7. Tibbiy asbob-anjomlar yig‘ish, tashish, dezinfeksiya va sterilizatsiya qilishga bo‘lgan talablar 7.1. Tibbiy asbob-anjomlar va buyumlarni tashishga tayyorlash 7.1.1. Tibbiyot asbob-anjomlar va buyumlarni yig‘ish va tashish ushbu maqsadlar uchun alohida ajratilgan transport vositalari yordamida har kuni ish vaqtida, belgilangan jadvalga muvofiq amalga oshiriladi.
7.1.2. Ishlatilgan tibbiy asbob-anjomlar va buyumlar sterilizatsiya markaziga transportirovka qilishdan oldin ular davolash-profilaktika muassasalari bo‘limlarida ishlatilgandan keyin darhol oqib turgan suvda chayiladi.
7.1.3. Keyingi bosqichda ishlatilgan tibbiy asbob-anjomlar oldindan zararsizlantirilmasdan qopqoq bilan yopiladigan plastmassa idishlarga yig‘iladi va davolash-profilaktika muassasasi tibbiy asbob-anjomlar va buyumlarni vaqtinchalik saqlash xonasiga topshiriladi.
7.1.4. DPMning tibbiy asbob-anjomlarni vaqtinchalik saqlash xonasi shartli ravishda 2 ta zonaga ajratiladi:
- ishlatilgan tibbiy asbob-anjomlarni saqlash uchun suv bilan ta’minlangan zona;
- steril konteynerlarni saqlash zonasi.
7.1.5. Ushbu xonada ishlatilgan tibbiy asbob-anjomlarga maxsus ko‘piksimon aerozol sepiladi. Aerozol bo‘lmagan holatlarda tibbiy asbob-anjomlar suvga to‘liq cho‘ktirilgan holda tashiladi.
7.1.6. Tibbiy asbob-anjomlarni pitting (nuqtali) korroziyaga va ularni zanglab yorilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun po‘latdan ishlangan asbob-anjomlarni izotonik eritmada (masalan, fiziologik tuzli eritmalar), tarkibida xlor saqlovchi dezinfeksiyalovchi eritmada yoki boshqa dezinfektantarda zararsizlantirish qat’iyan man etiladi.
7.1.7. Ishlatilgan jarrohlik choyshablarini yig‘ish uchun maxsus idishlardan (zich mato, kleyonka va polipropilendan ishlangan qopchalar, qopqoqli plastmassa sig‘imlar, choyshablar uchun aravachalar va h.k.) foydalaniladi.
7.1.8. Tibbiy asbob-anjomlarni zanglashi va ularni tozalashda qiyinchiliklarni oldini olish uchun ishlatilgan tibbiy asbob-anjomlarni uzoq muddatga, ya’ni tunga yoki dam olish kunlariga qoldirish mumkin emas.
7.1.9. Sharnirli asboblarni (qaychilar, qisqichlar, tutqichlar) samarali tozalash uchun ular yuzalarning yopilib qolishini kamaytirish uchun ochiq holda bo‘lishi kerak.
7.1.10. Qismlarga ajratiladigan tibbiy asbob-anjomlarni ishlab chiqaruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq amalga oshiriladi.
7.1.11. Tibbiy asbob-anjomlar va buyumlarni maxsus ajratilgan avtotransportda sterilizatsiya markaziga transportirovka qilinadi.
7.1.12. Ishlatilgan tibbiy asbob-anjomlar va buyumlar aravachalar solingan transport vositalari ular tushirilgandan keyin belgilangan tartibda dezinfeksiya qilinadi. Transport vositasini dezinfeksiya qilish uchun purkagich (gidropult) yoki lattalar (vetoщ), shuningdek dezinfeksiyalovchi vositalarning ishchi eritmalarini tayyorlash uchun idishlar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
7.1.13. Ishlash jarayoni sterilizatsiya markaziga ishlatilgan tibbiy asbob-anjomlarni qabul qilish bilan boshlanib, sterilizatsiya qilingan asbob-anjomlarni davolash-profilaktika muassasasiga transportirovka qilish bilan yakunlanadi.
7.1.14. Ishlatilgan tibbiy asbob-anjomlar konteynerlari notoza zonada aravachalarga yuklanadi va yuvish mashinasida yuviladi.
7.1.15. Konteynerlar yuvib bo‘lingandan keyin tibbiy asbob-anjomlar ushbu me’yoriy hujjatning 7.2-bandiga muvofiq qo‘lda yuviladi.
7.1.16. Zarur hollarda asbob-anjomlar ushbu me’yoriy hujjatning 7.4-bandiga muvofiq ultratovush yuvish mashinalarida qo‘shimcha tarzda yuviladi.
7.1.17. Asbob-anjomlar qo‘lda yoki ultratovushli yuvilgandan keyin notoza zonada sterilizatsiya oldi tozalov ishlarini o‘tkazish uchun yuvuvchi-dezinfeksiyalovchi mashinasiga joylashtiriladi va yuvilgandan keyin toza zonadan olinadi.
7.1.18. Dastlabki ikki bosqichli tozalashdan keyin asbob-anjomlar lupa yordamida yashirin qon va oqsil qoldiqlariga yuzasidan tekshiriladi.
7.1.19. Tibbiy asbob-anjomlar va bog‘lov materiallari ushbu me’yoriy hujjatning 7.5-bandiga muvofiq qadoqlab o‘raladi.
7.1.20. Har bir ish joyida nusxa ko‘chirish tartibi ko‘rsatilgan holda shtrix-kodlar namunalari ta’minlanadi. Qadoqlab o‘ralgan asbob-anjomlar konteynerlarga joylashtiriladi, foydalanuvchining personal shtrix-kodi qayd etiladi va sterilizatsiyaga yuboriladi.
7.1.21. Tibbiy asbob-anjomlar turiga qarab sterilizatsiya harorati va ekspozitsiyasi rejimi tanlanadi.