Dashnaobod daryosi - To‘palangdaryoning eng yirik irmog‘i- uning suv yig‘ilish maydoni 311 km2, suv yig‘ilish maydonining o‘rtacha balandligi 2263 m; o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi 6,02 m3/sek, o‘rtacha oqim moduli esa 19,4 l/sek. km2 ga teng. Suv yig‘ilish maydoni nisbatan past bo‘lganligidan Dashnobod daryosida maksimal suv sarfi ko‘pincha may oyida, minimal suv sarfi esa oktyabr-noyabr oylarida o‘tadi.
Qoratog‘daryo ( Uzunligi 95 km havzasining maydoni 682 km2) ham Hisor tizmasining janubiy yon bag‘ridan oqib tushadi. Qoratog‘daryoning ko’p yillik suv sarfi 23 m3/sek dan iborat. Qoratog‘ qishlog‘igacha, ya’ni tog‘lardan chiqish joyiga qadar daryo asosan V- simon tor vodiyda oqadi, faqat ayrim joylardagina vodiy 200-250 m ga yetadi. Vodiyning yon bag`irlari tik va baland. Ikki joyda daryo kengligi 60-100 m keladigan tangida oqadi. Daryo o‘zani turg‘un, hech qayerda tarmoqlarga ajralmagan; uning qirg‘oqlari tik va ko‘p joylarda vodiy yon bag‘irlari bilan tutashib ketgan. Vodiy kengaygan ayrim joylarni hisobga olmaganda, daryoning tog‘lardan chiqish yeriga qadar qayir uchramaydi. Qoratog‘ qishlog‘ida daryo tekislikka chiqadi, shu yerdan boshlab 8 km masofa davomida daryo vodiysi asta-sekin o‘zgarib V- simon shakldan yashiksimon shaklga kira boradi. Vodiyning kengligi Qoratog‘ qishlog‘i yonida 300 m, Oltinyaylov. qishlog‘i yonida va Zargar bilan Jonchekka qishloqlari oralig‘ida esa 3 km ga boradi. So‘ngra vodiy bir oz torayadi. Oqqo‘rg‘on qishlog‘idan daryoTo‘palangdaryo bilan qo‘shilgan yerga qadar vodiy kengligi o‘rtacha 500-600 m ni tashkil etadi. Tog‘lardan chiqish joyidai to quyilish yeriga qadar daryo eni 400-600 m keladigan ikki tomonlama qayirga ega.
Qoratog‘ bilan Oqqo‘rg‘on_ qishloqlari oralig‘ida (ayniqsa Oqqo‘rg‘onga yaqin joylarda) daryo yoyilib oqadi, uning o‘zani goh u qirg‘oqni, goh bu qirg‘oqni yuvib, qayir bo‘ylab “daydib” yuradi daryo o‘zani bir necha joyda tarmoqlarga ajralib ketgan. Oqqo‘rg‘on qishlogidan quyida o‘zan ancha tor bo‘lib, u Qadar tarmoqlanmagan. Balandlik jihatidan Qoratog‘daryoning suv yig‘ilish maydoni To‘palangdaryonikiga o‘xshashdir. Uning o‘rtacha balandligi 2560 m ga teng, 4000 m dan baland bo‘lgan joylar unda 24% ni, 3500 m dan baland bo‘lgan joylar esa 14,5% ni tashkil etadi. Shunga ko‘ra, Qoratog‘daryo va To‘palangdaryo to‘yinish harakteri oqimining yil ichida taqsimlanishi jihatidan bir-birlariga o‘xshaydi. Faqat shuni ko‘rsatib o‘tish zarurki, To‘palangdaryoning suv yig‘ilish maydoniga qaraganda.. Qoratog‘ daryosining suv yig‘ilish maydoni Surxondaryo vodiysi bo‘ylab esadigan havo massalariga ancha qulay va ochiq joylashgan, natijada unga ko‘proq yog‘in yog‘adi va To‘palangdaryo havzasidagi 122 ga nisbatan bu yerda qor chegarasi pastroqdan o‘tadi. Shu sababdan Qoratog‘daryoning nisbiy suvlilik darajasi oqim moduli ancha katta (33,3 l/sek. km2). Bundan tashqari, qor chegarasi past roqdai o‘tganligi va demak, abadiy qor va muzliklar nisbatan ko‘proq bo‘lganligi tufayli Qoratog‘daryoda yillik oqimning kattaroq qismi (32,2%) iyul-sentyabr davrida oqib o‘tadi, holbuki, To‘palangdaryoning bu davrdagi oqimi 28,6% ni tashkil etadi. Qoratogdaryoning oqimi yil davomida To‘palangdaryonikichalik bo‘lmasa ham, har holda ancha notekis taqsimlangan, bu daryoda oktyabr-fevral davomida yillik oqimning 11,3 foizi oqib o‘tadi. Bunga qisman daryo suv yig‘ilish maydonida otqindi tog‘ jinslarining eng tarqalganligi sabab bo‘ladi (bu jinslar daryo suv yig‘ilish maydonining 50 foizini tashkil etadi).
Tog‘lardan chiqish joyida (Qoratog‘ qishlog‘i yonida) Qoratog‘daryoning o‘rtacha yillik suv sarfi 15m3/sek (1957 yil) bilan 33 m3/sek (1934 yil) orasida o‘zgarib turadi, o‘rtacha hisobda esa 23 m3/sek. Eng katta maksimal suv sarfi 239 m3/sek minimal o‘rtacha oylik suv sarfi 2,70 m3/sek (noyabr, 1929 yil), eng kichik minimal suv sarfi esa 2,50 m3\sek (22/X1 1929 yi.p) bo‘lgan. Qoratog‘daryo har holda ancha loyqa daryodir. Uning oqiziqlar miqdori Qoratog‘ qishlog‘i yonida 6,28 kg/sek (yoki yiliga 198 ming tonna), suvining o‘rtacha loyqaligi esa 0,265 kg/m3. Shunday qilib, Qoratog‘daryoning har 1 km2 suv yig‘ilish maydonidan o‘rta hisobda yiliga 290 tonna oqiziq yuvib ketiladi.
Qoratog‘ daryosining Shirkent va Oqjarsoy kabi irmoqlari bor. Shirkent daryosining suv yig‘ilish maydoni 346 km2 bo‘lib, uning o‘rtacha balandligi 2384 m. Tog‘lardan chiqish joyida Shirkentning o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi 9,98 m3/sek, o‘rtacha oqim moduli esa 28,8 l/sek. km2 dan iborat. Bu daryoda maksimal suv sarfi asosan may oyida, minimal suv sarfi esa dekabr — yanvarda o‘tadi.
Qoratog‘ daryosining ikkinchi irmog‘i — Oqjarsoy kichkina va kamsuv daryodir; uning suv yig‘ilish maydoni 38 km2, suv yig‘ilish maydonining o‘rtacha balandligi 1840 m, o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi 0,60 m3/sek, o‘rtacha oqim moduli esa 15,8 l/sek. km2 dan iborat. Havzasi baland bo‘lmaganligi sababli bu daryo qor- yomg‘ir suvlaridan to‘yinadi, shuning uchun ham unda maksimal suv sarflari yomg‘irgarchilik serob bo‘lgan oylarda (mart, may yoki iyunda) o‘tadi. Surxondaryoning gidrografik ta’rifi (Umumiy uzunligi,196 km; Havzasining maydoni 13610 km2). Surxondaryo ta’riflab o‘tilgan To‘palangdaryo va Qoratog‘- daryoning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. U Boysun tog‘lari bilan Bobotog‘ oraligida eni 30 km ga yaqin bo‘lgan keng vodiyda oqadi. Surxondaryoning hozirgi vodiysi yon bag‘irlarida bir necha terrasa mavjud bo‘lganligi bilan harakterlidir. Daryoning hozirgi vaqtdagi qayirini lam hisobga qo‘shganda terrasalar soni 5 taga yetadi; ulardan uchtasi hamma joyda yaqqol ko‘rinadi, ikkitasi esa bilinar-bilinmas, hatto ayrim joylarda yemirilib, butunlay yo‘q bo‘lib ketgan.
Qayir ustidagi terrasa boshdan-oyoq, ayniqsa daryoning yuqori oqimida, botqoqlashib ketgan.Yuqori oqimida Surxondaryo bir necha tarmoqqa ajralib ket- gan egri-bugri o‘zanda oqadi, faqat qayir tor bo‘lgan joylardagina u yakka o‘zanda oqadi. O`rta qismida daryo ko‘proq yakka o‘zanda oqadi. Daryoning quyi oqimiga kelganda o‘zan yana bir qancha tarmoqlarga ajralib ketadi. Surxondaryoning o‘zani va uning qirg‘oqlari qadimgi yumshoq jinslardan tuzilgan, shuning uchun ham u doimo o‘zgarib turadi. Daryoning quyi oqimida o‘zan ayniqsa juda tez o‘zgarib turadi, uning qirg‘oqlari ko‘plab yuvilib va o‘pirilib tushadi, o‘zan yangidan-yangi orolchalar, sayoz va chuqur joylar, yangi tarmoqlar hosil qilib «daydib» yuradi.
To‘palangdaryo va Qoradaryo (shuningdek, ularning irmoqlari) tog‘lardan chiqqan zahoti suvlari sug‘orishga sarf bo‘ladi, ko‘plab o‘z yoyilmalari orasiga sizib ketadi va aksnicha, quyi oqimlarida bu daryolarning suvi grunt suvlarn hisobiga ancha ko‘payadi. Shu sabablarga ko‘ra may-sentyabr oylari davomida Surxondaryoda unga ozmi-ko‘pmi suv keltiradigan barcha daryolarning may-sentyabr davridagi suvlari yig‘indisiga nisbagan ancha kam miqdorda suv oqadi. Aksincha, Surxondaryoning sentyabr-aprel davridagi suv miqdori unga quyiladigan daryolarning shu davrdagi suv miqdori yig‘indisidan deyarli farq qilmaydi, hatto undan ortiqlik ham qiladi.
Surxondaryoning oqim rejimi quyidagicha: minimal suv sarflari sentyabr- oktyabr oylarida o‘tadi, shundan so‘ng suv to may oyiga qadar ortib boradi, may oyida eng ko‘payadi. Iyun oyida ham suv ko‘p va may oyidagi suvdan juda kam farq qiladi, biroq iyuldan boshlab suv «keskin kamayib ketadi, chunki Surxondaryoga quyiladigan daryolarning suvi iyulda sug‘orishga eng ko‘p sarf bo‘ladi. Malguzar qishlog‘i yonida yillik oqimning 65,2 foizi mart-iyun, 12,8 foizi iyul-sentyabr va 22 foizi oktyabr-fevral oylarida oqib o‘tadi. Surxondaryoning o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi uning yuqori oqimida (Qorovultepa qishlog‘i yonida) 70,2 m3/sek, quyi oqimida (Malguzar qishlog‘i yonida) esa 68,2 m3/sek. Qorovultepa bilan Malguzar qishloqlari orasida daryo suvining bir qismi sug‘orishga sarf bo‘ladi.Shunga qaramasdan, daryoning bu qishloqlar yonidagi suv sarflari o‘rtasida farq juda kam. uning asosiy sababi shundaki, daryo suvining sug‘orishga sarf bo‘lishi bilan bir qatorda bu yerda daryo o‘zaniga anchagina grunt suvlari kelib qo‘shiladi. Surxondaryoning maksimal suv sarfi uning o‘rtacha yillik suv sarfiga nisbatan juda ham katta bo‘lishi mumkin. Masalan, 1931 yil 29 aprelda Malguzar qishlog‘i yonida maksimal suv sarfi 700 m3/sek, Qorovultepa yonida esa 600 m’/sek bo‘lgan edi. Minimal o‘rtacha oylik suv sarfi Qorovultepa yonida 12-13 m3/sek ga, Malguzar yonida esa 0,1 m3/sek ga (1940 yil eentyabr) tushib ketadi. Ayrim kunlari daryo o‘zining quyi oqimida butunlay qurib qolishi ham mumkin, masalan, 1937 yil 24-26 iyul kunlari shunday bo‘lgan edi.
Bu holat shuni ko‘rsatadiki, Surxondaryoning suvi yuqori oqimida iloji boricha ko‘p miqdorda sug‘orishga olinadi. Biroq, shunga qaramasdan, har holda Surxondaryo oqimining 61foizi Amudaryoga borib quyilar ekan, bunga sabab daryodagi suv miqdorining yil davomida taqsimoti dehqonchilik uchun g‘oyat noqulayligidir. Hozirgi vaqtda Surxondaryoda Janubiy Surxon suv ombori qurilib bitkazildi. Bu suv ombori daryo oqimini tartibga solish va unda dehqonchilikda ko‘proq foydalanish uchun imkon yaratib beradi, albatta.
. Surxondaryo juda loyqa daryolardandir; uning yuqori oqimida (Qorovultepa yonida) suvning o‘rtacha loyqaligi 0,908 kg/m3 ga teng, Malguzar qishlog‘ida esa 2,90 k/m3, bu esa Qorovultepa yonidagiga nisbatan uch martadan ham ko‘proq ortiqdir. Demak, O`rta Osiyoning ko‘pchilik daryolarida bo‘lgani- dek, Surxondaryoda ham, oqiziqlar miqdori daryoning quyi oqimi tomon ortib boradi va suvining loyqaligi jihatidan Surxondaryo o‘zining quyi oqimida Amudaryodan kam farq qiladi. Oqiziqlarning o‘rtacha ko‘p yillik miqdori Qorovultepa yonida 62,8 kg/sek yoki yiliga 1978 ming tonna, Malguzar yonida esa 193 kg/sek yoki yiliga 6080 ming tonna.
Yuqorida aytib o‘tilganidek, Surxondaryo ikkita yirik irmoqqa ega. Ulardan birinchisi Sangardakdaryo - Surxondaryoning o‘ng irmog‘i. Hisor tizmasining janubi-g‘arbida Sangardakdaryo sharsharasi g‘arbiy yon bag‘ridan (3800 m) boshlanadi. Uzunligi 114 km, havzasining mayd. 948 km2. Suv yig‘ish maydoni 889 km2, o‘rtacha balandligi 2286 metr, ya’ni To‘palangdaryo va Qoratog‘daryolarnikidan ancha past. Shunga ko‘ra, Sangardak daryosining to‘yinishida baland tog‘ qorlarining hissasi juda kam. Bu hol To‘palangdaryo bilan Qoratogdaryolarnikiga nisbatan Sangardak daryosi oqimining yil ichida boshqacharoq taqsimlanishiga sabab bo‘ladi. Haqiqatan ham, Sangardak daryosida suv fevral oyidan ko‘paya boshlaydi, maksimal suv sarfi (44,2 m3/sek) o‘rta hisobda may oyida o‘tadi, iyundan boshlab to noyabrgacha suv kamaya boradi; noyabr- yanvar oylari davomida suv 4,38-4,04 m3/sek orasida bo‘ladi. Sangardak daryosining o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi 15,1 m3/sek, o‘rtagcha oqim moduli esa 17,0 l/sek. km2 ga teng. Surxondaryoning ikkinchi yirik irmog‘i Xo‘jaipok daryosidir. Bu daryoning suv yig‘ilish maydoni 794 km2 bo‘lib, u ancha past (o‘rtacha balandligi 1968 m). Shu sababdan, Xo‘jaipok daryosining absolyut suv miqdori katta emas, daryoning o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi atigi 6,39 m3/sek, o‘rtacha oqim moduli esa 8 l/sek. km2. Bundan tashqari, suv yig‘ilish maydoni baland bo‘lmaganligidan Xo‘jaipok daryosi qor-yomg‘ir suvlaridan to‘yinadi va unda kuchli sellar ham bo‘lib turadi. Masalan, 1930 yil 4 aprelda sel kelib, suv sathi taxminan 400 m3/sek ga yetgan. Umuman shuni aytib o‘tmoq zarurki, O`rta Osiyoning ko‘pchilik daryo havzalarida bo‘lganidek, Surxondaryo havzasining pastak tog‘lardan va baland tog‘larning o‘rta va ayniqsa pastki zonalaridan, tog etaklaridan suv oladigan daryolarida tez-tez sel bo‘lib turadi
Yuqori oqimida (Qizilsoy qo‘shilgunga qadar) Degikanora deb ataladi. Shu qismda daryo juda tor va yon bag‘irlari tik vodiydan oqadi. Sangardakdaryoga bir kancha katta-kichik soylar qo‘shiladi: o‘ng tomondan Qizilsoy (15 km), SHo‘rchiob (11 km) va Molongur (23 km); chap tomondan Xondiza (25 km) va Nilu (11 km). Sangardakdaryo asosan, mavsumiy qor va er osti suvlaridan to‘yinadi. Maksimal suv sarfi 44 m3/sek. (may oyida), noyababr — yanvarda 4,38—4,04 m3/sek. Sangardakdaryoning o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi 15 m3/sek., o‘rtacha oqim moduli 17,0 l/sek, km2. Daryo vodiysi Surxondaryo viloyatining xushmanzara joylaridan biri, sharsharalar bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |