2.7. Odil sudlovni fuqarolarning qonun va sud oldida
tengligi asosida amalga oshirish prinsipi
“Barcha shaxslar sudlar va tribunallar oldida tengdir”.
Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 14-moddasi.
“O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasi.
“Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18, 46-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 16-moddasi odil sudlovni barcha shaxslarning qonun va sud oldida tengligi asosida amalga oshirish prinsipining huquqiy asosi sifatida xizmat qiladi. Mazkur prinsip Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 7-moddasiga ham asoslanadi. Xalqaro huquqning ushbu normasiga binoan barcha odamlar qonun oldida tengdir va hech bir tafovutsiz qonun bilan teng himoya qilinish huquqiga egadir.
O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e'tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun va sud oldida tengligi ko‘rib chiqilayotgan prinsipning mazmunini tashkil etadi. Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar ham qonun va sud oldida tengdirlar.
Mazkur prinsipning mazmunini quyidagicha belgilash mumkin: sudga murojaat qilgan va protsessda ishtirok etayotgan shaxsga ayrim imtiyozlar taqdim etish yoki uni kamsitish uchun uning mulkiy va mansab mavqei, jinsi, irqi va millati, ma’lumoti, tili, dinga nisbatan munosabati, turar joyi, e'tiqodi, jamoat birlashmalarda a’zo bo‘lishi yoki birorta boshqa holatlar asos bo‘lmaydi va protsessning yuritilishiga va yakuniga hech qanday ta’sir etmaydi. Ushbu talablar odil sudlovni amalga oshirishning barcha shakllariga tatbiq etiladi, chunki sud ishlarini yuritishning birorta sohasida qonun qoidalari fuqaroning huquqiy maqomini yuqorida ko‘rsatilgan belgilar bilan bog‘lamaydi.
Fuqarolarning qonun va sud oldidagi tengligi – bir-biri bilan aloqador bo‘lgan tushunchalar, biroq ularning har biri alohida mazmunga ega.
Fuqarolarning qonun oldidagi tengligi fuqaroning irqi va millati, ijtimoiy, mulkiy va mansab mavqeyi yoxud uning dini asosida ayrim imtiyozlarni yoki cheklovlarni o‘rnatmaydigan yagona moddiy va protsessual qonunlar mavjudligini anglatadi.
Fuqarolarning sud oldidagi tengligi sud ishlarining, sudlanuvchi va jabrlanuvchi, da’vogar va javobgar, protsessning boshqa ishtirokchilari irqi, millati va dini, ijtimoiy, mansab va mulkiy mavqeyidan qat’iy nazar, barcha fuqarolarga nisbatan va barcha sudlar tomonidan bir xil protsessual tartibida ko‘rib chiqilishini anglatadi. Shuningdek, mazkur qoida yuqorida ko‘rsatilgan belgilarga qarab o‘z faoliyatini amalga oshiradigan tabaqa, irqiy yoki boshqa maxsus sudlar davlatda tashkil etilishini taqiqlaydi.
Amaldagi qonunlarga rioya qilish hamma uchun majburiy bo‘lishi, shuningdek qonunlarni buzish uchun barcha shaxslar uchun teng javobgarlik belgilanishi fuqarolar qonun va sud oldidagi tengligining ifodasidir. Masalan, jinoyat sodir etgan shaxslar, egallab turgan lavozimi, shug‘ullanayotgan faoliyati va boshqa holatlardan qat’iy nazar, jinoiy javobgarlikka tortiladi va ularga nisbatan bir xil jinoyat qonuni amal qiladi.
Sudyalarni jinoiy javobgarlikka tortishning va tintuv o‘tkazishning (O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining
70-moddasi), O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputatlarini ushlab turishning va qamoqqa olishning (Konstitutsiyaning 88-moddasi) alohida tartibi mavjudligi, albatta, fuqarolarning qonun oldidagi tengligi prinsipi umumiy qoidalari doirasidan mazkur shaxslarni chiqaradi, chunki ushbu daxlsizlik kafolatlari yo‘qligida deputatlar va sudyalar o‘z vazifalarini tegishli ravishda bajara olmas edilar.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 1-moddasi 2-qismiga muvofiq, jinoyat ishlarini yuritishning qonunda belgilangan tartibi barcha sudlar, prokuratura, tergov, surishtiruv organlari uchun yagona hamda majburiydir. Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi ayblanuvchining jismoniy va psixologik xususiyatlaridan kelib chiqib sud ishlarini yuritishning differensiatsiyalangan tartibini belgilaydi va bunga qarab protsessual kafolatlarining har xil hajmini nazarda tutadi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 60 – 61-boblari). Sud ishlarini yuritishning mazkur differensiatsiyalanishi fuqarolarning qonun oldidagi tengligi prinsipidan ijobiy istisno hisoblanadi, chunki ushbu differensiatsiyalash xolis sabablarga asosan yuzaga kelgan va to‘liq asoslantirilgan. Xatti-harakatlari sud ishlarini yuritishning mazmunini tashkil etadigan shaxs o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun yetarli bo‘lgan protsessual huquq va kafolatlar bilan ta’minlanishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |