiy makonni shakllantirish, ijtimoiy xavfli bo‘lgan faoliyatlarga cheklovlar o‘rnatish ham davlat tomonidan amalga oshiriladi.
2. Eng mukammal faoliyat ko‘rsatayotgan bozor mexanizmi ham jamiyat hayotida paydo bo‘layotgan barcha ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bartaraf eta olmaydi. Bozor mexanizmiga bo‘ysunmaydigan, uning ta’sir doirasidan tashqarida bo‘lgan jarayonlarni davlat boshqaradi, bir qancha ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimini davlat o‘z zimmasiga oladi.
3. Davlat ixtiyorida pul emissiyasi, pul-kredit va soliq-budjetni tartibga solish dastaklari; shaxsning huquq va erkinligini, mulkdorlar va xo‘jalik subyektlari huquqlarining kafolatlanishini ta’minlash; barqaror makroiqtisodiy holatni shakllantirish; umumiy maqsadlarda foydalanuvchi xizmatlarni va moddiy ne’matlarni yetkazib berishda minimal ijtimoiy standartlarni ta’minlash kabi ko‘plab vazifalar mavjud.
4. Iqtisodiyotni boshqarish, tartibga solish hamda iqtisodiy faoliyatni yo‘naltirishda moliya tizimi va moliya siyosatining o‘rni va ahamiyati alohida. Moliya tizimi moliya obyekti va subyekti, moliya munosabatlari, moliya mexanizmi, moliya siyosati hamda moliya institutlaridan iborat murakkab tizim hisoblanadi.
5. Davlat budjet va budjetdan tashqari pul fondlarini boshqarish uchun, shuningdek, moliya tizimi faoliyati samaradorligini ta’minlash maqsadida moliya siyosatini amalga oshiradi. Davlatning moliya bozorini tartibga solish borasida amalga oshiradigan xatti-harakatlari ham moliya siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
6. Bozor munosabatlari rivojlanib borgani sayin moliyaviy munosabatlar ham erkinlashib boradi. Bu milliy moliya bozorining xalqaro moliya bozoriga integratsiyalashuvini jadallashtiradi. Davlat ta’sirchan moliya siyosatini yuritishda budjet va soliq vositalaridan foydalanadi.
7. Davlat budjeti – bu davlat vazifalarini, mamlakat yoki tegishli ma’muriy-hududiy birlik iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida pul mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanishning asosiy moliyaviy rejasidir.
8. O‘zbekiston Respublikasida budjet siyosatining asosiy vazifalariga iqtisodiyotni inqirozlardan xoli etish; moliyaviy barqarorlikni ta’minlash; investitsion jarayonlarni rag‘batlantirish va iqtisodiyotda jamg‘arish ulushini oshirish; budjetning moddiy soha tarmoqlari korxonalariga ajratilayotgan dotatsiya shaklidagi unumsiz xarajatlarini kamaytirish; soliq to‘lash va soliq tizimini takomillashtirish va nazorat qilish orqali budjetning daromad bazasini mustahkamlash; davlat xarajatlarining samarali va maqsadli ishlatilishi ustidan faol moliyaviy nazorat o‘rnatuvchi tizimni yaratish kabilar kiradi.
9. O‘zbekiston Respublikasi budjet qurilmasi ham budjet tizimining yagonaligi, to‘laligi, haqqoniyligi, oshkoraliligi va unga kiruvchi ma’muriy-hududiy budjetlarning mustaqilligi tamoyillariga asoslanadi.
10. Davlat budjeti daromadlari va xarajatlarining tarkibi va dinamikasiga ko‘ra, mamlakat moliya-budjet tizimida yetarli barqarorlik darajasi saqlanib kelinmoqda.
11. O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi mamlakat soliq tizimining jahon talablariga mos ravishda faoliyat olib borishiga huquqiy asos yaratdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida amalda bo‘lgan barcha soliqlar umumdavlat va mahalliy soliqlar va yig‘imlarga ajratilgan.
12. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrining davlat soliq boshqarmalari, viloyatlarning davlat soliq boshqarmalari, shuningdek, tumanlar, shaharlar davlat soliq inspeksiyalari davlat soliq organlari deb belgilangan.
13. O‘zbekiston Respublikasi soliq tizimi soliq tizimini soddalashtirish, asosiy soliq stavkalarini pasaytirish va taklif etilayotgan imtiyozlarning samaradorligini oshirish orqali takomillashib bormoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |