Aybsizlik prezumpsiyasi
JPK
23-modda
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas.
2.15. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchini
himoyalanish huquqi bilan ta’minlash prinsipi
“Ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta'minlanadi. Tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi”.
O’zbekiston Respubliksi Konstitutsiyasining
116-moddasi.
“Har bir kishining unga qo‘yilgan har qanday jinoiy ishi ko‘rib chiqilayotganda to‘liq tenglik asosida quyidagi kafolatlarga ega bo‘lish huquqi mavjud: O‘zi qatnashib sud qilinishi va o‘zini o‘zi yoki tanlab olingan oqlovchi vositasida himoya qilinishi; agar oqlovchisi bo‘lmasa unga ega bo‘lish huquqi borligi haqida xabardor qilinishi; odil sud manfaatlari talab etgan har qanday hollarda unga tayinlangan oqlovchiga ega bo‘lish, ushbu oqlovchiga to‘lash uchun yetarli mablag‘i bo‘lmagan barcha hollarda uning uchun oqlovchini tekinga berish”.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktining
14-moddasi 3-qismi “d” bandi.
Himoyalanish huquqi jinoyatga oid sud ishlarini yuritishda shaxs huquqlarining kafolatlari tizimida markaziy o‘rin egallaydi. Ushbu huquq nafaqat shaxs huquq va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini, balki odil sudlov manfaatlarini amalga oshirishning yuridik sharti sifatida xizmat qiladi. Himoyalanish huquqi mustaqil ijtimoiy-huquqiy ne'matdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi jinoiy javobgarlikka tortiladigan shaxslarda himoyalanish huquqining nafaqat mavjudligini e’lon qiladi, balki mazkur huquq ta’minlanganligiga urg‘u beradi. Jinoyatga oid sud ishlarini yuritishda himoyalanish instituti gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga taqdim etiladigan va ularga ishda taraf sifatida ishtirok etishga, jinoyat sodir etish yuzasidan ularga qo‘yilgan ayblov yoki gumonni rad qilishga, jinoyat sodir etishga aloqador emasligini isbotlashga, javobgarlikni yengillashtirish uchun harakat qilishga imkon beruvchi huquqlar kompleksi sifatida xizmat qiladi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 24-moddasiga muvofiq, gumon qilinuvchi va ayblanuvchining himoyalanish huquqi quyidagi qoidalardan iborat:
gumon qilinuvchi va ayblanuvchi o‘z huquqlarini shaxsan hamda o‘z vakolatlaridan to‘liq foydalanadigan himoyachi yordamida amalga oshirishlari;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarining mansabdor shaxslari har bir ayblanuvchi o‘zining himoyalanishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishi uchun tegishli sharoitlar yaratish bo‘yicha majburiyatlarini bajarishlari.
Gumon qilinuvchiga (ayblanuvchiga) taqdim etiladigan hamda o‘zining nimada ayblanayotganligini bilishga, o‘z tushuntirishlarini berishga, unga qo‘yilgan ayblovga nisbatan e’tiroz bildirishga, o‘z qonuniy manfaatlarini shaxsan himoya qilish bo‘yicha barcha huquqlardan foydalanishga imkon beruvchi protsessual vosita va huquqlar majmuasi jinoyat protsessida himoyalanish huquqi institutining asosini tashkil etadi.
Himoyalanish huquqi va uni amalga oshirishning kafolatlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir.
Amaliyotdan misol: Dastlabki tergov vaqtida ayblanuvchi Botirovni advokat Azizov himoya qilgan. Botirovning ishi sudga topshirilgandan keyin, u qarindoshlari orqali o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun boshqa advokat taklif qilishni iltimos qilgan. Sababi Botirov, advokat Azizovni himoya qilishni istamagan. Chunki tergovchi tomonidan taklif etilgan advokat shartnoma asosida emas, balki davlat tomonidan ayblanuvchiga advokat ta’minlangan. Sudda esa ayblanuvchi Batirovning huquqlarini himoya qilish uchun boshqa advokatni ishga taklif qilgan.
Qonun chiqaruvchi qo‘yilgan ayblovdan qonunda nazarda tutilgan barcha usul va vositalar orqali himoyalanish imkoniyatini ayblanuvchiga taminlash bo‘yicha majburiyatni jinoyat protsessini olib boruvchi davlat organlari va mansabdor shaxslarning zimmasiga yuklatadi. Ushbu barcha harakatlarni amalga oshirish huquqi gumon qilinuvchi va ayblanuvchida mavjudligi to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat ishini yuritishda ishtirok etuvchi shaxslarni ma’lum qilishga, yuqorida ko‘rsatilgan huquqlardan foydalanish tartibini tushuntirishga va ushbu huquqlarni to‘liq amalga oshirish imkoniyatini taminlashga majburdirlar (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 24-moddasi 2-qismi). Ushbu organlar ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlarni aniqlashga ham majburdirlar (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 22-moddasi).
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchi zimmasiga ko‘rsatuv berish hamda o‘z aybsizligini yoki ish bo‘yicha biror-bir holatni isbotlash majburiyatini yuklatish taqiqlanadi. Qonunga asosan bunday majburiyat jinoyat ishini yuritishga mas’ul davlat organlarining mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatilgan.
Shunday qilib, ayblanuvchining protsessual huquqlari tizimi hamda sud, surishtiruv, tergov va prokuratura organlarining ushbu huquqlarni amalga oshirish bo‘yicha haqiqiy imkoniyatlarni taminlash majburiyati birligida ayblanuvchini himoyalanish huquqi bilan taminlash prinsipi o‘zining eng chuqur va ta’sirli mazmunini topadi.
Ayblanuvchining (gumon qilinuvchi va sudlanuvchining) himoyalanish huquqi deganda, unga qo‘yilgan ayblovdan shaxsan yoki himoyachining yordamida himoyalanish imkoniyatini beruvchi protsessual huquqlarning butun majmui, butun komleksi tushunilishi lozim.
Ayblanuvchi (gumon qilinuvchi, sudlanuvchi) o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini shaxsan samaradorli himoya qilishga imkon beruvchi huquqlar kompleksiga ega. Ushbu maqsadda jinoiy javobgarlikka tortiladigan shaxslarga bir qator huquqlar taqdim etilgan: o‘zining nimada ayblanayotganligini bilish, ko‘rsatuv va tushuntirish berish, dalillar bilan tanishib chiqish va boshqalar (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 46-moddasi). Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud (sudya)ning protsessual harakati yoki qarori ustidan belgilangan tartibda shikoyat berish huquqining gumon qilinuvchi va ayblanuvchiga qonun bilan taqdim etilishi mazkur shaxslarni himoyalanish huquqi bilan taminlashning muhim elementlaridan biri hisoblanadi.
Amaldagi jinoyat-protsessual qonunchiligi bo‘yicha himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga bo‘lgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi (Jinoyat-protsessual kodeksining 49-moddasi 4-qismi). Ishda himoyachilar sifatida advokatlar ishtirok etishlari mumkin. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillaridan birining advokat bilan bir qatorda himoyachi sifatida ishtirok etishiga gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining iltimosnomasi bo‘yicha surishtiruvchining, tergovchining qarori yoki sud ajrimiga binoan yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Ishda ishtirok etish haqida bitim tuzilgan yoki tayinlangan vaqtidan boshlab advokat himoyachi vazifasini bajarishni rad etishga haqli emas (Jinoyat-protsessual kodeksining 53-moddasi 5-qismi).
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchiga, ularning iltimosidan qat’iy nazar, hattoki ularning xohishiga qaramay, himoyachi tayinlanishi shart bo‘lgan hollarning qonunda nazarda tutilganligi himoyalanish huquqining qo‘shimcha kafolati hisoblanadi. Ushbu hollar voyaga yetmaganlar, soqovlar, karlar, ko‘rlar va jismoniy nuqsoni yoki ruhiy kasalligi sababli o‘zini o‘zi himoya qilish huquqini amalga oshirishga qiynaladigan boshqa shaxslarga, shuningdek sudlov ishi olib borilayotgan tilni bilmaydigan shaxslarga oid. Bundan tashqari, jazo chorasi sifatida umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarning ishlari bo‘yicha, apellyatsiya, kassatsiya va nazorat instantsiyasi sudi tomonidan ko‘riladigan ishlarda ham himoyachi ishtirok etishi shart (Jinoyat-protsessual kodeksining 51-moddasi). Himoyachining majburiy ishtirok etishi uning kelishuvi yoki surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan tayinlanishi orqali ta’minlanishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining
487-moddasi mazmuniga asosan himoyalanish huquqining buzilishi sud ishni har tomonlama ko‘rib chiqishiga xalal bergan hamda qonuniy, asosli va adolatli hukm chiqarishga ta’sir qilgan yoki ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan taqdirda, jiddiy va sud hukmini bekor qilinishiga olib keladigan buzilish sifatida e’tirof etilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |