Qisqacha xulosalar
1. Ilgari uddaburon kishi, ishning ko‘zini biladigan odam, hisob-kitobini puxta qiladigan inson kabi tavsiflar o‘rnini keyinchalik «biznesmen», «tadbirkor», «sohibkor», «fermer», tushunchalari egalladi. Chunki bozor islohotlari va mulkni davlat tasarrufidan chiqarish natijasida aholining yangi qatlami – tadbirkorlar shakllandi. Tadbirkorlarning ish yuritish, mahsulot ishlab chiqarish va uni ayirboshlash malakasi yuksaldi, qonun doirasida faoliyatni tashkil etish, ijtimoiy mas’uliyatni his etish va davlat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish ko‘nikmalari rivojlandi.
2. Ilgari tadbirkorlarning nufuzi aylanma mablag‘larni tez boshqarish, savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy xizmatlar sohalaridagi faoliyatini kengaytirish bilan belgilansa, bugungi kunga kelib biznes va tadbirkorlikning jamiyatdagi mavqeyi va nufuzi ishlab chiqarish sohalari – oziq-ovqat, to‘qimachilik, qurilish materiallari sanoati, qurilish, xususan, uy-joy qurilishi, yuqori texnologiyali axborot xizmatlari ko‘rsatish kabilardagi faoliyati bilan o‘lchanmoqda.
3. Tadbirkorlik faoliyati kishilarning tavakkal qilib, mulkiy javobgarlik asosida qonunchilik doirasida tashabbus bilan faoliyat ko‘rsatishi bo‘lib, uning asosiy maqsadi foyda yoki tadbirkorlik daromadini olishga qaratiladi. Tadbirkorlik har qanday yo‘llar bilan emas, balki yaratuvchanlik, tashabbuskorlik faoliyati orqali daromad olishni bildiradi.
4. Tadbirkorlik faoliyatining rivojlanishi uchun iqtisodiy faoliyatda erkinlik taqozo etiladi. Erkinlik bor joyda o‘z ishiga ijodiy yondashuv, tashabbuskorlik rivoj topadi. Kishilardagi xotirjamlik, ularning xavotir va tazyiqlardan xoli bo‘lishi ishbilarmonlikning yangi qirralarini yuzaga chiqaradi.
5. Kichik korxonalar maqomini belgilab beruvchi mezonlar sifatida korxonada band bo‘lgan ishchilar soni, tovar aylanmasi, aktivlar, kapitallar va foyda miqdori va boshqa statistik ko‘rsatkichlardan foydalaniladi. Biroq, ko‘p hollarda bitta ko‘rsatkich – korxonada band bo‘lgan ishchilar sonidan kelib chiqib, kichik korxonalar to‘g‘risida fikr yuritiladi.
6. Kichik biznes iqtisodiyotda muhim ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni bajaradi. Kichik biznes korxonalarining iqtisodiyotda tutgan o‘rni va roli uning bir qator afzalliklarida namoyon bo‘ladi.
7. Bugungi kunda O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishning me’yoriy-huquqiy asoslari yaratilgan. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tartibga soluvchi muhim me’yoriy-huquqiy hujjatlar jumlasiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Soliq va Xo‘jalik protsessual kodekslari, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda shu sohaga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari kiradi.
8. O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri iqtisodiyotda xususiy sektorni shakllantirish, mulkdorlar sinfini yaratish, kichik biznes subyektlari rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir. Bu sohada mamlakatimizda qator ijobiy natijalarga erishildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasiga davlat tomonidan katta e’tibor berilishi hamda qo‘llab-quvvatlanishi natijasida kichik biznes korxonalari soni 2000-yilda 99,4 mingtadan 2016-yilda 218,2 mingtaga yetdi.
9. O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatining kengayishi iqtisodiyotning boshqa soha va tarmoqlari ishlab chiqarish hajmidagi salmog‘ining oshishi orqali ham namoyon bo‘ldi. Kichik biznes subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ishtiroki ham tobora kengayib bormoqda. Kichik biznes subyektlarining asosiy eksport mahsulotlarini qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, ishlov beruvchi, elektrotexnik ishlab chiqarish mahsulotlari, xalq amaliy san’ati buyumlari tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |