Omonqo’ton makoni. Bu g’or turidagi neondertal odamlarining makoni bo’lib, Urgut rayoning Omonqo’ton qishlog’i yaqinida joylashgan. Yodgorlik 1947 yili D.N.Lev rahbarligida SamDU ekspeditsiyasi tomonidan kashf qilindi. Makon 1947-1957 yillarda qazib o’rganildi. Arxeologik qazish ishlarida tarix fakultetining studentlari faol qatnashdi. Bu yodgorlik Zarafshon vohasida muste davriga oid birinchi bor topilib o’rganilgan makon hisoblanadi. Uning tadqiq qilinish vohada keng arxeologik ishlarini yo’lga qo’yishda boshlang’ich nuqta bo’lib qoldi va regionni chuqurroq o’rganishning istiqboli borligini ko’rsatdi. G’or dengiz sathidan 1400 metr balandlikda joylashgan uning koridorsimon uzunligi 29 m, balandligi 2,6 m va eni ayrim joylarda 2,5 m ni tashkil etadi. Kishi faoliyati bilan bog’liq topilmalar asosan g’orning kirish qismida to’plangan ekan. Tekshirilgan madaniy qatlamning qalinligi 25 sm dan 1,5 m gacha yetadi. Undan 220 ta tosh ashyoviy topilmalar yig’ib olingan bo’lib, qurollarning asosiy qismi chaqmoqtoshdan yasalgan. Bu yerdan topilgan 30 ga yaqin turli xildagi nukleuslar qurol yasash texnikaviy uslublarini o’rganishda katta yordam beradi. Qurollar orasida, ayniqsa, gardishsimon va yarim prizma shakldagi nukleuslar qiziqarlidir. Bir necha tosh paraqalari bo’lib, ularning ayrimlariga kertish usulida ishlov berilgan. Bu pichoqsimon qurollardan kesuvchi uskunalar sifatida foydalanilgan. Paraqalar levallua- muste texnika madaniyatini eslatadi (10-rasm). Bunday qurollarning namunalarini Qo’tirbuloq va Zirabuloq makonlaridan topilgan kolleksiada ham ko’rish mumkin. Omonqo’ton materiallari orasida 22 nusxa tosh paraqa mavjud bo’lib, ular uzunchoq, uchburchak shaklda nukleuslardan qurol yasash uchun ustalik bilan ajratib olingan. Ibtidoiy kishilar bu paraqalardan kam mehnat sarf qilib, pichoqsimon qurollar va nayza tig’lari silab chiqganlar. Nukleuslardan paraqa sindirib olish jarayonida ajratib olingan tashlandiq siniqlar o’sha davrdagi toshni qayta ishlash texnika uslubini ko’rsatadi. Bu erda otsheplar qo’polligicha qolgan. Omonqo’ton g’orida hammasi bo’lib 37 ta tosh qurol topilgan. Shulardan ikkitasi yaxshi ishlangan qo’l sixchasi va ikkitasi qirg’ichsimon qurollar muste davri kishilarning didi bilan toshni qayta ishlash uslubini ko’rsatadi. Qurollarning ayrimlari randasimon bo’lib, ular ham tosh paraqalaridan yoki otsheplardan yasalgan. Kertish texnikasi paraqalarning astar hamda ust tomonidan bajarilgan. Natijada qurol tig’lari arra tig’simon, to’lqinsimon bo’lib chiqqan. Kolleksiyada bargsimon paraqalardan ishlangan qurollar ham mavjud bo’lib, ularning ikkala tomoniga ishlov berilgan. Bu qurollar nayza tig’i sifatida va pichoq sifatida ham qo’llanilgan. Shuningdek, tosh qirg’ichlar, teshgichlar va keskich qurollar ham topilgan. Arxeolog N.Toshkenboev Omonqo’ton materiali bilan qisman tanishgan holda, bu yodgorlikni o’rta paleolitning so’nggi davriga oid degan fikrni bildirdi. Omonqo’ton g’orini ko’p yillar tadqiq qilgan atoqli arxeolog D.N.Lev Omonqo’tonlik ibtidoiy kishilarning qurol texnikaviy uslub madaniyati o’zining barcha xusuiyatlariga ko’ra, ilk va rivojlangan must`e davriga mansub, deb hisoblaydi. Yodgorlik Teshiktosh va Qo’tirbuloq makonlariga ancha yaqindir. Omonqo’ton g’orining ilmiy ahamiyati bu yerdan topilgan hayvonot dunyosi qoldiqlariga ham bog’liqdir. Hozirgacha O’rta Osiyo terretoriyasidan topilib o’rganilgan bironta makon va qarorgohlardan bunday boy material topilganicha yo’q. Yuqorida qayd etilganidek, to’plangan materiallar O’zbekistoning janubiy qismidagi, jumladan Zarafshon vohasining plestotsen daridagi iqlimi va tibbiy sharoiti haqida fan uchun zarur materiallar berdi. Takalisoy g’ori- muste davri qarorgohi bo’lib, u 1952 yilda D.N.Lev tomonidan tadqiq qilingan edi. Qarorgog’ Omonqo’ton g’origa yaqin joylashgan. Bu yerdan bir necha chaqmoqtosh siniqlari ishlov berish uchun tayyorlangan tosh xom ashyollari, gulhan izlari, mayda hayvon suyaklari qoldiqlari topilgan. G’orda neondertal odamlari vaqtincha yashagan bo’lishlari mumkin. Topilmalar tarkibida uchburchaksimon uzun paraxa quroli mavjud bo’lib, uning yon tomonlari kertish usulida o’tkirlangan pichoqsimon quroldir. Bu yerdan topilgan tosh paraxalar va otsheplar gardishsimon va prizmaga o’xshash nukleuslardan ajratib olingan. D.N.Lev bu texnikaviy uslubga asoslanib qarorgoh must`e davrining so’nggi bosqichlariga mansubdir, degan xulosaga keladi. Demak, Omonqo’ton va uning atrofida neondertal odamlari must`e davrining boshlaridan uning oxirgi bosqichlariga qadar uzluksiz yashaganlar. Takalisoy g’oridan topilgan tosh ashyoviy materialarning ishlov berish texnikaviy uslublari Qo’tirbuloq makoniga o’xshash bo’lib, bu ham Teshiktosh madaniyati doirasiga kiruvchi yodgorliklardan hisoblanadi. Topilmalar Zarafshon tog’ tizmasining arxeologik jihatdan istiqbolli ekanligini ko’rsatadi. Go’rdara qarargohi mus`te davriga oid g’or turidagi yodgorlik hisoblanadi. Arxeologiya institutining A. Asqarov rahbarligidagi otryadi tomonidan 1966 yilda birinchi marta qalamga olingan. Bu makon keyinchalik N. Toshkenboev tomonidan tadqiq etildi. G’or Zarafshon tog’ tizmasining shimoliy yon bag’rida, Samarqand shahridan 75 km janubiy-sharqida joylashgan. Mamlakatimiz hududida o’rganilgan va yuqorida zikr etilgan yodgorliklardan qo’lga kiritilgan arxeologik manbalar, xususan, mehnat qurollarining ishlab chiqishda qo’llanilgan texnologik uslublarning tadrijiy rivoji kuzatilinib, ilk paleolitdan boshlab va rivojlangan o’rta paleolitni Omanqo’ton misolida, keyin esa, so’nggi paleolit madaniyatini Samarqand makonida kuzatish mumkin. Demakkim, Zarafshon vohasi must`e madaniyatini ilk paleolit jamoalari madaniyatlari negizida tadrijiy rivojlanishi natijasida shakllangan. To’g’ri, ilk paleolit davridan rivojlangan must`e davrigacha bo’lgan kishilik tarixi bir necha yuz ming yillarni o’z ichiga olib, kishilik jamoalari tabiiy, ekologik, sharoitlari ma’qul mintaqalarda yashagan, qo’shni, tutash o’lkalarning jamoalari bilan aloqalar o’rnatgan va ularning madaniyati an`analari esa bir- birlariga ijobiy yoki salbiy tasiri bo’lganligini e’tirof qilish mumkin. Ammo, joyli aholi o’z madaniyatini saqlab, avlodlardan avlodlarga yetkazganligini aytish joizdir. Shuning uchun ham mamlakatimiz, jumladan, Zarafshon vohasida tashkil topgan must`e madaniyati avtoxton, ya`ni tub joyli negizda vujudga kelib, o’z davriga nisbatan yuksak bo’lgan va muste madaniyati taraqqiyoti negizida so’nggi paleolit madaniyati shakllanganligini etirof qilish ilmiy haqiqatdir. Xususan, bu jarayonni Samarqand, Xo’jamazgil, Siyobcha so’ngi paleolit yodgorliklarida kuzatish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |