Ko‘plik
Turkiy tillar tarixida ko‘plikning grammatik ko‘rsatkichlari,
asosan, quyidagilar:
1. Ko‘plikning -lär, -lar qo‘shimchasi. MK da: bilgälär –
donolar, alplar – pahlavonlar, qapuğlar – eshiklar. Yoki Huast.
da: yaruq täŋrilär – yorug‘ tangrilar, arïğ dintarlar – pokiza
rohiblar.
150
Hozirgi o‘zbek adabiy tilining uslubiy talablariga ko‘ra
otlardan oldin ularning son ko‘rsatkichi keltirilsa, otga -lar
qo‘shimchasi qo‘shilmaydi. Qadimgi turkiy tilda esa bunday
o‘rinlarda ham otlarga ko‘plik affiksi qo‘shilishi mumkin.
Masalan, “Oltun tusli yorug‘” asarida: iki ičiläri – ikki akasi,
üč tiginlär – uch shahzoda, iki tigitlär – ikki shahzoda, yeti
enükläri – (barsning) yetti bolasi.
2. Yozma yodgorliklar tilida ko‘plik -n qo‘shimchasi bilan
ham yasalgan. Masalan, QB da: türkän – turklar, erän – erlar,
mardlar. MK da: oğlan ïğlašdï – bolalar yig‘lashdi, erän alpï
oqïštïlar – mardlar bir-birlarini chorladilar. Yodgorliklarda
oğlan va erän so‘zlari birlik shaklida ham qo‘llanilgan: oğlan
suw tökdi – o‘g‘lon suv to‘kdi (MK.II.27).
3. Qadimgi turkiy tilda rudiment holida ko‘plikning -t
qo‘shimchasi ham uchraydi (Maлов 1951,50–51). Bunday
ko‘plik -n ning -t ga o‘zgarishi bilan hosil qilingan. Masalan,
“Oltun tusli yorug‘” asarida: tigin – shahzoda, tigit –
shahzodalar. Lekin asarda uning ko‘pligi tiginlär~tigitlär
shakllarida ham qo‘llanilaveradi.
Bunday usul bilan yasalgan ko‘plikka yana bir misol:
tarqan – tarxon (unvon), tarqat – tarxonlar.
4. Turkiy tillar tarixida ko‘plik -z affiksi bilan ham
yasalgan. Bunga quyidagi so‘zlarni misol keltirish mumkin:
meŋiz – yuz, köküz – ko‘krak, omuz – yelka, möŋüz – shox,
ağïz – og‘iz (uning ikki chakakdan iborat ekanligi nazarda
tutilgan).
Bunga köz so‘zini ham misol keltirish mumkin.
Solishtiring: kör – fe’l (-r – fe’l yasovchi), köz (-z – ko‘plik
qo‘shimchasi).
Asli bu so‘zlarga -z qo‘shilishi orqali “ikkilik, juftlik”
nazarda tutilmoqda. Biroq, turkiy tilda “ikkilik” yo‘q. Biror
narsaning bittasi birlikda, ikkinchisi qo‘shilsa, ko‘plikka
aylanadi. “Ikkilik” – ko‘plik degani. Shunga ko‘ra -z affiksi,
ikkilik, juftlik yasovchi emas, ko‘plik yasovchidir.
151
Biz va siz olmoshlaridagi z ham ko‘plik qo‘shimchasidir.
S.Y. Malovning yozishicha, bu olmoshlar quyidagi usulda hosil
bo‘lgan: bi+si=biz (men+sen=biz); si+si=siz (sen+sen=siz)
(Maлов 1951,51–52).
-z qo‘shimchasi fe’llarga qo‘shilib, ularning shaxs va sonini
bildiradi. Masalan, tinglovchi birligi bardïŋ, ko‘pligi esa
bardïŋïz bo‘ladi. Yoki, ko‘k turk bitiglarida tinglovchi birligi
bardïğ shaklida qo‘llanilgan: Qağanïŋïn sabïn almatïn yer sayu
bardïğ. – Xoqoningning so‘zini olmayin har yerga tarqab
ketding (Ka.9). Buning ko‘pligi hozirgi ayrim turkiy tillarda
(xususan, tatar tilida) – bardïğïz. Hozirgi o‘zb.: barïšïŋ keräk,
ko‘pligi – barïšïŋïz keräk. Yoki: keliŋ – keliŋlär – keliŋiz.
Keliŋiz so‘zidagi -iŋ – hurmatni bildiradi, -iz esa ko‘plikni
ifodalaydi.
Hozirgi o‘zbek tilida siz aslida tinglovchi ko‘pligidir. Biroq
yoshi, martabasi ulug‘, hurmati bor kishilarga ham siz deb
murojaat qilinadi. Tilimizda “sizlab gapir”, “senlab gapir”
degan iboralar ham bor. Birinchisi hurmatni, keyingisi esa
yaqinlikni, yosh va darajasi quyi kishilarga bo‘lgan
murojaatni, kerak bo‘lganda salbiy ohangda hurmatsizlikni,
hatto mensimay so‘zlashni ham bildiradi. Demak, hurmatning
grammatik ko‘rsatkichlaridan biri so‘zning ko‘plik shaklidir.
Tinglovchi va o‘zga ko‘pligini (siz, ular), otlardagi
tinglovchilar va o‘zgalar egaligini (sizniŋ, ularnïŋ), fe’llardagi
tinglovchilar va o‘zga kishilarning harakat va holatini (ya’ni
shaxs-sonni) bildiruvchi qo‘shimchalar, o‘rni bilan, hurmatni
ham bildiradi. Masalan, dadamlar, ayïmlar deganda ko‘plikni
emas, ularga bo‘lgan hurmatni ifodaymiz. Nutq jarayonida
hurmat shu qadar kuchliki, hatto hurmatga sazovor kishining
ish-harakati va holatiga, unga tegishli narsalarga ham hurmatni
bildiruvchi qo‘shimcha qo‘shib so‘zlanadi. Masalan: Dada,
avqatïŋïznï yeb alïŋ gapini olaylik. Avqat so‘zi otaga tegishli,
shuning uchun unga hurmatni bildiruvchi -ïz qo‘shimchasini
qo‘shib avqatïŋïz deyiladi. Keyingi yeb al- fe’li ham otaga
152
qarashli, shuning uchun u ham hurmat shaklida ( yeb alïŋ). Endi
Dadamlar išdän kelgänläridä avqatlarïnï ïsïtïb berdim
gapidagi hurmatga e’tibor beraylik. Dadamlar so‘zidagi -lar
otaga bo‘lgan hurmatni bildiradi; kelgänläridä so‘zi ham
otaning harakati, shuning uchun ham u hurmat shaklida; avqat
ham otaga tegishli, shundan kelib chiqib, unga ham - lar
qo‘shiladi. Endi ïsïtïb berdim so‘zi menga tegishli; shu yerda
gapdagi hurmat darajasi bir pog‘ona pastga tushadi: unga - lar
qo‘shimchasi qo‘shilmaydi.
Ko‘plik shakli hurmatni ifoda etganligini Mahmud
Koshg‘ariy ham ta’kidlagan edi. Uning yozishicha, turklar sen
so‘zini kichiklarga, xizmatchilarga hamda so‘zlovchidan
daraja, martaba, yoshda quyi bo‘lgan kishilarga nisbatan
qo‘llaganlar. O‘zlaridan yuqori hurmatli kishilarni siz deganlar.
O‘g‘uzlar esa, aksincha, kattalarga sen, kichiklarga siz deb
qo‘llaydilar. Ko‘plikda ham shuni ishlatganlar (MK.I.326).
5. Qadimgi turkiy yodgorliklar tilida ko‘plik -ağut
qo‘shimchasi bilan ham hosil qilingan degan qarashlar bor.
Biroq bu qo‘shimcha bilan yasalgan so‘zlar ko‘plikni
bildirmaydi. Masalan, ST da: alpağut – pahlavon, bayağut –
boyon.
Do'stlaringiz bilan baham: |