III BOB. JINOYAT PROTSESSINING ISHTIROKCHILARI
(Mualliflar – yuridik fanlar doktori, prof. G.Z.Tulaganova,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent Sh.F.Fayziyev,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent D.B. Bazarova)
Annotatsiya: Talabalar uchun mazkur mavzu o‘rganilishi jinoyat protsessi ishtirokchilari tushunchasi va ularning klassifikatsiyasi; jinoyat ishlari yurituvida mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslar; jinoyat ishini yuritishda ishtirok etuvchi jamoat birlashmalari, jamoalar va ularning vakillari, jinoyat protsessida o‘z manfaatlarini himoya qiladigan shaxslarning huquqiy holati; shuningdek jinoyat protsessida ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning protsessual maqomi haqida ma’lumot olishga imkon beradi.
3.1. Jinoyat protsessi ishtirokchilari tushunchasi
va ularning tasniflanishi
Jinoyat protsessining har bir ishtirokchisi o‘ziga xos funksiya, ya’ni o‘z faoliyat yo‘nalishini ifoda etuvchi xizmat burchini o‘taydi. Ushbu funksiyalarning xususiyati protsessning mazkur ishtirokchilari bajaradigan vazifalarga va ularning muhofaza qilinadigan manfaatlariga bog‘liq holda belgilanadi.
Jinoyat protsessi ishtirokchilari deb, jinoyat sudlov ishlarini yuritishda qonun bilan belgilangan tartibda muayyan bir funksiyani bajarishga yo‘naltirilgan va qonun bilan tegishli huquq va majburiyatlarga ega bo’lgan davlat organlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarga aytiladi.
Amaldagi jinoyat protsessual qonunchilikka ko‘ra jinoyat sudlov ishlarini yuritish ishtirokchilarini quyidagicha tasniflanadi.
1. Jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslar: a) sud (28-modda); b) prokuror (33-modda); v) tergovchi (35-modda); g) tergov boshqarmasi, bo‘limi, bo‘linmasi, guruhi boshlig‘i va uning o‘rinbosari (37-modda); d) surishtiruv organlari (38-modda); e) tergovga qadar tekshiruv organlari (391-modda).
2. Jinoyat protsessida o‘z moddiy, ma’naviy va shaxsiy manfaatlarini himoya qiladigan ishtirokchilar: a) ayblanuvchi (45-modda); b) gumon qilinuvchi (46-modda); v) jabrlanuvchi (54-modda); g) fuqaroviy da’vogar (56-modda); d) fuqaroviy javobgar (58-modda);
3. O‘zgalar manfaatini himoya qiladigan ishtirokchilar: a) himoyachi (49-modda); b) guvoh advokati (661-modda); v) qonuniy vakil (60-modda); g) vakillar (62-modda).
4. Jamoatchilik nomidan ishtirok etuvchi: a) jamoat birlashmalari, jamoalar va ularning vakillari (40-,41-moddalar); b) jamoat ayblovchilari (43-modda); v) jamoat himoyachilari (44-modda).
5. Jinoyat sudlov ishlarini samaradorligini oshirishga yordam beruvchi ishtirokchilar: a) guvoh (65-modda); b) ekspert (67-modda); v) tarjimon (71-modda); g) xolis (73-modda); d) mutaxassis (69-modda); ye) sud kotibi (32-modda).
Umuman olganda, jinoyat protsessi ishtirokchilari o‘z vakolat doiralarida jinoyat ishlari yurituvi faoliyatini aniq va o‘z vaqtida bajarilishiga xizmat qiladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |