2.5. Sudyalarning mustaqilligi va ularning
“Har bir inson huquq va burchlarini belgilash va unga qo‘yilgan jinoiy aybning qanchalik darajada asosli ekanligini aniqlashi uchun to‘liq tenglik asosida uning ishi oshkora va adolat talablariga rioya qilingan holda mustaqil va xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqiga ega”.
Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining
10-moddasi.
“Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
112-moddasi.
faqat qonunga bo‘ysunishi prinsipi
Sudyalarning mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsip bo‘lib, demokratik huquqiy davlat barpo etilishini taminlash uchun zarur shart sifatida xizmat qiluvchi sudyalarning erkinligi va mustaqilligining kafolatlarini mustahkamlab qo‘ygan O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunida va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida (14-modda) o‘z rivojini topgan.
O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.
Mazkur qoida O‘zbekiston Respublikasida to‘laqonli sud hokimiyati o‘z faoliyatini amalga oshirishining asosiy shartlaridan va kafolatlaridan biri bo‘lib, ko‘rib chiqilayotgan prinsipning asosiy mazmunini tashkil etadi.
Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.
Sudya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudyalar Kengashi xulolasi olinmasdan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.
Sudya O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudyalar Oliy Kengashining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, ularda tintuv o‘tkazish yoki ulardan ashyoni olish, telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish, sudyani shaxsan ko‘zdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek uning xat-xabarlarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish yoki olishga faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyat, Toshkent shahar prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining ruxsati yoki sudning qarori bilan yo‘l qo‘yiladi.
Tuman (shahar) sudi, okrug va hududiy harbiy sud sudyasiga nisbatan jinoyat ishi yuqori turuvchi sud sudloviga, boshqa sudlar sudyalariga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudloviga tegishlidir.
Mustaqillik prinsipi sudda o‘z vazifalarini bajarayotgan davrda xalq maslahatchilariga ham tatbiq etiladi. Xalq maslahatchilarining mustaqilligi odil sudlovni amalga oshirishning qonunda nazarda tutilgan taomili, odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha faoliyatga biron-bir tarzda aralashish uchun aybdor shaxs qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishi, shunigdek xalq maslahatchisining daxlsizligi orqali ta’minlanadi. Sudda o‘z vazifalarini bajarayotgan davrda xalq maslahatchilariga sudyalar daxlsizligining barcha kafolatlari tatbiq etiladi.
O‘z faoliyatida sud dastlabki tergov organlari va yuqori turuvchi sud instansiyalari xulosalari bilan bog‘lanmagan. Sud tizimining turli bo‘g‘in sudlari o‘zaro munosabatlari sudyalarning mustaqilligi va ularning faqat qonunga bo‘ysunishi prinsipiga qat’iy rioya qilgan holda shakllanadi.
Sud odil sudlovning ifodasi, uning beg‘araz va xolis xizmatchisidir. Sudning faoliyati mustaqillik, faqat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va unga asosan qabul qilingan qonunlarga bo‘ysunish, oshkoralik va taraflarning tortishuvi, aybsizlik prezumpsiyasi va sud ishlarini yuritishning boshqa demokratik prinsiplariga asoslanadi.
O‘zbekiston Respublikasi sud tizimining zamonaviy tuzilmasi bevosita sud tizimining doirasida sudyalarning mustaqilligini taminlashga imkon yaratadi. Yuqori turuvchi sudlar quyi sudlarning faoliyatini boshqarishga, ular tomonidan sud ishlarini ko‘rish jarayoniga aralashishga haqli emas, sud ishini ko‘rish paytida har bir sudya to‘liq darajada erkin va mustaqil bo‘ladi. Yuqori turuvchi sud instansiyalari, apellyatsiya, kassatsiya yoki nazorat tartibida ishlarni ko‘rib chiqib, quyi sudlarining faoliyati ustidan nazoratni faqat protsessual jihatdan amalga oshiradi.
Sudyalarning mustaqilligi nafaqat ularni qonunda belgilangan tartibda sudyalikka saylash, tayinlash va sudyalikdan ozod qilish, ularning daxlsizligi, qaror chiqarish chog‘ida sudyalar maslahatining sir tutilishi va uni oshkor qilishni talab etishning taqiqlanishi (O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 67-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 456-moddasi) va boshqa protsessual kafolatlar orqali, balki umuman jamiyatimizning ijtimoiy va davlat tuzilishi orqali ta’minlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |