2.13. Haqiqatni aniqlash prinsipi
Mazkur prinsipning mazmuni shundan iboratki, sodir etilgan jinoyatni to‘la ochish, uni sodir etganlarning aybdorlik darajasini to‘g‘ri belgilash hamda aybdorga adolatli jazo tayinlash, jinoyatning sodir etilishi sabablari va unga imkon bergan sharoitlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish, aybi bo‘lmagan hech bir shaxsning javobgarlikka tortilishi va hukm qilinishining oldini olish maqsadida jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslar ishning barcha holatlarini to‘liq va xolisona aniqlashlari shart.
Ish bo‘yicha haqiqatni aniqlash uchun faqat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida nazarda tutilgan tartibda to‘plangan, tekshirilgan va baholangan ma’lumotlardan foydalanish mumkin. Gumon qilinuvchidan, ayblanuvchidan, sudlanuvchidan, jabrlanuvchidan, guvohdan va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslardan zo‘rlash, qo‘rqitish, huquqlarini cheklash va o‘zga noqonuniy choralar bilan ko‘rsatuvlar olishga harakat qilish man qilinadi.
Ishning isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlari sinchkovlik bilan har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalalarni hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va o‘rganilishi lozim. Bu holat ko‘rib o‘tilayotgan prinsip ishning barcha holatlarini va dalillarini tekshirishga qaratilganligini anglatadi. Ishning holatlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona tadqiq etishga oid talablar o‘zaro uzviy bog‘langan, ayni vaqtda ularning har biri mustaqil ahamiyatga ega.
Holatlarni har tomonlama tadqiq etish deganda, isbotlash faoliyati yo‘nalishini belgilaydigan, bir yoqlamalikni va subyektivlikni bartaraf etadigan hamda isbotlash to‘g‘ri borishini ta’minlaydigan barcha ehtimol bo‘lgan xolisona taxminlarni o‘z vaqtida tadqiq etish va sinchkovlik bilan dalillar to‘plash, tekshirish va baholash tushuniladi.
Holatlarni to‘liq tadqiq etish deganda, isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni aniqlash tushuniladi.
Holatlarni xolisona tadqiq etish deganda, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan isbotlash mazmuni bo‘lgan barcha holatlarni aniqlash uchun zarur dalillarni yig‘ishda, tekshirishda va baholashda har qanday yuzaki, shubhali fikr bo‘lmasligi tushuniladi. Sud tergovining biryoqlama olib borilganligi va to‘liq emasligi apellyatsiya, kassatsiya hamda nazorat tartibida hukmni bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Jinoyat sodir etganlikda ayblangan har bir inson himoya uchun barcha imkoniyatlar ta'minlangan holda, ochiq sud majlisi yo‘li bilan uning aybi qonuniy tartibda aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanishga haqlidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |