O’zbekiston Respubliksi Konstitutsiyasining 115-moddasi.
“Har bir kishi unga qo‘yilgan har qanday jinoiy ayblov sudda ko‘rib chiqilishida ish yuritilayotgan tilni tushunmaydigan yoki bu tilda gapira olmaydigan bo‘lsa, tarjimon yordamidan bepul foydalanishga haqlidir”.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktining 14-moddasi 3-qismi “f” bandi.
2.11. Jinoyat ishlari yuritiladigan til
Mazkur prinsip odil sudlovning eng asosiy prinsiplaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasida ham mustahkamlangan. Unga asosan O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi.
Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi.
Ko‘rib chiqilayotgan prinsip hayotning barcha sohalarida ta’minlanadigan fuqarolar millatidan qat’iy nazar teng huquqliligi va milliy tillardan foydalanishning davlat kafolatlaridan biridir. Uning asosiy qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida aks ettirilgan. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.
Mazkur prinsip O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 20-moddasida o‘z rivojini topgan. Ushbu prinsipga asosan jinoyat ishlarini yuritish ham o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda olib boriladi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 115-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 20-moddasi).
Taraflar sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmasligi ularning protsessda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmaydi: protsessda o‘z faoliyatini amalga oshirishda taraflarning har biri tarjimon xizmatidan foydalanishi mumkin. Ish yuritilayotgan tilni bilmaydigan yoki yetarli darajada tushunmaydigan protsess ishtirokchilariga o‘z ona tilida yoki o‘zi biladigan boshqa tilda og‘zaki yoki yozma arz qilish, ko‘rsatuv va tushuntirishlar berish, iltimosnoma va shikoyatlar bilan murojaat qilish, sudda so‘zlash huquqi ta’minlanadi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 20-moddasi).
Ko‘rib chiqilayotgan prinsipning amalga oshirilishi ish yuritilayotgan tilni bilmaydigan protsessda ishtirok etuvchi barcha shaxslarning huquqlarini va milliy manfaatlarini kafolatlaydi. Ushbu huquqlar mazmuni tushuntirib berilishi va ularni amalga oshirish imkoniyati ta’minlanishi lozim. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 20-moddasiga muvofiq, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga yoki protsessda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga taqdim etilishi lozim bo‘lgan tergov va sud hujjatlari ularning ona tiliga yoki ular biladigan boshqa tilga tarjima qilib berilishi lozim.
Agar shaxs sud ishlari yuritiladigan tilni bilmasa, ushbu shaxs ishtirokida o‘tkaziladigan barcha protsessual harakatlarga majburiy tartibda tarjimon jalb qilinadi. Tarjimonning protsessda ishtirok etishi nafaqat sud ishlari yuritiladigan tilni bilmaydigan shaxsning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlaydi, balki dalillarning qayd etilishiga ko‘maklashadi hamda so‘roq qilinuvchi taqdim etadigan yoki yozma hujjatlarda saqlanadigan ma’lumotlar tergovchi va sud tomonidan to‘liq hajmda olinishiga yordam beradi. Ish yuritayotgan shaxs qisqa muddat ichida ham tarjimon vazifalarini bajarishga haqli emas.
Ish yuritilayotgan tilni bilmaydigan gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga tarjimon yordamida ham o‘zining himoya huquqini amalga oshirish qiyin bo‘lganligini inobatga olib, dastlabki tergovda va ishni sudda ko‘rishda himoyachi ishtirok etishining zarurati qonunda belgilab qo‘yilgan (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 51-moddasi 3-bandi).
Sud ishlari yuritiladigan tilni bilmaganligi sababli gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki himoyachi huquqlarining har qanday cheklanishi, shuningdek mazkur shaxslarga protsessning har bir bosqichida ona tilidan foydalanish imkoniyati ta’minlanmaganligi jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi deb e’tirof etiladi va hukm bekor qilinishiga asos bo‘ladi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 487-moddasi). Sud ishlari yuritiladigan til prinsipi jinoyatga oid sud ishlarini yuritish tartibini fuqarolar uchun ochiq va tushunarli qiladi, protsessda ishtirok etuvchi shaxslarning, ularning millatidan qat’iy nazar, qonun va sud oldidagi tengligini kafolatlaydi, ish holatlarini har tomonlama, to‘liq va xolis o‘rganish uchun zarur sharoitlarni yaratadi, oshkoralik va protsessning boshqa prinsiplari amalga oshirilishini ta’minlaydi, manfaatdor shaxslarga o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qonun bilan taqdim etilgan vositalardan foydalanishda yordam beradi. Shuning uchun sud ishlari yuritiladigan til to‘g‘risidagi qoidalar buzilishi hukm va ish bo‘yicha qabul qilinadigan boshqa protsessual qarorlar bekor qilinishiga asos bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |