Zarafshon o`lkasining yerusti tuzilishi bir xil emas. U sharqdan g`arbga tomon pasayib borsa, shimol hamda janubga tomon balandlashib, tog`larga tutashib ketadi.
Zarafshon vodiysi tektonik botiqda joylashib sharqdan g`arbga, janubi –g`arbga nishab: Samarqand atrofida balandligi 700 m bo’lsa, Kattaqo’rg`onda 450 m, Qorako’lda 197 m, Dengizko’l yaqinida 168 m.
Zarafshon vodiysi markazi tektonik botiqdan iborat. Zarafshon vodiysi goh kengayadi, goh torayadi. Kengaygan qismida Samarqand, Buxoro va Qorako`l vohalari, toraygan qismida Xazar va Qorako`l yo`lagi joylashgan.
Samarqand botig`ining eng keng yeri 70—80 km, uzunligi 220 km. Okean sathidan balandligi 350—905 m, tog`lar tomon balandlashib, shimolda Nurota – Oqtog`ga, janubda Qoratepa, Zirabuloq, Ziyovuddin tog`lariga tutashib ketadi. G`arbga torayib Xazar yo’lagi orqali Buxoro vohasidan ajralib turadi. Xazar yo’lagining shimolida Qiziltepa –Avtobach, janubida Azqamar balandliklari joylashgan (50–rasm).
Samarqand botig`i sharqdan g`arbga qarab pasaysa, markaziy qismi (Zarafshon daryosi o`zanidan) har ikki tomonga balandlashadi. Chunki bu qismida Zarafshon daryosining 4—5 ta ko`hna qayirlari joylashgan. Bu qayirlarning lyoss yotqiziqlari qalin bo`lgan yerlarida ko`plab jarlar vujudga kelgan.
Zarafshon vodiysi g`arbda kengayib, Buxoro vohasini hosil qiladi. Vohaning shimoli – g`arbini Qizilqum o`rab olgan. Vohaning janubi-sharqida joylashgan Qorako`l platosi uni Qorako`l vohasidan ajratadi. Bu yerda voha torayib, Qorako`l yo`lagini hosil qiladi. Buxoro vohasining uzunligi 102 km, kengligi 50—70 km li tekislik bo’lib, yer yuzasini ko`plab ariq va zovurlar, Zarafshon daryosining eski o`zanlari o`yib yuborgan.
50- rasm. Zarafshon vodiysi.
Buxoro vohasi janubi-g`arbga torayib, Qorako’l yo’lagini hosil qilib, Qorako’l vohasiga tutashib ketadi. Qorako’l vohasining uzunligi 100 km atrofida, eng keng yeri 45-50 km atrofida. Yer yuzasi tekis, lekin Amudaryo tomon nishab, Sandiqli qumligiga tutashib ketadi. Qorako’l vohasida Zarafshon daryosining qadimiy o’zanlari va kichik-kichik botiqlar mavjud bo’lib, ular zovur-tashlama suvlar to’planib, ko`pchiligi sho’r ko’llarga aylangan. Buxoro - Qorako’l vohalarining sharqida Quyimozor, Qaynog`ich, Qushtepa, Saritosh-Jarqoq kabi balandliklar joylashib, Qarshi cho’lidan ajralib turadi.
Zarafshon vodiysining shimolida Oqtog` joylashgan. Bu tog`ning shimolida esa Nurota-Qo`ytosh botig`i o`rnashgan. Bu botiqning o`rtacha balandligi 500—560 m bo`lib, uning shimolida Nurota tizmasi joylashgan. Nurota tizmasining o`rtacha balandligi 1500 m. Eng baland Hayotboshi (Zargar) cho`qqisi 2169 m. Nurota tizmasi sharqda Sangzor daryo vodiysi orqali Morguzar tog`idan ajralib turadi. Nurota, Qo`ytosh botig`ining janubida G`o`bdin, Qaroqchi, Oqtog`, Baxil tog`lar joylashgan (51-rasm).
Zarafshon vodiysining janubidagi Qoratepa, Zirabuloq, Ziyovuddin tog`lari bir-biridan Taxtaqoracha dovoni, Jom, Qarnob botiqlari orqali ajralib turadi.
Zarafshon vodiysi Turon plitasining bukilgan mintaqasida joylashib, ustini neogen va to’rtlamchi davr cho’kindi jinslari qoplab olgan. Bu hududda neogen davrigacha dengiz bo’lgan. So’nggi tektonik jarayon ta’sirida quruqlikka aylangan. So’ngra Zarafshon daryosi o’zanini chuqurlashtirib, qator qayirlar (terrasalar) hosil qilgan. Vodiyning atrofidagi tog`lar esa paleozoy erasining toshko’mir davrida sodir bo’lgan gersin burmalanishda vujudga kelgan.
Zarafshon tabiiy-geografik o`lkasining Buxoro va Qorako`l vohalari atrofida Jarqoq, Gazli, Qorovulbozor va boshqa gaz konlari topilgan. O’lkada yana marmar, oltin, volfram rudasi mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |