Muhaqqaq xat uslubi. Bu uslub ko‘fiy xatidan paydo bo‘lgan. Muhaqqaq so‘zining asl ma’nosi “oshkor bo‘lgan”, “haq qaror topgan” demakdir. Ayrim lug‘atlarda uning ma’nosini “tushunarli” deb izohlanadi. Biror bir harfning “haqqi soqit bo‘lmagan” ya’ni, hafning biror bir elementi tushib qolmaganligi uchun “muhaqqaq” deyilga degan qarashlar ham mavjud. “Suls xati” paydo bo‘lgandan keyin bu xat o‘z o‘rnini unga berdi.
Suls xat uslubi. Mazkur xat abbosiylar davrida taraqqiy qildi va rivojlandi. Bu davrda 35 xildan ortiq xat turlari mavjud bo‘lgan va har biri muayyan sohalarda qo‘llanilgan. Xat turlari uchun Ma’mun topshirig‘iga ko‘ra islohot o‘tkazilgan, ammo bu xatlardan namunalar oz miqdorda bizgacha yetib kelgan. “Suls” arabcha so‘z bo‘lib, “uchdan bir qism” deganidir. Ya’ni, bu usulda harf yozilishining uchdan bir qismi qiyshiq, burchakli va uchdan ikki qismi to‘gri va doira shaklida yozilishi nazarda tutiladi. Sulsning asosiy xususiyati ko‘pincha doira va davra shakliga moyilligidir.
Arab xat turlari haqida batafsilroq ma’lumotga ega bo‘lish uchun ko‘pgina adabiyotlarga murojaat qilish lozim bo‘ladi3. Mazkur xat turlari mazmun-mohiyati
bilan turli o‘rinlarda qo‘llangan. Masalan, muhaqqaq ko‘proq she’r va qasidalarni yozishda qo‘llangan. Suls turli xat yo‘l-yo‘riqlarida hamda ilmiy ishlarda istifoda etilgan. Ko‘fiy xati ko‘proq masjid, madrasa va turli binolarning peshtoqlarini bezashda ishlatilgan. Rayhoniy va Nasx xatlarida asosan qissa va xabarlar yozilgan. Riqo xat uslubidan ko‘pincha maktublarni, Tavqe’dan esa asosan buyruq va farmonlarni yozishda foydalanilgan.
Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, keyinchalik mazkur xat uslublarining jamidan o‘ttiz olti xil xat turi ijod etilgan. Ularning ichida nasta’liq xat turi mashhur bo‘lib, qo‘lyozma yodgorliklarning asosiy qismi shu xat turida yozilgan. Nasta’liq nasx va ta’liq xat turlarining birlashuvidan yuzaga kelgan. Bu yozuv boshqa xat turlari ichida chiroyli yozilishi va oson o‘qilishi bilan ajralib turadi.
Mazkur yozuvning turkiy xalqlar tiliga mos kelmaydigan jihatlari borligini Abu Rahyon Beruniy, Z.M.Bobur (xatti boburiy) kabi bobokalonlarimiz e’tirof etishgan. Arab alifbosida savod chiqarishning qiyinligi sabab qilinib, 1921-yil, 1-5 yanvarda Toshkentda birinchi til-imlo qurultoyi chaqiriladi. Unda arab yozuvini soddalashtirish yoki osonroq imloga o‘tish msalasi muhokama qilinadi. Shunday qilib, arab yozuvi isloh qilindi va ancha soddalashtirildi.
Yozuvni isloh qilish 1922, 1923-yillarda o‘tkazilgan qurultoylarda yana muhokama qilinib, unda lotin yozuviga o‘tish takliflari yangradi. 1929-yilda lotinlashtirish masalasi to‘liq yakunlandi. Mazkur yozuv deyarli 11 yil davomida amalda bo‘ldi. 1940-yilning 8-mayida kirill grafikasi asosidagi yozuvga o‘tish bo‘yicha qaror qabul qilindi va 1940-yilning 1-sentabridan barcha matbuot va ta’lim-tarbiya jarayonlari kirill yozuvida olib boriladigan bo‘ldi.
Slavyan-kirill yozuvi Gretsiyaning Soluniki (rus. Solun) shahrida tug‘ilgan aka-uka Konstantin va Kirill Mefodiylar tomonidan tuzilgan. Shu bois bu yozuvlar “kirillitsa” deb ham yuritiladi. Vizantiya imperatori Mixail III topshirig‘iga ko‘ra 863-yilda shu yozuvda kitoblar tayyorlangan. Hozirda mazkur yozuvdan dunyo aholisining 10 foizi foydalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |