Mavzu: (O‘zbek xalq ertagi) BIRLASHGAN O‘ZAR
REJA
BIRLASHGAN O‘ZAR ertagi
Xulosa
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir bek bo‘lgan ekan. Uning
ziyrak, vafodor dumdaroz tozisi bo‘lgan ekan. Tozi har kuni
bekka ikki-uchta quyon, yovvoyi tovuq tutib berar, hovlisini
qo‘riqlarkan. Bek bilan xotini undan juda ham rozi ekanlar. Bir
kuni dumdaroz tozi ov qilgani qamishzorga kirib ketibdi. U yerda
ochligidan holdan toyib yotgan laychani ko‘ribdi-yu:
—E, yalqov laycha, ag‘anab yotaverasanmi? Yur men bilan.
Xo‘jayinim menga issiqqina in qurib bergan. Ovqat yeydigan yaloq
qo‘ygan. Qish kunlari borib, sandalning poygak tomonida isinaman,
xo‘jayinim indamaydi. Juda yaxshi odam, — debdi. Laycha rozi
bo‘lib, tozi bilan birga boribdi. Bek ham xizmatkorning ikkita
bo‘lganidan xursand bo‘lib, ularga ovqat beribdi. Shunday qilib,
tozi bilan laycha issiqqina uychada yashayveribdilar.
Kunlarning birida ikkalasi ov qilgani o‘rmonga borsalar,
cho‘zilib yotgan shoqolni ko‘rib qolibdilar. Shoqol qo‘rqib ketibdi.
Tozi bilan laycha: „Qo‘rqma, yuraging yorilmasin, nimaga
yotibsan?“, — deyishibdi.
— Yegulik narsa yo‘q, ochman, madorim quriyapti, — debdi
shoqol.
— Undoq bo‘lsa bizlar bilan yur. Bek xo‘jayinimiz bor, o‘zi
ko‘p yaxshi odam. Ov qilib beramiz, xotini ovqat pishirib beradi,
— debdi tozi.
Ana endi uchalasi har kuni beshta-oltitadan yovvoyi tovuq,
quyon, kaklik, bulduruq tutib kelaverishibdi. Bekning xotini
bo‘lsa, yegulik pishiraveribdi.
Bir necha kundan keyin ular ovga borib, o‘rmonda sher bilan
yo‘lbarsga duch kelibdilar.
— Bizlarga sherik bo‘linglar, birga ov qilamiz, birlashishning
xosiyati ko‘p bo‘ladi, — deyishibdi sher bilan yo‘lbarsga it va shoqol.
Sher bilan yo‘lbars ham o‘ylab ko‘rib, rozi bo‘libdilar. Xullas,
beshovlari bekning xizmatini qilaveribdilar. Ov o‘ljasi ham
ko‘payaveribdi, bekning xotini ham jonivorlarga yaxshi qarayveribdi.
Gapning qolganini bu yoqdan eshiting. Kuni bitib, bekning
xotini qazo qilibdi. Xo‘jayin g‘am-anduhga giriftor bo‘libdi. Tozi
dumdaroz, laycha, shoqol hamda yo‘lbars, sher maslahatni bir
yerga qo‘yib, bekni uylantirmoqchi bo‘libdilar. Tozi maslahatboshi
bo‘lib, shoqolga uqtiribdi:
— Shaharga borasan, hindi savdogarning do‘konini teshib
kirasan, sher ham sen bilan borib, atrofni poylab tursin. Kelinga
lozim bo‘lgan zarrin, kimxob, shoyilarni olib chiqib yuklaysan,
sher olib keladi.
Bu maslahatni og‘aynilar ma’qullabdilar. Shoqol bilan sher
shaharga boribdilar. Hindining do‘konini teshib kirib, qimmatbaho,
asl narsalarni olib kelibdilar. Endi beshovi yana maslahat qilib,
bekka podshoning qizini olib bermoqchi bo‘libdilar. Tozi dumdaroz
yana bosh maslahatchi bo‘libdi.
— Shoqol bilan sher podshoning saroyiga borib poylab tursinda,
qiz eshikdan chiqishi bilan g‘ippa ushlab, qopga solib, olib
kelinglar.
Shoqol bilan sher podshoning saroyiga yetib boribdilar. Qizning
yotoqxonasi orqa devorini tirnalabdilar, enaga kampir chiqib:
— Ey, kim u qasir-qusur qilayotgan? — debdi va pisib yotgan
sher bilan shoqolni ko‘rmay, qaytib borib uxlabdi.
Sal o‘tgach, yana taqillatibdilar.
Kampir yana inqillab chiqibdi. Ammo hech nimani ko‘rmay,
yana qaytib kirib ketibdi. Uchinchi martasida qiz kampirga:
— Ey, bibijon, siz ovora bo‘lib chiqmang, ko‘zingiz ham
o‘tmaydi. Men o‘zim qarayman, — deb eshikdan chiqqan ekan,
poylab turgan sher bilan shoqol uni mahkam ushlab qopga solibdilar-
u, yo‘lga ravona bo‘libdilar. Ertasi kuni beknikida katta to‘y
bo‘libdi. Bek go‘zal malikaga uylanganidan xursand bo‘libdi. Beshala
og‘ayni xizmatni bajo keltiraversinlar-u, bu yoqdagi hangomaga
quloq bering.
Qizning bedarak yo‘qolganini eshitib, darg‘azab bo‘lgan podsho
amir-u amaldorlariga buyruq beribdi:
— Qizim ko‘k-u zaminda bo‘lsa ham toping. Kimki topib kelsa,
xazinamdan bo‘yi barobar tillo beraman. Topolmasanglar, hammang
boshlaringdan judo bo‘lasanlar.
Yasovullar to‘rt tarafga ot qo‘yib, malikani axtarib ketibdilar.
Ammo hech biri qizni topolmabdi. Shaharda bir ayyor kampir
bor ekan. U podsho huzuriga kirib:
— Qizingizni uzoq shaharga olib qochib ketganlar. Men topib
kelaman, aylanay shohim. Lekin bir shartim bor. Asl ustalaringizga
ayting, menga uchadigan sandiq yasab bersinlar. Bu qulog‘ini
burasam, mag‘ribga, u qulog‘ini burasam, mashriq tarafga uchadigan
bo‘lsin,— debdi. Podsho amri bilan kampir aytganday qilib
ustalar sandiq yasashibdi. Yosuman kampir sandiqqa tushib olib,
bir qulog‘ini buragan ekan, sandiq havoga ko‘tarilib, bekning
hovlisiga yaqin yerga tushibdi. Kampir hech kim ko‘rmasin deb
sandiqni shox-butoqlar bilan yashirib, sekin bekning darvozasi
yoniga borib yig‘lab o‘tiraveribdi. Ovdan qaytib kelayotgan bek
kampirdan:
— Ha, bibijon, nimaga yig‘lab o‘tiribsiz? — deb so‘rabdi.
— Ey, begim, nimasini aytay sizga. Uch o‘g‘lim bor, ularni
voyaga yetkazib, uyli-joyli qildim. Endi kelinlarim meni sig‘dirmay,
quvib yuborishdi. Yordam bering, deb sizga arzga keldim, — debdi.
Bekning kampirga rahmi kelib:
— Undoq bo‘lsa, menikiga kiring, keliningiz bilan yurasiz! —
debdi. Kampirni ko‘rgan zahotiyoq bekning xotini:
— Bu kampirni nimaga olib keldingiz? — debdi.
— Indama, bir juft non bilan bir kosa oshni kim ham yemaydi,
seni duo qiladi, — debdi bek. Oradan ancha kun o‘tibdi. Bek
yana tozi, shoqol, laycha, yo‘lbars-u sherlari bilan shikorga chiqib
ketibdi.
— Qizim, ziq bo‘ldim(zerikdim), sen ham ziq bo‘lgandirsan,
yurgin, aylanib kelaylik, — debdi kampir malikaga mehribonlik
qilganday. Bekning xotini ham ko‘nibdi. Ikkovi aylanib yurib, sandiq
turgan joyga boribdilar.
— Bibijon, bu qanaqa sandiq ekan, biram yaxshi-ya, — debdi
malika sandiqni ko‘rib.
— Bu havoda uchadigan sandiqqa o‘xshaydi. Ichiga kirib
ko‘rmaymizmi? — debdi kampir. Ikkovlari sandiqqa tushibdilar,
kampir sandiq qopqog‘ini yopibdi-yu, qulog‘ini burabdi. Sandiq
osmonga ko‘tarilib, to‘g‘ri podshoning saroyiga borib qo‘nibdi. Qizini
ko‘rib xursand bo‘lgan podsho kampirga bo‘yi barobar tillo beribdi.
Ana endi podsho qizini topgani uchun xursand bo‘lib yuraversin-
u, gapni yana bek tomonidan eshiting. Bek tozi, shoqol,
laycha, yo‘lbars, sher bilan shikordan qaytib kelsa, uyda kampir
bilan xotini yo‘q emish. Tozi dumdaroz bekasini kampir o‘g‘irlab
ketganini sezibdi-yu, yo‘lbars bilan sherga:
— Yana saroyga borasanlar va podshoning qizi uxlayotgan
uyning eshigini qoqasanlar! — debdi. Og‘aynilar uzoq yo‘l yurib,
yarim tunda saroyga yetib boribdilar va malika yotgan uyning eshigini
qoqibdilar. Qiz qanday qochishini bilmay, yig‘lab o‘tirgan ekan,
hayvonlar oldiga yugurib chiqibdi. Ertalab podsho yana qizning
g‘oyib bo‘lganini eshitib, kampirni chaqirtiribdi:
— Qizimni yana o‘g‘irlab ketibdilar. Borib olib kelsang,
davlatimning yarmini beraman, — debdi.
— Shohim, agar qaytib borsam, sochimni bittadan yulib,
go‘shtimni qiyma qilib, suyaklarimga o‘t qo‘yadilar. Endi qizingizni
ularni qo‘lidan urushib, qon to‘kib olasiz, boshqa chorasi yo‘q!
— debdi kampir. Podshoning amri bilan behisob lashkar to‘planibdi.
Kampirni lashkarboshi qilib tayinlabdi.
Bek behisob lashkarni ko‘rib:
— Endi meni o‘ldirib, xotinimni olib ketadilar. Uyim kuyadi,
xonavayron bo‘ldim, — deb qo‘rqib ketibdi.
Tozi dumdaroz bekka tasalli berib:
— G‘am yemang, begim, biz ham lashkar topamiz! Qani,
laychavoy, bir vovilla, — deb laychaga buyuribdi.
Laycha vovillagan ekan, hovli itga to‘lib ketibdi. Shoqol uvillagan
ekan, shoqollar yetib kelibdi. Sher bilan yo‘lbars na’ra tortgan
ekan, juda ko‘p sher va yo‘lbarslar yopirilib kelibdi. Tozi lashkarboshi
bo‘lib, buyuribdi:
— Sherlar bilan yo‘lbarslar dushman lashkarini yorib, ikki
tarafga tashlay bersin, shoqollar bilan itlar ularning ust-boshini
yechib, bir yerga to‘playversin-u, bir boshdan odamlarning
go‘shtini yeyaversin!
Ana endi lashkarlar to‘qnashibdi. Qonli urush bo‘libdi.
Yo‘lbars, sherlar lashkarni tilka-pora qilaveribdilar. Itlar, shoqollar
ularning ust-boshlarini yechib, go‘shtlarini yeyaveribdilar. Lashkar
qirilibdi-yu, podsho bilan kampir zo‘rg‘a qochib qutulibdilar. Bek
esa vafodor hayvonlariga katta ziyofat qilib beribdi.
Birlashgan o‘zar, deb bekorga aytilmas ekan-da.
XULOSA
_________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________
Do'stlaringiz bilan baham: |