Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini (sudlanuvchini) so‘roq qilish
Jinoyat protsessi ishtirokchilari mavzusini esga oling: Shaxsni rasman gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi deb hisoblash uchun ularni ishtirok etishga jalb qilish to‘g‘risida qaror chiqarilgan bo‘lishi kerak.
|
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarni so‘roq qilishda ham yuqorida bayon qilingan so‘roq qilishning umumiy qoidalari qo‘llaniladi. Bulardan tashqari, yana o‘ziga xoslik kasb etadi. Quyida shular xususida to‘xtalamiz.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining manfaatlarini taminlash maqsadida ularni so‘roq qilish muddalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Quyidagi holatlarda gumon qilinuvchi va ayblanuvchiga so‘roq qilish darhol, uzog‘i bilan yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay ko‘rsatuv berishga imkoniyat yaratilib berilishi kerak:
1) ular ushlanganda yoki qamoqqa olinganda huquqni muhofaza qilish organiga olib kelingan paytdan boshlab;
2) so‘roq qilish uchun chaqirilgan yoki majburiy keltirilganda hozir bo‘lgan paytdan boshlab.
Mazkur qoidani nazarda tutuvchi Jinoyat-protsessual kodeksi
110-moddasidagi “so‘roq qilinishi kerak” iborasining qo‘llanilganligi gumon qilinuvchi va ayblanuvchining so‘roq qilish tergov harakatida ishtirok etishiga majburligini anglatmaydi. Yuqoridagi holatlar yuz berganidan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud gumon qilinuvchi va ayblanuvchidan ko‘rsatuv berish xohishi borligini so‘rashlari va ko‘rsatuv berish imkoniyatini yaratish, ya’ni xohishlari bo‘lganida so‘roq qilishga kirishishlari lozimligini anglatadi.
Ayblanuvchi (sudlanuvchi) jinoyat protsessining eng asosiy ishtirokchilaridan bo‘lganligi, unga himoyalanish huquqi berilganligi bois sud tergovi paytida sudlanuvchiga istagan vaqtida ko‘rsatuv berish huquqi sudya tomonidan ta’minlanishi shart. Agar sudlanuvchi biror sud harakati o‘tkazilayotgan paytda ko‘rsatuv berish to‘g‘risida istak bildirsa, sud unga shu harakatlar tugashi bilanoq ko‘rsatuv berish uchun imkoniyat yaratadi.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini birinchi marotaba so‘roq qilish o‘zining amalga oshirish vaqti va tartibiga xos qoidalar nihoyatda ehtiyotkorlikni talab qiladi. Chunki surishtiruv va tergov organlari xodimlari tomonidan bu qoidalarga rioya qilmaslik himoya huquqining buzilishini anglatadi.
Qonunda shaxsga gumon yoki ayblov e’lon qilinganidan keyin qanday muddat ichida so‘roq qilish lozimligi masalasi aniq tartibga solinmagan bo‘lsa-da, bu holat O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 110-moddasi birinchi qismidagi qoida bilan tartibga solinadi. Bu boradagi tergov an’analari to‘g‘ri shakllangan. Aksariyat jinoyat ishlarida gumon yoki ayb e’lon qilingan, shuningdek ayblov o‘zgartirilgan zahoti gumon qilinuvchi yoinki ayblanuvchini so‘roq qilish tergov harakati o‘tkaziladi.
Gumon qilinuvchini va ayblanuvchini birinchi marta so‘roq qilishdan oldin surishtiruvchi, tergovchi quyidagi harakatlar ketma-ketligini amalga oshiradi:
1) so‘roq qilishning umumiy qoidalariga muvofiq so‘roq qilinuvchini chaqirishi, uning shaxsini va qaysi tilda ko‘rsatuv berishi mumkinligini aniqlaydi;
2) gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga Jinoyat-protsessual kodeksining 46 va 48-moddalarida nazarda tutilgan protsessual huquq va majburiyatlarini tushuntiradi;
3) so‘roq qilishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi shartnoma tuzgan himoyachining yoxud himoyachi ishtirok etishi shart bo‘lgan hollarda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi shartnoma tuzishga ulgurmagan yoki tuza olmagan bo‘lsa, boshqa himoyachining so‘roqda ishtirok etishini ta’minlaydi;
4) gumon qilinuvchiga uning qanday jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganligini, ayblanuvchiga esa ayblanganligini e’lon qiladi, ya’ni gumon yoki ayblovni e’lon qiladi;25
5) gumon qilinuvchiga yoki ayblanuvchiga ularning jalb qilinganligi to‘g‘risidagi qaror nusxalarni (qaytarib olmaslik sharti bilan) taqdim qiladi;
6) surishtiruvchi, tergovchi ayblanuvchini birinchi marta so‘roq qilishdan oldin u o‘zini aybli hisoblashi-hisoblamasligini yoki o‘z aybini to‘la yoxud qisman rad etishi yoki etmasligini aniqlaydi;
Ushbu harakatlar amalga oshirilganidan so‘ng, so‘roq qilishga kirishadi.
So‘roq qilish ikki qismdan: a) erkin so‘zlab berish (Jinoyat-protsessual kodeksi 101-modda) va b.) savol-javob qismlaridan iborat bo‘ladi.
Bularning hammasi so‘roq qilish bayonnomasida, sudda esa, sud majlisi bayonnomasida qayd qilinadi.
So‘roq qilishda shaxslarning nimalar xususida bayon qilganligi hali isbot qilinganligini anglatmaydi. Unga surishtiruv, tergov organlari va sud tomonidan bildirilgan munosabat ham ahamiyatlidir (Bu “Dalillar va isbot qilish” mavzusida dalillarga baho berish deb e’tirof etilgan edi).
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining ko‘rsatuvlari guvohlar va boshqa shaxslarning ko‘rsatuvlaridan tubdan farq qiladi. Ayblanuvchi o‘ziga nisbatan qo‘yilgan ayblov bo‘yicha ko‘rsatuvlar berar ekan, uning ko‘rsatuvlarida bayon qilingan fikrlar chalg‘itish ruhida bo‘lishi mumkinligini nazardan chetda qoldirmaslik lozim.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchining ko‘rsatuvlari e’lon qilingan ayblovga nisbatan ikki xil mazmunda bo‘ladi. Bular 1) ayblovni (gumonni) rad etuvchi ko‘rsatuvlar va 2) iqrorlik mazmunidagi ko‘rsatuvlar.
Ayblovni (gumonni) rad etuvchi ko‘rsatuvlar gumon qilinuvchi va ayblanuvchining huquqidan kelib chiqadi.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini so‘roq qilish ayblanuvchidan jinoyat ishi bo‘yicha isbotlashning vositalaridan biri bo‘lmish ko‘rsatuvlar olish usuli bo‘lish bilan bir qatorda ularning ayblovdan (gumondan) himoyalanishning eng ta’sirchan va aniq vositasi hisoblanadi.
Gumon qilinuvchi va ayblanuvchi himoya huquqining subyektlari bo‘lganlari uchun ko‘rsatuv berish ularning huquqi hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |