Evrovalyuta depozit sertifikatlari – omonatchining depozitini va unga tegishli foizlarni olish huquqini tasdiqlovchi, evrovalyutada qo’yilgan pul mablag’lari to’g’risida banklarning yozma guvohnomalari. Evrobozorda bu kabi sertifikatlar amaliyotda keng qo’llaniladi. Bu kabi depozit sertifikatlarining muddati 30 kundan 3-5 yilgacha bo’lishi mumkin. Evrobanklar nominali 25 ming AQSh dollari va undan yuqori bo’lgan depozit sertifikatlarini qimmatli qog’ozlarning ikkilamchi bozorida sotish imkoniyatini taqdim etgan holda turli banklar va xususiy korxona yoki tashkilotlar o’rtasida joylashtiradilar. Muomaladagi muddatli depozit sertifikatlari, odatda brokerlarga sotiladi yoki innossament bo’yicha boshqa shaxsga o’tkaziladi. Depozit sertifikatlari evrobanklarda omonatlarni ko’paytirgan holda, ularning kreditlash imkoniyati oshiradi va evrobozorni kengayishini rag’batlantiradi. Evrovalyutadagi depozit sertifikatlari bo’yicha foiz stavkasi evrodollar depozitlariga nisbatan past bo’lsada, ularni ikkilamchi bozorda oson sotish mumkin. Evronotalar– suzuvchi foiz stavkadagi qisqa muddatli majburiyatlar hisoblanadi. 1980 yildan evronotalar bilan operatsiyalar amalga oshirib kelinmoqda. Ular ba’zan evrobank kafolati bilan turli kreditlash vositalariga ham almashtirilishi mumkin.
Evroobligatsiyalar va evronotalarni o’zaro bir biridan farq qiladi. Evroobligatsiyalar taqdim etuvchiga ko’rinishida, ya’ni nomi yozilmasdan chiqariladigan qimmatli qog’oz hisoblanadi va savdo tizimlarining depozitariylarida saqlanadi. Bunday nomi yozilmagan qimmatli qog’ozlar odatda rivojlanayotgan mamlakatlarga joylashtiriladi. Evroobligatsiyalarni chiqaradigan emitentlarga qulaylik yaratish maqsadida ularning ta’minoti uchun zahira shakllantirilmaydi. Evronotalar nomi yozilgan qimmatli qog’ozlar hisoblanadi va ular bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda emissiya qilinadi. Evroobligatsiyalardan farqli ravishda evronotalar ta’minoti uchun zaxira shakllantiriladi. Evropa ittifoqida bosqichma-bosqich yagona evropa fond bozori shakllangan bo’lib, bunda Evropa ittifoqida joriy etilgan quyidagi tamoyillar asosiy rol o’ynagan:
– bank faoliyatini unifikatsiyalashga ruxsat berish;
– o’zaro axborot almashinishini va tadbirkorlik faoliyatini erkinlashtirish;
– bozor ishtirokchilarni mamlakatlarga qarashliligi bo’yicha nazorat qilish;
– birjalararo axborot almashishning yagona tizimini yaratilishi.
Natijada, Evropa ittifoqidagi har qanday korxona ushbu hududda qimmatli qog’ozlarni erkin sotib olish yoki sotish, brokerlar esa mazkur hududda joylashgan birjalarda erkin faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo’ldilar. Shuningdek, hududdagi fond birjalarining kapitallashuv darajasi oshdi va qimmatli qog’ozlar bo’yicha birjadan tashqari savdolarda raqobat muhiti kuchaydi.