Tuproqlari, o‘simlik va hayvonot dunyosi. Tumanning sug‘oriladigan dehqonchilik mintaqasida joylashganligi, yer osti suvining rejimi undagi tuproqlarning tarkib topishida muhim o‘rin tutadi. Ammo, antropogen omil, ya’ni sun’iy sug‘orish ham bu yerdagi tuproqlarning vujudga kelishiga katta ta’sir etib, uning natijasida yer yuzasiga yiliga o‘rtacha 0,5-1,0 mm qalinliqdagi loyqali qatlam yotqiziladi. Shuning uchun tuman hududida irrigatsion gorizontning qalinligi 1—2 m, ba’zi qismlarida undan ham ortadi. Ana shu omil ta’sirda Zarafshon daryosining o‘ng qirg‘og‘idagi hududlarda yer osti suvlarining chetga oqib chiqib ketishi yaxshi va irrigatsion qatlam birmuncha qalin bo‘lgan bir sharoitda qadimdan sug‘orib kelinayotgan sho‘rlanmagan va kuchsiz sho‘rlangan o‘tloq va o‘tloq-taqir tuproqlari tarqalgan. Bu tuproqlar xo‘jalik nuqtai nazaridan juda qulay bo‘lib, ular chiqindi mikdori 2—2,5 % gacha va barcha qishloq xo‘jaligi ekinlaridan yuqori hosil olish mumkin. Pekin bunda zamonaviy agrotexnikani qo‘llash va almashlab ekishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish lozim.
Zarafshon daryosining chap qirg‘og‘idagi xo‘jaliklar hududida yer osti suvlarining yer betiga nisbatan yaqin joylashganligi sababli ularda o‘rtacha sho‘rlangan sug‘oriladigan yerlarning o‘tloq va o‘tloq-taqir tuproqlari tarqalgan. Bu tuproqlar ularning meliorati holatini yaxshilash uchun qo‘shimcha tadbirlarni talab etadi. Shuning uchun ham bu hududlarda zovur-drenaj tarmoqlari tumandagi boshqa hududlarga nisbatan zichroq joylashgan.
Tumanning o‘simlik qoplami aholining xo‘jalik faoliyati natijasida deyarli o‘zgartirib yuborilgan. Bu yerda ko‘proq madaniy o‘simliklar ustun. Ular qatoriga mahalliy o‘simlik dunyosiga xos bo‘lgan qayrag‘och, terak, tut va jiyda kabilar kiradi. Qishloqlarda yong‘oq, chinor, archa, oq akatsiya va zarang kabi daraxtlarni ham uchratish mumkin.
Tabiiy holdagi o‘simliklar kichik-kichik bo‘laklar tarzida Vobkentdaryo va Zarafshon daryosining adoqlarida uchraydi. Bular uncha katta bo‘lmagan maydonni egallaydigan to‘qay o‘simliklari yulg‘unzorlar va past bo‘yli o‘tlardan iborat.
O‘simlik dunyosi kabi tumandagi hayvonot olami ham aholining, xo‘jalik faoliyati natijasida mutloq o‘zgarishlarga uchragan. Chunki o‘simlik dunyosidagi o‘zgarishlar don va hashoratlar bilan oziqlanuvchi qush turlarining o‘zgarishiga olib keladi. Shuningdek, aholi turar joy binolarining zichligi ham bu yerdagi hayvonot dunyosining tur tarkibiga va yashash sharoitlariga ta’sir etadi. Jumladan, ularning ko’pgina vakillari (kalamush, sichqon, chumchuq) aholi xo‘jaligining tekinxo‘rlari”ga aylangan bo‘lsalar, ayrimlari kishilarning turar joyidan panoh sifatida foydalanishadi (musicha, qaldirg‘och, ko’rshapalak). Eski devorlar orasida esa kaltakesaklar ko‘plab uchraydi.Sug‘oriladigan yerlarda kemiruvchilar uchun yetarli yashash sharoiti bo’lmagani sababli tumanda tabiiy holdagi hayvonot dunyosi vakillarini faqatgina daryoning adoqlaridagina uchratish mumkin.Ular cho‘l mintaqasiga xos bo‘lgan yumronqoziq, qumsichqon, ko‘rsichqon, ishratikan va qumquyon, toshbaqa kabilardan iborat. Shuningdek, tumanda bedana, mayna, zag‘izg‘on, ko‘kqarg‘a, olaqarg‘a, oq va sariq «jiblajibon, sassiqpopushak, chug‘urchuq, qirg‘ovul kabi qushlar, suv bo’ylarida zog‘ora, laqqa, oq amur kabi baliqlarni uchratish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |