YORDAMCHI SO‘ZLAR
Bog‘lovchilar
Hozirgi o‘zbek adabiy tilida uyushiq bo‘laklar hamda juft so‘zlarda ishlatiladigan va yoki -u bog‘lovchilarining o‘rnida qadimgi turkiy tilda …lï …lï bog‘lovchisi qo‘llanilgan. Misol: Saqïntïm, turuq buqalï sämiz buqalï arqda bilsär, sämiz buqa, turuq buqa täyin bilmäz ärmis. – (So‘ng) o‘ylab qoldim: “(Birov) turug‘ buqa bilan semiz buqani tezagidan bilsa, (birov bu) semiz buqa, (bu) turug‘ buqa deya bilmas emish [ya’ni semiz buqa bilan turug‘ buqani ajratolmas ekan]” (Ton.5–6); Bu sawïğ ilig begli xatunlï ešidip... – Bu xabarni elig bek va xotini eshitib ... (AYar.281); Adïğlï toŋuzlï art üzä soqušmïš ermiš. – Ayiq va to‘ng‘iz tepalik ustida to‘qnashibdi (İB.6); T(ä)ŋrili yäkli nädä ötrü süŋüšmiš y(a)ruqlï q(a)ralï q(a)ltï qatïlmïš yirig t(ä)ŋrig kim y(a)ratmïš tipän bilt(i)m(i)z. – Tangri va iblis nima sabab urushdilar, yorug‘lik bilan zulmat qanday qilib qorishdilar, yerni, osmonni kim yaratganini bildik (Huast.73–75).
Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida biriktiruvchi bog‘lovchilardan ham bog‘lovchisi-da qo‘llanilgan: Fida qïldï barïn, näŋi ham özin. – Barini – narsasini hamda o‘zini fido qildi (QB.55); Ularnïŋ taŋuqï kelir ham barïr. – Ularning sovg‘asi keluvchi ham ketuvchidir [ya’ni o‘tkinchidir] (QB.109).
XI asrdan turkiy tillarga -u hamda va bog‘lovchilari ham o‘zlasha boshladi. -u – forscha, va esa arab tilidan o‘zlashgan. Keyinchalik ushbu bog‘lovchilar qadimgi turkiy -lï, -li … -lï, -li bog‘lovchisini siqib chiqardi. Shunga qaramay, qadimgi -lï, -li … -lï, -li ayrim o‘zbek shevalarida hozir ham saqlanib qolgan.
Arab yozuvli matnlarda -u hamda va bog‘lovchilari farqlanmaydi, ikkalovi ham “vav” bilan beriladi. Lekin uyg‘ur xatida ular bir-biridan farqli holda yozilgan. Biroq ushbu bog‘lovchilarning qo‘llanilishida qat’iy qoida bor. Matnda -u bog‘lovchisi juft so‘zlarni, uyushiq bo‘laklarni bir-biriga bog‘laydi, kishi yo narsa otlari sanalganda ishlatiladi. va bog‘lovchisi esa gap tugagandan so‘ng, ikkinchi gap boshlanganda ishlatiladi, qo‘shma gap tarkibidagi sodda gaplarni o‘zaro bog‘laydi, -u bog‘lovchisi qo‘llangan juft so‘zlarni hamda sinonim so‘zlarning bir guruhini ikkinchisiga bog‘lash uchun ishlatiladi (Abdurahmonov, Rustamov 1984,143–144).
-u bog‘lovchisi undosh bilan tugagan so‘zlarga -u, unli bilan tugagan so‘zlarga esa -vu shaklida qo‘shiladi. Hozirgi o‘zbek adabiyotshunosligida Navoiy asarlarini “Farhād va Širin”, “Layli va Majnun” deb atayapmiz. Aslida esa ularni “Farhād-u Širin”, “Layli-vu Majnun” shaklida aytganimiz to‘g‘ri bo‘ladi.
Shuningdek, matnda ta’kid yuklamasi -u ni ham farqlay olish kerak. Chunki arab yozuvli matnlarda u ham “vav” bilan yoziladi. Undosh bilan tugagan so‘zlarga -u, unli bilan tugagan so‘zlarga esa -yu shaklida qo‘shiladi.
Buni Alisher Navoiyning “Nasoyimu-l-muhabbat”da Adib Ahmad haqida yozgan quyidagi satrlarida yaqqol kuzatsa bo‘ladi: “… Derlär-ki, közläri bütäw ermiš-u aslā zāhir ermäs ermiš. Basir bolup özgä basirlär-deg andaq emäs ermiš-ki, köz bolğay-u, körmäs bolğay, ammā bağāyat zi:rak-u zaki: va zāhid-u muttaqi: kiši ermiš. Haq subhānahu va ta'ālā agarči zāhir közin yapuq yaratqandur, ammā köŋli közin bağāyat yaruq qïlğandur… anïŋ tili türk alfāzï bilä mavā'iz-u nasāyihqa go:yā ermiš, balki aksar Türk ulusïda hikmat-u nuktalarï šāye'dur va nazm tari:qï bilä aytur ermiš” (NM.390–391). Ushbu matnda köz bolğay-u, körmäs bolğay jumlasidagi -u bog‘lovchi emas, yuklamadir. Qolganlari bog‘lovchi bo‘lib kelgan.
Husayn Boyqaro qalamiga mansub quyidagi baytga ham e’tibor bering:
Husn ilä sen kāmil-u, Širin-u Layli šuhratï,
İšq ara men zār olup, Farhād-u Majnun tuhmatï HHHh(Maj.139).
Misolda kāmil-u dagi -u – yuklama, juft so‘zlar orasidagi -u esa bog‘lovchidir.
Yana bir misol. Alisher Navoiy o‘zining “Muhokamatu-l-lug‘atayn” asarida turkiy tilda nozik ma’nolari bilan ajralib turuvchi yuzta fe’lni ketma-ket keltirgan. Qo‘lyozmada bu fe’llar bir-biriga “vav” harflari bilan ulab ketilgan. Asarni nashrga tayyorlagan mutaxassislar, odatda, fe’llarning o‘rtasidagi “vav”ni doimiy holda va sifatida keltiradilar: quwarmaq va quruqšamaq va üšärmäk va jïyjaymaq … singari. Aslida ikki so‘z orasidagi “vav”ni -u, juftliklar orasidagilarni esa va deb berilgani to‘g‘ridir: quwarmaq-u quruqšamaq va üšärmäk-u jïyjaymaq … singari. Shunday qilinganda grammatik jihatdan to‘g‘ri yo‘l tutilgan bo‘ladi, ritm (ohang) ham ta’minlanadi.
Ya bog‘lovchisi inkorni bildiradi. U takrorlanib ham ishlatiluvi mumkin:
Yurïmaz ya yatmaz, uδïmaz uδuğ,
Ya meŋzäg ya yaŋzağ kötürmäz boδuğ. –
U yurmaydi yo yotmaydi, uxlamaydi, (u) uyg‘oq,
Yo mengzaydigan, yo o‘xshaydigan sifati yo‘qdir (QB.16).
“Yoki” bog‘lovchisining o‘rnida azu bog‘lovchisi qo‘llanilgan. Ushbu bog‘lovchi ora-chora takror holda ham ishlatiladi: Azu muŋ üčün azu bušï birgäli qïzğanïp yiti türlüg bušï arïğ nomqa tükäti birü umadïmïz ärsär. – Yoki qayg‘u-musibatga atab ehson bergani qizg‘anib yetti xil ehson, chin aqoidga butkul bera olmagan bo‘lsak (Huast.107–108); Anïŋ oxšağï yoq azu meŋzägi. – Uning o‘xshaydigani yoki mengzaydigani yo‘q (QB.15); Esiz-mu seŋä yeg azu eδgü-mu / Söküš-mu qïlur-sen azu ögdi-mu. – Senga esizlik yaxshimi yoki ezgulikmi? So‘kilishni istaysanmi yoki maqtovnimi? (QB.240).
Hozirgi forschadan o‘zlashgan “goho” bog‘lovchisining o‘rnida eskida ara bog‘lovchisi qo‘llanilgan. U takrorlanib kelishi ham mumkin: Ara ögdilür til, ara mïŋ söküš. – Til goho maqtaladi, gohida ming so‘kish eshitadi (QB.174).
Hozirgi o‘zbek tilida -ki bog‘lovchisi ergash gapni bosh gapga bog‘lashga xizmat qiladi. O‘zbek tilshunosligida -ki bog‘lovchisi fors tilidan o‘zlashgan, sodda gaplari -ki bog‘lovchisi bilan birikkan qo‘shma gaplarni forsiy qolipda yuzaga kelgan, deb qarovchilar ham bor. Ta’kidlash kerakki, turkiy tillardagi -ki bog‘lovchisi tarixan -kim ning qisqargan shaklidir (-kim>-ki). Qadimgi turkiy yodgorliklar tilida kim ikki xil vazifada keladi:
1) Kishilik olmoshidir. Masalan: Kim taluyqa barayïn tesär, kiriŋlär, oğlum tiginkä eš boluŋlar. Ne kergäkin barča bergäy-biz. Kim yerči suwčï, kemäči bar ersär, yemä kelzün. – Kim dengizga boraman desa, qoshimga kiringlar, o‘g‘lim shahzodaga esh bo‘linglar. Nima kerak bo‘lsa, barini bergaymiz. Kim yo‘l boshlovchi, dengizchi, kema boshqaruvchisi bo‘lsa, u ham kelsin (AT.283).
2) Bog‘lovchi bo‘lib keladi, qo‘shma gaplarda ergash gapni bosh gapga bog‘lash uchun xizmat qiladi. Quyidagi misollarga e’tibor bering: Luu xanlarïnta Čintamani erdäni bar-kim, ülüglüg qutluğ kiši ol erdäni bulsar, qamağ tïnlïğlarqa asïğ tusu qïlur. – Ajdar xonlarida Chintamani javohiri bor-kim, nasib etgan baxti bor kishi o‘sha javohirni topsa, hamma jonzodlarga foyda keltiradi (AT.283); Men bu muntuda yigräk Čintamani erdäni alğalï barayïn-kim, qayu tïnlïğlarqa tüzü tükäti asïğ tusu qïlu usar-men. – Men bu yerda qolib yaxshiroq Chintamani javohirini olish uchun borayin-kim, qay jonzodlarga tugal foyda keltira olaman (AT.284).
Hozirgi forschadan o‘zlashgan “agar”, “garchi” bog‘lovchilari o‘rnida eskida qalï~xalï, apaŋ~abaŋ bog‘lovchilari qo‘llanilgan. Masalan, “Qutadg‘u bilig”da: Qalï mundağ ersä yorïq otru ur. – Garchi shunday ekan, o‘rtacha yo‘riq tut (QB.172); Apaŋ iki ažun qulur ersä sen. – Agar ikki dunyo farog‘atini tilar bo‘lsang (QB.223).
“Chig‘atoy turkiysi”da bular bilan bir qatorda lekin~valek ~vale~lek, čun~ču, čun-kim, hamānan-ki~hamānan-kim, tā, andaq-ki~andaq-kim, äylä-ki~äylä-kim, hamu-l nav’-ki~hamu-l nav’-kim, agar~gar, agarči~garči, nečä-ki~nečä-kim, anda-ki~anda-kim bog‘lovchilari ham amal qilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |