Mantiqiy mushohada uchun
1.Tilda nega boshqa tillardan nutq tovushini o‘zlashtirilmaydi?
2.Bir kishi o‘z nutqida o‘zlashma so‘zlarni aslidagidek talaffuz qiladi? Nega biz uni fonetik o‘zlashmaga misol qilmaymiz?
3.Grammatikada o‘zlashtirilgan hodisalar bormi?
4.O‘zbeklarning o‘zga tillar fonetikasini o‘zlashtirishi nisbatan yengil kechadi. Buning sababi nimada?
2. Leksema va so‘z. Lisonning borliq hodisalarini nomlash, ifodalash, ko‘rsatish uchun xizmat qiluvchi birligi – leksema. Leksema borliq hodisalarini nomlab, ularni kishilarning muloqoti uchun tayyorlaydi. Til egasi sezgan narsa, albatta, nom oladi. Hech bo‘lmaganda so‘z birikmasi bilan nomlanadi.
Leksema tilning asosiy va markaziy birligi. So‘z termini leksema ma’nosida ham qo‘llanadi. Shaxsning tili bilimi uning fonetik yoki grammatik bilimi bilan emas, balki leksik zaxirasining boyligi bilan o‘lchanadi. Ona tili o‘qitishning asosiy vazifasi ham leksema, ya’ni so‘z ta’limidir. Bejiz so‘z tilga tenglashtirilmaydi: Xalqaro anjumanda o‘zbek so‘zi jarangladi. Buyuk sharq mutafakkirlari ham so‘z deganda ko‘p hollarda tilni nazarda tutishgan.
Mustaqil o‘qish uchun
So‘z ta’rifida
So‘z gavharining sharafi shunchalar yuksakki, gavhardek qimmatbaho narsa ham unga sadaf bo‘la olmaydi. To‘rt sadaf ichidagi gavharga quti ham shu so‘z, yetti qavat osmon yulduzlarining burjlari ham shu so‘zdir.
So‘z jon bo‘lib, ruh uning qolipidir. Tanida ruhi bor odam doim unga ehtiyoj sezadi. So‘z dunyoda bor barcha ko‘ngillarning qutisidagi javhar, hammaning og‘iz qutisidagi qimmatbaho gavhardir.
Agar til bamisoli bir po‘lat xanjar bo‘lsa, so‘z unga qadalgan injulardir. Til shu chamanning ochilgan lolasi bo‘lsa, so‘z durlari unga qo‘ngan shabnamlardir.
So‘z o‘lgan odamning tanasiga pok ruh bag‘ishlaydi. So‘zdan tandagi tirik ruh halok bo‘lishi mumkin. Yaxshi so‘z bilan o‘lganni tiriltira olgani uchun Iso payg‘ambar o‘zini “Jonbaxsh” degan laqab bilan atagan. So‘z tufayli Xalil o‘zini o‘tga tashlagan; Jabroil ham so‘z yukiga hammol bo‘lgan. Tangri insonni sirlar xazinasi darajasiga ko‘targan ekan, uni so‘zlash qobiliyatiga ega bo‘lgani uchun hayvonlardan ortiq qilib yaratdi.
G‘uncha og‘izlik, shirin lab jonon gapirmasdan labini yopib turib olsa, uning mayday totli la’li lablari aqlni mast qilsa, mastlik u yoqda tursin, mayparast qilib qo‘ysa ham, tashqi ko‘rinishi bilan osmondagi oy bo‘lsa ham, devordagi surat bilan uning ko‘rinishi o‘rtasida farq yo‘q.
Bazmda har qanday sozanda dilkash kuylarni ijro etib, kuyda qancha yaxshi takrorlar, mashqda qancha yaxshi naqarotlar bo‘lmasin, tushungan odamlar undan to‘la qanoatlanadilar. Kuy ijrosi cho‘zilib ketsa, ularga malol ham keladi. Bu kuy orasida joyini topib, Navoiy so‘zi bilan bir g‘azal ashula qilib aytilsa, so‘zlar olov purkab, tinglovchilar qalbini mung bilan ezsa, u vaqtda sen bazmdagi to‘polonni ko‘r! Mayxonadagi g‘avg‘olarni tomosha qil! Yoqa yirtish qanday bo‘lishini ko‘r, fig‘on tortib, o‘zini o‘ldirganlarga boq!
Durning bir donasi bilan bog‘liq gapga ishonma, so‘zni jahon dengizidagi haqiqiy durdona deb bil!.
|
Do'stlaringiz bilan baham: |