2.17. Dalillarni bevosita va og‘zaki usulda tekshirish prinsipi
Jinoyat ishini yuritishda dalillarni bevosita va og‘zaki usulda tekshirish prinsipining mazmuni ikki elementdan iborat: dalillarni tekshirayotgan shaxs tomonidan ularni shaxsan idrok etish; qabul qilinadigan qarorni shaxsan tekshirilgan dalillarga asoslash talabi.
Dalillarni bevosita tekshirish shuni anglatadiki, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qabul qilinadigan qarorlar ular tomonidan shaxsan va bevosita tekshirilgan dalillarga asoslangan bo‘lishi lozim.
Ushbu prinsipga muvofiq, jinoyat ishini yuritishda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud dalillarni bevosita tekshirishlari, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarni so‘roq qilishlari, ekspertlarning xulosalarini eshitishlari, ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirishlari, bayonnoma va boshqa hujjatlarni o‘qib eshittirishlari shart.
Jinoyat protsessida bevositalilik prinsipi og‘zakilik bilan uzviy bog‘langandir, ularni bir-biridan farqlash lozim. Sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlar ko‘rsatuvlarining sud tomonidan bevosita idrok qilinishi ularni og‘zaki usulda so‘roq qilishni nazarda tutadi.
Og‘zakilik protsess subyektlarining o‘zaro muloqotda bo‘lish shaklini belgilaydi va dalillarni tekshirish usuli hisoblanadi. Og‘zakilik prinsipiga ko‘ra ish uchun ahamiyatli bo‘lgan barcha materiallar, harakatlar, sud protsessida vujudga keladigan barcha savollar og‘zaki shaklda bayon qilinadi, muhokama etiladi yoki amalga oshiriladi, shuningdek sud o‘z hukmini ko‘rib chiqilgan hamda muhokama qilingan dalillar bilangina asoslaydi. Sudda og‘zaki bayon qilinmagan va muhokama etilmagan hujjatlar hukm uchun asos bo‘la olmaydi. Sud so‘roq qilinayotgan shaxslarning og‘zaki ko‘rsatuvlarini eshitishi, bayonnoma va boshqa hujjatlarni, taraflarning tushuntirishlari, iltimosnomalari va arznomalarini eshitishi va muhokama qilishi, taraflarning sudda chiqishini va sudlanuvchining so‘nggi so‘zini eshitishi, chiqarilgan qarorni e’lon qilishi kerak. Sud muhokamasi – sudda og‘zaki so‘zlash shaklida ish yuritish demakdir.
Ko‘rilayotgan prinsipning amaliy ahamiyati shundan iboratki, u surishtiruvchi, tergovchi va sudga ish yuzasidan haqiqatni aniqlash imkonini ta’minlaydi. Shu sababli qonun ayrim hollarda bu qoidadan chetga chiqishga ruxsat beradi. Jumladan, sud dastlabki tergovda so‘roq qilingan, lekin sud majlisiga kelmagan guvohlarning ko‘rsatuvlarini o‘qib eshittirish sharti bilan ularning ishtirokisiz ishni ko‘rishi mumkin.
Og‘zakilik prinsipi oshkoralik, sudda ishning milliy tilda yuritilishi, tortishuv va bevositalik, ishga doir holatlarning har tomonlama va to‘liq tekshirilishi hamda boshqa protsessual asoslarning izchillik bilan amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |