4. Davlat tuzumi va davlat qurilishi.
Mustaqil mamlakatlar davlatni tashkil etishning turli shakllariga ega. Ulardan eng muhimi davlat tuzumidir. U monarxiya va respublikaga bo’linadi.
Boshqarishning respublika shaklida davlat xokimiyatining oliy organlari saylanadi yoki umummilliy vakillar muassasasi parlament tomonidan tuziladi. Respublika tuzumida qonun chiqaruvchi xokimiyat-parlamentga, ijroya xokimiyat hukumatga tegishlidir. Bunda prezident juda katta vakolatga ega bo’lgan va hukumatni boshqaradigan prezident respublikasi (AQSh, Lotin Amerikasi mamlakatlarining ayrimlari) va prezidentning rolini kamroq, xukumatni esa bosh ministr boshqaradigan parlament respublikalari bir-biridan farq qiladi.
Dunyoda respublikalar ko’pchilik bo’lib, ularning soni 140 ga yaqin.
Boshqarishning monarxiya shaklida oliy davlat hokimiyati monarxlar-qirol, knyaz, sulton, shoh, amirga qarashli bo’lib, hokimiyat meros orqali avloddan avlodga o’tadi. Dunyo siyosiy kartasida 30ta monarxiya shaklidagi davlat mavjud, shu jumladan Osiyoda-14, Yevropada-12, Afrikada-3, Okeaniyada-1. Monarxiya konstitutsion va mutloq (absolyut) tiplarga bo’linadi. Ularning ko’pchiligi konstitutsion monarx ramziy «podsholik» qiladi, lekin davlatni boshqarmaydi (Buyuk Britaniya, Norvegiya, Shvetsiya) real qonun chiqaruvchi hokimiyat parlamentga, ijroiya hokimiyat hukumatga qarashlidir.
Mutloq monarxiyada monarx hokimiyati deyarli cheklanmagan, hukumat va boshqa hokimiyat organlari faqat monarx oldida javobgardir. (Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Omon, Bruney, Quvayt va boshq).
Boshqarishning yana bir keng tarqalgan shakli Buyuk Britaniya boshchilik qiladigan Britaniya hamkorligidir. U huquqiy jihatdan 1931 yili rasmiylashtirilgan. Unga dastlab Kanada, Avstraliya, Janubiy Afrika Ittifoqi, Nyufaundlend va Irlandiya kirgan edi.
Ikkinchi jahon urushida Britaniya imperiyasi barbod bo’lgach, Hamkorlik tarkibiga Britaniya Sobiq mustamlakalarning ko’pchiligi kirdi. Uning tarkibida dunyoning barcha qit’alarida joylashgan 50 mamlakat bo’lib, umumiy maydoni 30 mln km2 dan ko’proq, aholisi 1,2 mlrd kishidan ortiqdir. (Kanada, Avstraliya, Hindiston, Bangladesh, Shri Lanka, Malayziya, Nigeriya, Keniya, Tanzaniya va boshqalar). Hamkorlik a’zolari undan bir tomonlama so’zsiz chiqish huquqiga ega, ular ichki va tashqi ishlarda to’liq mustaqildirlar. Hamkorlik konferentsiyalarining qarorlari ularni qabul qilish uchun ovoz bermagan mamlakatlarda qonuniy kuchga ega emas.
Davlatning ma’muriy hududiy bo’linishi (MHB)lari asosiy shakliga unitar va federativga bo’linadi. Unitar davlatda odatda yagona qonun chiqaruvchi va ijroya hokimiyat, yagona davlat organlari tizimi, yagona konstitutsiya mavjud bo’ladi. Bunday davlatlar Dunyoda ko’pchilikdir.
Federativ davlatda yagona (federal) qonunlar va hokimiyat organlari bilan bir qatorda boshqa davlat tuzilmalari respublikalar, shtatlar, provintsiyalar, yerlar (viloyatlar), kantonlar, hududlar bo’lib, ular «ikkinchi» darajali bo’lsada, o’zlarining qonunlari va hokimiyat organlariga egadirlar. Ko’pchilik federativ davlatlarda parlament ikki palatadan iborat bo’lib, ularning bittasi respublikalar, shtatlar va boshqalar vakolatini ta’minlaydi. (masalan, AQSh kongressida senat shunday funktsiyaga ega). (Rossiya federatsiyasi, Belgiya qirolligi, Germaniya Federativ Respublikasi, Shveytsariya Konfederatsiyasi, Ispaniya, Hindiston Respublikasi, Malayziya, Myanma Ittifoqi, Federativ shtatlari, Komor orollari, Federativ Islom respublikasi, Nigeriya Federativ Respublikasi, Venesuela Respublikasi, Kanada, Meksika Qo’shma Shtatlari, AQSh, Argentina).
Federatsiya hududiy va milliy belgilariga qarab tuziladi. Davlatlar birlashuvining boshqa shakli konfederatsiya nisbatan kam uchraydi, (mas. Shveytsariya).
Do'stlaringiz bilan baham: |