Bakteriyalarning quyidagi farmentativ xususiyatlari koʻproq oʻrganiladi:
1) uglevodlarni bijgʻitib kislota yoki kislota bilan gaz hosil qila olishi;
2) oqsillarni va ularning parchalanish mahsulotlarini parchalay olishi;
3) katalaza fermentini hosil qila olishi va boʻyoqlarni qaytara olishi (reduksiya xossasi).
Bu xossalarni aniqlamoq uchun mikroblarni zich (qattiq) yoki suyuq oziqli muhitlarga ekiladi, mikroblar shu muhitlardagi tegishli moddalarga nisbatan muayyan xususiyatlarini namoyon qilishi mumkin.
Uglevodlarni bijgʻitish xususiyatini aniqlash uchun 1% uglevod (glyukoza, laktoza, mannit, maltoza, saxaroza) eritmalari va indikator (lakmus nastoykasi, Andrede indikatori va hokazo) qoʻshib tayyorlangan suyuq yoki yarim suyuq (0,5 agarli) muhitlar qoʻllaniladi. Suyuq uglevodli muhitlar quyilgan probirkalarni sterillashdan oldin ularning ichiga kichkina qalqovuch-probirkachalar toʻntarib tushiriladi. Bu muhitlarni Gis muhitlari yoki “ola-bula qator” deb ataladi.
Indikatorlar rangining oʻzgarishi kislotali yoki ishqoriy mahsulotlar hosil boʻlganini koʻrsatadi, yarim suyuq agarning yorilishi yoki gaz pufakchalarining hosil boʻlishi yoki qalqovuchning qalqib chiqishi esa gaz borligining belgisidir.
Ivigan zardob yoki jelatinaning suyulishi (va shundan keyin qotmasligi), shuningdek vodorod sulfid, indol, ammiak hosil boʻlishi, oqsillarni va ularning parchalanish mahsulotlarini mikroblar parchalaganligining natijasidir.
Vodorod sulfid hosil boʻlganini aniqlamoq uchun goʻsht-pepton bulyoni quyilgan probirkaga paxta tiqin bilai probirka devori orasidan filtr qogʻozi tushiriladi, probirkada vodorod sulfid boʻlsa, qoʻrgʻoshin asetat eritmasi shimdirilgan filtr qogʻozi qorayadi.
Indol borligi ham shu usulda aniqlanadi, ammo filtr qogʻoziga oksalat kislotaning suvdagi toʻyingan ermasi shimdiriladi, filtr qogʻozining pushti tusga kirishi indol borligini koʻrsatadi. Mikroblarning mochevinani parchalay olishi 1% mochevina va indikator qoʻshilgan goʻsht-pepton bulyoni yoki goʻsht-pepton agarida aniqlanadi. Bu muhitlarda mikrob 3-4 sutka undiriladi. Mikroblarda mochevinani parchalab ammiak hosil qiladigan ureaza fermenti borligi ishqoriy reaksiya roʻy bergani sababli muhit rangining oʻzgarishidan bilinadi.
Qizil lakmus qogʻozining koʻkarishi ammiak borligini koʻrsatadi.
Patogen mikrob toza kulturasining turini uzil-kesil aniqlash uchun koʻpincha mikrob immun zardob bilan tekshirib koʻriladi.
Bu hossalarning yigʻindisiga qarab mikroblarning qaysi turga mansub ekanligi aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |