Guvoh va jabrlanuvchini so‘roq qilish. Kundalik nutqda “guvohlik qilmoq” iborasi o‘zi guvohi bo‘lgan holat xususida aytib bermoq, ma’lumot bermoq, bildirmoq ma’nolarini anglatadi. Buni inobatga olib, masalaga umumiyroq yondoshsak, muayyan voqelik haqida ma’lumot berishni guvohlik berish, deb atash mumkin.
Guvoh va jabrlanuvchini so‘roq qilishda ham so‘roq qilishning umumiy qoidalariga rioya qilinadi. Guvoh va jabrlanuvchini so‘roq qilish quyidagi xususiyatlari bilan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchini so‘roq qilishdan farqlanadi:
1. Ko‘rsatuv berish guvoh va jablanuvchining majburiyati hisoblanishi;
2. Qonunda guvoh va jablanuvchiga nisbatan o‘tkaziladigan tergov harakatida ularning manfaatlarini himoya qilishda advokat ishtirok etishi shart bo‘lgan holatlar belgilanmagan bo‘lsa-da, ularning o‘z advokati (guvohga nisbatan) yoki vakili (jabrlanuvchiga nisbatan) bilan birga hozir bo‘lsalar, ularni advokat yoki vakil ishtirokida so‘roq qilinadilar.
3. Jinoyat-protsessual qonun hujjatlarida guvoh yoki jabrlanuvchilar uchun hech qanday yoshga doir cheklashlar belgilanmagan. Amaliyotda kichik yoshdagi guvohlar (jabrlanuvchilar) ko‘rsatuvlaridan ham foydalaniladi.
4. Agar guvoh yoki jabrlanuvchi o‘n olti yoshga to‘lmagan bo‘lsa, ularni so‘roq qilish qonuniy vakili yoki katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedagog yoki jabrlanuvchining vakili ishtirokida ularning roziligi bilan o‘tkaziladi.
Jinoyat protsessi ishtirokchilari mavzusini esga oling: Shaxsni guvoh sifatida jalb qilish uchun hech qanday protsessual qaror yoki ajrim chiqarilmaydi, chaqiruv qog‘ozi, shaxsga guvoh sifatida ishtirok etishishi so‘rashning o‘zi kifoya.
Shaxsni jabrlanuvchi deb hisoblash uchun uni jabrlanuvchi, deb e’tirof etish to‘g‘risida qaror chiqarilgan bo‘lishi kerak.
|
Jinoyat-protsessual qonun normalari vujudga kelish va rivojlanish tarixini tahlil qilib, shunday xulosa qilish mumkinki, muayyan himoya huquqini taminlash maqsadida gumon qilinuvchi va ayblanuvchini so‘roq qilish tartibi ham umumiylik kasb etgan guvohlarni so‘roq qilish tartibidan ajralib chiqqan27. Jinoyat protsessida himoya huquqi ega bo‘lgan shaxslardan tashqari barcha shaxslar guvohni so‘roq qilish qoidalariga asoslanib so‘roq qilinadi. Masalan, ekspert, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, qonuniy vakillar v.h.
O‘zbekiston Respublikasi jinoyat-protsessual qonunchiligi bir jinoyat ishi yuzasidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi maqomida bo‘lgan shaxsning guvoh sifatida so‘roq qilinishiga yo‘l qo‘ymaydi. Sababi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoya huquqiga ega bo‘lgan shaxslardir. Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining va sudlanuvchining guvoh sifatida so‘roq qilinishi, ya’ni ko‘rsatuv berishning majburiy qilib qo‘yilishi o‘zlariga qarshi ko‘rsatuv berishga olib kelishi, yolg‘on ko‘rsatuvlarning berilishi va boshqa salbiy holatlarni keltirib chiqaradi.
Jinoyat-protsessual qonunchiligiga ko‘ra, nafaqat gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi, balki gumon ostiga olingan ya’ni kelgusida gumon qilinishi mumkinligini ochiq ko‘rinib qolgan shaxslar ham guvoh sifatida so‘roq qilinmaydilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2003-yil
19-dekabrdagi “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taminlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 17-sonli qarorining 8-bandida “Bu o‘rinda shuni nazarda tutish kerakki, shaxs Jinoyat-protsessual kodeksi 221-moddasida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra ushlangan hollarda, garchi qonunda bu haqda tegishli bayonnoma shaxs militsiya yoki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organga keltirilgandan so‘ng rasmiylashtirilishi belgilangan bo‘lsa-da, u amalda ushlangan (qo‘lga olingan) paytdan boshlab gumon qilinuvchi deb hisoblanadi28.
Aynan shu paytdan boshlab ushlab turilgan shaxs gumon qilinuvchiga berilgan barcha huquqlardan, shu jumladan, himoyachi olish huquqidan foydalanadi. Shu tufayli, bunday hollarda u guvoh sifatida so‘roq qilinishi, jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinganligi haqidagi qaror unga e’lon qilinmasdan hamda tegishli huquq va majburiyatlari tushuntirilmasdan turib, unga nisbatan tergov harakatlari olib borilishi mumkin emas.
Aybini bo‘yniga olish to‘g‘risidagi arz bilan tegishli davlat organiga murojaat qilgan shaxs ham shunday huquqiy holatga ega (Jinoyat-protsessual kodeksi 113-moddasi) deyilgan. Demak, mazkur shaxslar jinoyat protsessida gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchiga tegishli himoya huquqidan foydalanishlari uchun ham guvoh sifatida so‘roq qilinmaydilar.
Jinoyat protsessi qoidalariga ko‘ra shunday toifadagi shaxslar mavjudki, ularni guvoh sifatida so‘roq qilish mumkin emas, garchand ular ko‘rsatuv berish xohishini bildirsalarda. Ular quyidagicha:
1. Sudya va xalq maslahatchisi hukm va ajrim chiqarish jarayonida kelib chiqqan masalalarni maslahatxonada muhokama qilishga oid holatlar to‘g‘risida so‘roq qilib bo‘lmaydi. Sababi sudya va xalq maslahatchilari adolatli qaror qilishda keyinchalik ta’qib olinmasliklari, ularning qarorni qabul qilish vaqtidagi o‘ylari va maslahatlashuvda aytgan fikrlari boshqa shaxslarga tanishtirilmasligi kafolatlanadi.
2. Himoyachini, shuningdek jabrlanuvchining, fuqaroviy da’vogarning, fuqaroviy javobgarning vakili jinoyat ishi yuzasidan o‘z vazifalarini bajarishlari natijasida o‘zlariga ma’lum bo‘lgan holatlar to‘g‘risida so‘roq qilinishi mumkin emas. Jumladan, FPK 69-moddasiga ko‘ra fuqarolik ishida vakil sifatida ishirok etgan shaxsga ham ish bo‘yicha o‘ziga ma’lum holatlar xususida so‘roq qilinmasligi kafolatlanadi. Bunday qoidaning belgilanishidan maqsad, yuridik yordamni (xizmatni) amalga oshiruvchi shaxslarning o‘z vakilliklari yoki himoyalari ostida bo‘lgan shaxslarning manfaatlarni himoya qilish uchun qonunda taqiqlanmagan vositalardan erkin foydalanishlari, ularni yollagan shaxslarga esa o‘zlarining haqiqiy ahvollarini yashirmasdan maslahatlashish imkoniyatini kafolatlashdir.
3. Ruhiy yoki jismoniy nuqsoni sababli ish uchun ahamiyatli bo‘lgan holatni to‘g‘ri idrok etish va bu haqda ko‘rsatuv bera olish layoqatiga ega bo‘lmagan shaxsni so‘roq qilish mumkin emas. Ular garchand jinoyat ishi uchun ahamiyatli holatlar xususida ma’lumot taqdim qila olsalar-da, ularning bergan ko‘rsatuvlari shubhadan xoli bo‘lmaydi.
Shunday holatlar mavjudki, so‘roq qilinayotgan shaxs o‘zining xohishiga ko‘ra so‘roq qilinadi. Bular quyidagicha:
1. Har qanday “o‘ziga qarshi ko‘rsatuv bermaslik” huquqiga ega shaxs (Jinoyat-protsessual kodeksi 66-moddasi 1-qismi);
2. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga taalluqli bo‘lgan holatlar haqida guvoh yoki jabrlanuvchi sifatida faqat o‘zlarining roziliklari bilan so‘roq qilinishlari mumkin (Jinoyat-protsessual kodeksi 116-modda);
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yaqin qarindoshlari deganda, uning ota-onasi, aka-ukasi va opa-singillari, eri (xotini), farzandlari (farzandlikka olinganlar), nevaralari, shuningdek er (xotin)ining ota-onasi, aka-ukasi va opa-singillari nazarda tutiladi (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2003-yil 19-dekabrdagi “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan taminlashga oid qonunlarni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 17-sonli qarorining29 11-bandi to‘rtinchi xatboshisi);
3. Diplomatik daxlsizlik huquqiga ega shaxslar toifasi mavjudki, ular ixtiyoriy guvohlik beradilar (Diplomatik aloqalar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi, 1963-yilgi Konsullik aloqalari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi);
Yana bir toifadagi shaxslar bo‘lib, ularni surishtiruv, tergov va sudda ishtirok etish uchun chaqirtirish va ularning tergov harakatlariga ishtiroki jumladan, ko‘rsatuv berishlari ixtiyoriylik kasb etadi. Bu toifadagi shaxslar fuqaroligidan qat’iy nazar, xorijda bo‘lgan guvoh, jabrlanuvchi, ekspert, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ularning vakillari hisoblanadi (bu masala “Jinoyat sudlov ishlarini yuritishda xalqaro hamkorlik” mavzusida batafsil yoritiladi).
Yuridik adabiyotlarda shaxslarning ko‘rsatuv berish majburiyatidan to‘liq yoki qisman ozod qilinishi “guvohlik immuniteti” deb ham yuritiladi.
|
O‘n olti yoshga to‘lgan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishda ularning shaxsi aniqlangandan va unga protsessual huquq hamda majburiyatlari tushuntirilgandan keyin u ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun Jinoyat kodeksining 238-, va 240-moddalari bilan javobgarlik haqida ogohlantiriladilar. Bunday ogohlantiruv haqida so‘roq bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasiga yozib qo‘yiladi.
Gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yaqin qarindoshlari ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilmaydilar.
O‘n olti yoshga to‘lmagan guvoh yoki jabrlanuvchilar esa, ko‘rsatuv berishdan bosh tortganlik va bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirilmaydilar va sudda ham guvohlik qasamyod qilmaydilar. Ulardan ko‘rsatuv berishda mas’uliyatlarini anglatish va oshirish maqsadida jinoyatni ochish maqsadida haqqoniy ko‘rsatuv berishlari ularning ma’naviy burchlari ekanligini tushuntiriladi.
Guvoh va jabrlanuvchi guvohlik immunitetiga ega bo‘lmasa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud tomonidan aniqlanayotgan holatlar o‘zida davlat sirlarini yoki kasb sirini yoxud gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoxud boshqa shaxslar hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettirganligini bahona qilib, ko‘rsatuv berishdan bosh tortishga haqli emas, ish uchun ahamiyatli holatlar xususida bilganlarini ma’lum qilishlari shart.
Aniqlanishi lozim bo‘lgan holatlar o‘zida davlat sirini yoki kasb sirini aks ettiradi yoxud shaxslar hayotining sir tutiladigan tomonlariga tegishli deb hisoblash uchun asos bo‘lganda, surishtiruvchi, tergovchi va sud guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilish chog‘ida bu holatlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini (ya’ni tergovning sir tutilishi, ayrim ishtirokchilardan oshkor qilmaslik haqida tilxat olinishi, xolislarga qo‘yilgan talablarga rioya qilish, sudning yopiq yuritilishi v.h.) ko‘rishi shart.
Guvoh va jabrlanuvchi ko‘rsatuvlarni to‘g‘ri baholash uchun ularning boshqa ishtirokchilar bilan munosabatlari (aloqalari) haqida so‘raladi. Shu maqsadda, protsessual majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilganidan keyin jabrlanuvchi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar bilan o‘zaro munosabatlari, guvoh to‘g‘risidagi savollarga javob beradi. Guvoh ham shunday savollar bilan birgalikda jabrlanuvchi bilan o‘zaro munosabatlari to‘g‘risidagi savollarga javob beradi.
Ba’zida guvoh va jabrlanuvchini kechiktirmasdan so‘roq qilish talab qilinadi. Shuningdek, tergov harakatida ishtirok etish uchun chaqirtirilgan shaxsning ortiqcha vaqtini olmaslik uchun jinoyat-protsessual qonunchiligiga ko‘ra, tergov olib borilayotgan joyda yoki sudda bo‘lgan guvoh yoki jabrlanuvchi ko‘rsatuv berishga xohish bildirsa, ular qoida tariqasida o‘sha kunning o‘zida yoki keyingi kundan kechiktirmay so‘roq qilinishi kerak.
Guvoh yoki jabrlanuvchining ko‘rsatuv berishga xohishi to‘g‘risidagi xabar tergovchi yoki sudga pochta orqali kelsa, unga so‘roq o‘tkaziladigan joy va vaqt to‘g‘risida darhol xabar qilinadi va u kelishi bilanoq so‘roq o‘tkaziladi (O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 120-modda).
Do'stlaringiz bilan baham: |