7.5. Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati
(Muallif - A.R.Matmurotov)
Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatini o‘tkazish asoslari. Jinoyat-protsessual kodeksining 125-moddasiga ko‘ra tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining biror shaxs yoki narsa to‘g‘risidagi ko‘rsatuvini tekshirib ko‘rish maqsadida bu ko‘rsatuv muayyan bir shaxs yoki muayyan bir narsaga oid ekanligini aniqlash zarur bo‘lganda yoxud surishtiruvchi, tergovchi yoki sudga ma’lum bo‘lgan ko‘plab shaxs yoki narsalar orasidan ko‘rsatuvda tasvirlab berilgan shaxs yoki narsani topish zarur bo‘lgan hollarda amalga oshiriladi.
Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatida tanib oluvchi sifatida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi ishtirok etishi mumkin. O‘z navbatida yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar tanib olinuvchilar sifatida ham ishtirok etishlari mumkin.
Guvoh va jabrlanuvchi tanib olishdan oldin yolg‘on ko‘rsatuv bersa, shuningdek ko‘rsatuv berishdan bo‘yin tovlasa, Jinoyat kodeksining
238–240-moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantiriladi. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilar esa tanib olishdan oldin yolg‘on ko‘rsatuv bersa, shuningdek ko‘rsatuv berishdan bo‘yin tovlasa, Jinoyat kodeksining 238–240-moddalari bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida ogohlantirilmaydi.
Amaliyotdan misol: Fuqaro B.Fatxullayev, N.G‘iyosov va K.Latipovlar tomonidan Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan “BUDUR” nomli kafeda bo‘la turib fuqaro T.Bo‘riyevga tegishli bo‘lgan “iPhone 5” rusumli uyali aloqa telefonini o‘g‘irlashadi. Ushbu holat yuzasidan T.Bo‘riyev Chilonzor IIBga shikoyat bilan murojaat qildi.
Chilonzor IIB TB tergovchisi ushbu holat yuzasidan jinoyat ishini qo‘zg‘atib, gumon qilinuvchi B.Fatxullayev, N.G‘iyosov va K.Latipovlardan olingan “iPhone 5” rusumli uyali aloqa telefonini tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatini o‘tkazish lozim degan xulosaga keldi.
Oq rangli 3 ta “iPhone 5” rusumli uyali aloqa telefonini jabrlanuvchi T.Bo‘riyevga tanib olish uchun ko‘rsatildi. Chilonzor IIB TB tergovchisi xolislar ishtirokida tanib olish uchun ko‘rsatish bayonnomasini tuzib, tanib olinuvchilarning orasidan o‘ziga tegishli “iPhone 5” rusumli uyali aloqa telefonini ko‘rsatganligini qayd etiladi.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, shunindek, jinoyat qurollari, jasadlar va ularning qismlari, hayvonlar, binolar va boshqa ko‘chmas obyektlar tanib olish uchun taqdim etilishi, ya’ni bular tanib olish obyektlari bo‘lishi mumkin. Tanib olishning subyekti bo‘lib esa, tanib olishni amalga oshirayotgan shaxs, ayni paytda guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi ham ishtirok etadi. Shuni ham unutmaslik lozimki, tanib olish jarayonidan oldin tanib oluvchi shaxs ushbu obyekt, uning belgilari bo‘yicha to‘la ravishda, batafsil so‘roq qilinishi lozim.
Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakatini o‘tkazish tartibi va turlari. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 126-moddasiga ko‘ra tanib oluvchi tanib olish lozim bo‘lgan shaxs yoki narsaning belgilari, alomatlari, xususiyatlari to‘g‘risida oldindan so‘roq qilinishi lozimligi belgilangan.
Tanib oluvchi shaxs tergovchi tomonidan tanib olinishi lozim bo‘lgan shaxs yoki predmet haqida batafsil so‘roq qilingan bo‘lishi, ularning alohida belgilari haqida ko‘rsatuvlari olingan bo‘lishi kerak. Obyekt aynan ilgari bergan ko‘rsatuvlarida qayd etgan belgilari orqali tanib olinadi. Tanib oluvchi shaxs tanib olinishi kerak bo‘lgan shaxsning o‘ziga xos alohida belgilarini aniq ko‘rsatib berishi kerak.
Tanib olish uchun ko‘rsatish tergov harakati tanib olish obyektiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |