6-Mavzu Urug’ ekish va ko’chat o’tqazish mashinalari
Reja
1.Ekinlar urug’ini ekish va ko’chat o’tqazishning o’ziga xos xususiyatlari va agrotexnik talablar;
2.Urug’ ekish mashinalarining turlari, tuzilishi va ish jarayoni;
3. Ko’chat o’tqazish mashinalarining tuzilishi va ish jarayoni
Tayanch iboralar. Urug’ ekish va ko’chat o’tqazish usullari, agrotexnik talablar, texnologik jarayonlar va mashinalar turi, mashinaning ishchi qismlari, ilg’or texnologiyalar
6.1. Ekinlar urug’ini ekish va ko’chat o’tqazishning o’ziga xos xususiyatlari va agrotexnik talablar
Qishloq xo’jaligi ekinlarining hosildorligini oshirishda eng muhim tadbirlardan biri urug’ ekish va ko’chat o’tqazish ishlarini belgilangan muddatlarda va maqbul chuqurlikka sifatli qilib ekish hisoblanadi.
Ekinlar urug’ini maqbul ekish chuqurligi (2.12-rasm) deb shunday chuqurlikka aytiladiki, bunda urug’larni o’sib chiqishi uchun eng qulay tuproq-iqlim sharoiti (issiqlik, havo va suv rejimi, tuproqning donadorligi)yaratiladi va uning miqdori ko’p yillik tajribalar asosida belgilanadi.
Ekinlar urug’larini ekishda quyidagi: yo’laklab (2.12-rasm), yoppasiga sochish va qatorlab ekish usullari qo’llaniladi.
Ekinlar urug’ini ekish va ko’chat o’tqazish usullari ularning quyidagi xususiyatlariga, ya’ni, ekinlarning o’sish balandligi va hosildorligiga, ularni parvarishlash xossalari – suvli va lalmi maydonlarga, pushtaga, egat ustiga, yoniga va tubiga hamda plenka ostiga ekish, sug’orish usullari bo’yicha yoppasiga, qator oralab, tomchilab, yer ostidan sug’orish kabi xususiyatlarini hisobga olgan holda tanlanadi.
6.1-rasm. Urug’larni ekish usullari.
Ekinlar urug’ini ekish chuqurligi chigit ekishda 3-8 sm, bug’doyda - 4-6 sm, kartoshkada - 8-16 sm, sabzi va piyozda - 1,5-2 sm tashkil etadi. Urug’ni ekish chuqurligi uning o’suvchanlik energiyasi hamda tuproqning holatiga, ya’ni, uning namligi, temperaturasi va donadorligiga bog’lik holda aniqlanadi.
Agrotexnik talablar. Urug’lar dala bo’ylab bir tekis joylashgan bo’lishi, ekish me’yorining o’zgarishi ko’pi bilan ± 3%, mineral o’g’itlar uchun ko’pi bilan ± 10%, qatorlar bo’yicha, ya’ni, alohida ekish apparatlari bilanurug’larni ekish notekisligi 6% dan yuqori bo’lmasligi kerak. Ekish apparatlari va boshqa ishchi qismlar bilan urug’larni mexaniq shikaslanishi 0,7%, urug’larni ekish chuqurligini o’rtacha o’zgarishi ko’pi bilan ± 15%, chekka qatorlar orasi asosiy qatorga nisbatan o’zgarishi ko’pi bilan ± 5 sm dan oshmasligi kerak.
SHu bilan birga ekish ishlarini belgilangan muddatlarda bajarilishiga alohida ahamiyat berish kerak.Masalan, ko’p yillik tajribalarga ko’ra, chigit ekishning maqbul muddatlari: Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida 25 martdan 5 aprelgacha, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlarida 1...15 aprel, Toshkent va Farg’ona vodiysi viloyatlarida 5... 15 aprel hamda Xorazm viloyati va Qoraqalpog’iston Respublikasida 10....25 aprelni tashkil etadi. Boshoqli don ekinlari 15 oktyabrdan 1 noyabrgacha, kartoshka va sabzavot ekinlari 20 martdan 5 aprelgacha, mevali daraxt ko’chatlari esa mart-aprel oylarida eqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |