Ko`lbuloq ilk paleolit yodgorligi tadqiqoti natijalari.
O‘rta Osiyo paleoliti davri: o‘rta paleolit.
O‘rta paleolit davri paleoekologiyasi, jamoalari moddiy madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari, ilk paleolit davri jamoalari moddiy madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari, davr ijtimoiy tuzumi, odamlar turmush tarzi, ijtimoiy munosabatlari, xo‘jalik mashg‘ulotlari, turar-joylari, ma’naviy kechinmalari, madaniy aloqalari. Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston hududi o‘rta paleolit davri yodgorliklari va ular tadqiqoti natijalari
Paleolit davrining keyingi taraqqiyot bosqichi must’e davri (bundan 100-40 ming yillar muqaddam) bo‘lib, yodgorliklar tosh industriyasi tahlili natijalari, ya’ni tosh qurollarining yangi turlari, yasalishi texnologiyasidagi innovatsion xususiyatlariga ko‘ra, bu davr oldingi tarixiy davrga qaraganda nisbatan progressiv xususiyatlarni o‘zida jamlagan tarixiy davr hisoblanadi. Bu tarixiy bosqichda odamzodning ibtidoiy to‘da, gala tarzida kun kechirishi jarayoni davom etgan. Lekin, odamzod biologik jihatdan takomillasha borganligidan hamda kunlik mehnati jarayonida to‘plagan tajriba, malaka ko‘nikmasi asosida o‘zlarini o‘rab turgan atrof muhitni, tabiat sirlarini yanada yaxshiroq tushunishga imkoni bo‘lgan. O‘z turmushini yanada yaxshilashga intilgan. SHu bois, mehnat jarayonida yangi ixtiro va kashfiyotlar qilishgan. Tabiiy olovdan foydalanishdan endi sun’iy olov hosil qilish amaliyotiga o‘tishganlar. Bu davrda masofaga irg‘itish moslama quroli – nayza tig‘i, chaqmoqtoshdan yasalgan kalta nayza (drotik), toshdan va suyakdan ishlangan turli-tuman qurollarning kashf qilinishi ovchilikning ixtisoslashuviga olib keldi va yovvoyi hayvonlarni birgalashib qurshab olish, cho‘chitish singari usullari paydo bo‘lib, shu bois ov qilish jarayoni oldingi davrga qaraganda ancha takomillashgan. SHu tarzdagi xo‘jalik yuritishning murakkablasha borganligi kishilar jamoasining yanada jipslashuvini taqozo qilardi. Bu jarayon oqibatda lokal, ya’ni har xil joylarda qo‘ni-qo‘shni jamoa bo‘lib yashay boshlashdiki, bu istiqbolda etnik birikmalarining shakllanishiga ham olib keldi shuningdek, odamlarining intellektual sohadagi rivojlanishiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmadi. Insoning tabiat kuchlari sirlarini tushunmasligi, ular oldidagi ojizliklari, ularni asta-sekinlik bilan bunday tabiat kuchlariga topinishi, sig‘inishlarini keltirib chiqargan. Bu davrda dafn bilan bog‘liq urf-odatlar yuzaga kelaboshlaganini kuzatamiz. Teshiktosh g‘or makoni “neondertal bolasi” topilmasi (qizil bo‘yoq sepilgani, mayit atrofi hayvon shoxlari bilan o‘ralgan holatlari) bundan dalolat beradi.
Mutaxassislar ko‘rsatishicha, ko‘pgina muste davri yodgorliklari (Jarqo‘ton, Teshiktosh, Amir Temur, Qorasuv) geologik jihatdan o‘rta pleystotsenning o‘rtalari va oxirlariga, qator yodgorliklar (Qayroqqum, Qorabo‘ri, Obiraxmat, Omanqo‘ton va boshqalar) esa o‘rta pleystotsen oxiri va so‘nggi pleystotsenning boshlanishiga taalluqli deb hisoblangan. V.A.Ranovning fikricha, O‘rta Osiyo muste davri yodgorliklarini geologik jihatdan pleystotsenning so‘nggi bosqichi bilan izohlasa bo‘ladi.
O‘rta Zarafshon vohasi miqyosida tosh davrining paleogeografiyasi, iqlimiy sharoiti, ekologik muhiti shuningdek, o‘simliklar va hayvonot dunyosi to‘g‘risida Omanqo‘ton, Qo‘tirbuloq Samarqand manzilgohi, Uchtut,Sazog‘on 1,2, Jangal 1, Zamichatosh, Tepaqul 3,4, Ochilg‘or makoni tadqiqotlari jarayonida qo‘lga kiritilgan fauna va flora qoldiqlari muhim manba sifatida ahamiyatli hisoblanadi. Xususan, o‘rta pleystotsen davri Zarafshon tog‘ tizmasi yon bag‘irlari hayvonat dunyosi to‘g‘risida Omanqo‘ton g‘oritadqiqotida qo‘lga kiritilganturli hayvonlar suyak qoldiqlari muhim ma’lumot beradi. V.I.Bibikova fauna to‘plamini tahlil etar ekan, 20 ta sut emizuvchi hayvonlar turini ajratdi va ular Osiyo yovvoiy qo‘yi, tog‘ echkisi, ibtidoiy buqa (tur), bug‘u, ayiq, qulon, qarsoq, giena, barsuq, kiyik, ot muflon singari hayvonlar qoldiqlari ekanligini aniqladi. V.I Bibikovaning ko‘rsatishicha Omanqo‘ton, Takalisoy atroflaridan to Jomgacha bo‘lgan Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yonbag‘ri ingichka bargli daraxtlar o‘rmoni, butazor, o‘tli yaylovlar bilan qoplangani bois Osiyo mufloni, qulon, jayran, dasht toshbaqalari, ot, kiyik, tog‘ echkisi, qo‘yi,bu kabi hayvonlarning yashashiga qulay imkoniyat bo‘lgan. SHu o‘rinda, dasht toshbaqalarining suyak qoldiqlari tog‘ yon bag‘rining dengiz sathidan 1200 metrgacha bo‘lgan pastki qismida joylashgan yodgorliklar tadqiqotida uchratilganini mutaxassislar alohida e’tirof etishganini keltirish lozim. Qo‘tirbuloq, Zirabuloq yodgorliklari tadqiqotida qo‘lga kiritilgan ibtidoiy buqa(tur-Bos aut Bison), buxoro bug‘usi, qulon (Eguus kemiomes Pall), ot (Eguns cabal Ius foss.L.)kabi hayvonlarning qoldiqlari ham vohaning paleogeografiyasi, ekologik muhiti, hayvonat dunyosi haqida muhim manba hisoblanadi. SHuningdek, bu manzilgohlar joylashgan joylarningqalin o‘t-o‘lan, maysalar bilan birgalikda o‘suvchi daraxt, butalar o‘rmonitomonidan qoplanganligi haqidagi ma’lumotlar ilmiy adabiyotlarda mavjud. Zarafshon vohasi so‘nggi paleolit, mezolit davri qadimgi geografiyasi, ekologiyasi, o‘simlik va hayvonat dunyosi haqidagima’lumotlar Samarqand so‘nggi paleolit makoni tadqiqotida qo‘lga kiritilgan hayvon suyagi qoldiqlari hamda madaniy qatlamdan topilgan kuyib ko‘mir holatga aylangan o‘simlik qoldiqlariga asoslanadi. O‘simliklar qoldiqlari qayrog‘och bargining, qamish va daraxt shoxlarining qotib qolgan ko‘rinishlarida ham topilgan. SHuningdek, Samarqand makonimadaniy qatlamidano‘simliklarning urug‘-changlanish qoldig‘inamuna analizi olingan. Analiz tahlili ular qarag‘ay, yong‘oq, qayin, zirk kabi daraxtlarning urug‘-changlari ekanligini ko‘rsatdi. SHu kabi paleobotanika ma’lumotlaribu yodgorlikdan topilgan hayvon suyaklari qoldiqlari bilan hamohanglikda Samarqand makoni atrof hududlari, xususan Qoratepa tog‘ yon bag‘ridan o‘z suvini oqizib keluvchi yirik soylar, jilg‘alar hamda Zarafshon daryosi bo‘ylariqalin to‘qayzor, qamishzor, butazorlarida yovvoyi ot, tur, jayron, yovvoyi cho‘chqa-to‘ng‘iz, bug‘ular yashashib, oziqlanganliklari haqida xulosa chiqarish imkonini beradi.
YUqorida keltirilgan ma’lumotlar O‘rta Osiyo o‘rta paleolit (muste) davri paleogeografiyasi, ekologik muhiti, o‘simlik va hayvonot dunyosi to‘g‘risida tadqiqotlarda qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar hisoblanadi.
Ma’lumki, kishilik tarixi tosh davri o‘rta paleolit bosqichida neondertal tipidagi odamlar yashashib, o‘zlariga xos moddiy madaniyat yaratishganlar. Bu davrga kelib odamzod mehnat qurollari yasash texnologiyasini birmuncha takomillashtirgan, mehnat qurollarining turi ko‘paygan, olovdan keng foydalanishganlar. O‘rta Osiyo miqyosida o‘rta paleolit jamoalari moddiy madaniyatiga tegishli 100 dan ortiq makonlar topib o‘rganilgan. Soha mutaxassislari o‘z tadqiqotlarida bu davr jamoalar moddiy madaniyatini bir necha lokal, ya’ni mahalliy madaniy guruhlarga bo‘lishgan va bunda tosh qurollarini yasalish texnologik uslublarini hisobga olishgan. Jumladan, V.A.Ranov shu asosda O‘rta Osiyo muste davri uchun quyidagi mahalliy madaniy guruhlarni ajratgan. 1. Levallua texnologik uslubida yasalgan qurollarga ega bo‘lgan makonlar: Xo‘jakent, Jarqo‘ton, Obirahmat. 2. Levallua muste texnologik uslubida yasalgan qurollariga ega bo‘lgan makonlar: Qayroqqum, Tussor, Farg‘ona vodiysi manzilgohlari. 3. Muste texnologik uslubida yasalgan qurollarga ega bo‘lgan makonlar: Teshiktosh, Semiganch, Og‘zikichik. 4. Muste-Soan texnologik uslubida yasalgan qurollarga ega bo‘lgan makonlar: Qorabo‘ri, Oqjar, Ko‘hipiyoz.O‘rta Osiyo muste davri jamoalari moddiy madaniyatining mahalliy madaniy variantlari borasida tadqiqotchi olimlar o‘rtasida yakdil fikr yo‘q. Xususan, Angren shahri yaqinidagi ko‘p madaniy qatlamli Ko‘lbuloq paleolit makoni tadqiqoti natijasida yana bir mahalliy variantni – arra tishli muste variantiga ajratildi. Bu variant jumlasiga kiruvchi arxeologik manbalar A.V.Vinogradov tomonidan Zarafshon quyi oqimi hamda L.B.Vishniyaskiy tomonidan G‘arbiy Turkmaniston paleolit makonlaridan topilishi muhim bo‘ldi. SHuningdek, arra tishli muste madaniyatining pado bo‘lishi masalasida 1980 yildan e’tiboran U.Islomov tomonidan tadqiq etib kelinayotgan Sel-Ung‘ur g‘or makoni qimmatli ma’lumot beradi. YA’ni, makon tosh qurollari tipologiyasida arra tishli qurollar turkumi yaxshi taqdim etilgan. R.X.Sulaymonov Obirahmat g‘or makoni arxeologik manbalari asosida Obirahmat madaniyatini ajratdi. Zarafshon vohasi muste yogorliklari moddiy madaniyati ham (Qo‘tirbuloq, Zirabuloq) A.H.Toshkenboev va R.X.Sulaymonovlar tomonidan Obirahmat madaniyatiga kiritilgan. R.X.Sulaymonov ilmiy konsepsiyasini U.Islomov, T.Omonjulovlar ham qo‘llashmoqda. M.Jo‘raqulov ham Obirahmat madaniyatini o‘z xususiyatlariga ko‘ra V.A.Ranov tomonidan taklif etilgan,O‘rta Osiyo muste yodgorliklari «A» (old Osiyo) guruhiga to‘g‘ri keladi deb hisoblaydi. Omonqo‘ton g‘or makoni arxeologik ashyoviy dalillar tipologiyasi ishlov berilish uslublari bilan Qo‘turbuloq, Obirahmat makonlari arxeologik manbalariga yaqin. Takalisoy, Go‘rdara g‘or makonlaridan qo‘lga kiritilgan manbalarda ham shu o‘xshashlik xususiyatlari mavjud. Farqli joyi shundaki, zikr etilgan makonlarda qayroqtoshdan yasalgan qurollar deyarli uchramaydi. O‘rta Osiyo muste davri moddiy madaniyatining kelib chiqishi ildizlari borasida yakdil fikr yo‘q. Bu masala ancha chigal, munozarali hisoblanadi. V.A.Ranov va R.Devis tadqiqotlarida bu muammo nisbatan batafsilroq bayon etilgan. Muste-Soan va Levallua-muste variantlari kelib chiqishi ham, to‘la echimini topmagan. Garchi V.A.Ranov dastlabki tadqiqotlarida muste-soan variantidagi makonlarni Hindistonning shimoliy-g‘arbiy qismidagi Soan madaniyati bilan bog‘lagan bo‘lsa, keyingi tadqiqotlarida bu fikrdan qaytib, neondertal tipidagi odamzodning g‘arbdan-sharqqa tomon siljish jarayoni bilan izohlamoqda. SHu bilan birga Janubiy Tojikiston (Kuldara, Laxuti-1, Qoratov-1) hududida so‘ngi yillarda ochilgan makonlar asosida bu madaniy variant mahalliy ildiz bag‘ridan kelib chiqqanligini ham ilgari surdi. Levallua-muste madaniy varianti masalasida ham Yaqin Sharq tomondan Levallua-muste esa Janubiy Tojikiston yoki Farg‘ona vohasining muste davrigacha bo‘lgan madaniyatlari merosxo‘rlari deb hisoblaydilar. Xullas, O’zbekiston sarhadlari tosh asri muste davrida (100-40 ming yilliklar) ibtidoiy odamzod tomonidan o’zlashtirilganligi tadqiqotlarda aniqlandi. Yuqorida keltirilganidek, muste davri yodgorliklari tadqiqoti Teshik-tosh g’or makoni ochilishi bilan boshlangan bo’lsa, keyingi yillar maboyinida Toshkent vohasi, Zarafshon vohasi va Qizilqum hududlarida amalga oshirilgan tadqiqotlarda ko’plab must`e yodgorliklari aniqlangan.
O‘rta Osiyo muste davri yodgorliklari tadqiqotlarida davr jamoalari moddiy madaniyatining o‘ziga xos xususiyatlari, jamoalarning o‘zaro qo‘ni-qo‘shnichilik madaniy aloqalarini ifodalovchi muhim manba va ma’lumotlar qo‘lga kiritilgan. Jumladan, O’zbekiston muste davri jamoalari madaniyati o’ziga xosligini, madaniy aloqalarini bilishimizda Toshkent va Zarafshon havzasi muste yodgorliklari tadqiqotlarining natijalari muhim ma’lumotlar bergan. Bu madaniy yaqinliklar shubhasiz tosh davri jamoalari ma’lum bir hudud bilan chegaralanib yashab qolmasdan, balki atrof- xudud o’ziga xronologik jihatdan tengdosh jamoalar bilan o’zaro qo’ni- qo’shnichilik madaniy aloqada bo’lganligini bildiradi va bu masala tom ma’noda ibtidoiy davr madaniyatini o’rganishda eng dolzarb muammo hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan Toshkent va Zarafshon havzasi tosh davri jamoalari moddiy madaniyatini o’rganishda qiziqarli manbalar qo’lga kiritilgan.
Toshkent va uning atrof hududlari ibtidoiy madaniyatini o’rganar ekanmiz, dastavval ushbu mintaqaning odamzot tomonidan o’zlashtirilishi masalasiga duch kelamiz. Bu masalada, asosan o’tgan asrning 50- yillaridan e`tiboran A.P.Okladnikov, X.K.Nasritdinov, M.Qosimov, U.Islomov, R.X.Sulaymonov, T.Omonjulov, N.X.Toshkenboev, K.A.Kraxmal kabi arxeolog olimlarimiz tosh asri jamoalari moddiy madaniyatini o’rganish borasida muhim izlanishlar olib borishgan. Xususan, Ko’lbuloq, Obiraxmat, Qo’shilish, Xo’jakent 1,2, Oqtosh, Bo’zsuv 1-6, Paltau, Pskem, Ko’prikboshi, Chotqol 1,2, Qoraqamish, Sho’ralisoy kabi yodgorliklar kashf etilib, ular tadqiqotida tosh asri barcha taraqqiyot bosqichi jamoalari moddiy madaniyatiga tegishli qiziqarli manbalarning qo’lga kiritilganligi ilmiy ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Obiraxmat, Ko’lbuloq, Paltau kabi yodgorliklar yangicha yondashuv asosida qayta o’rganildi va mazkur hudud tosh davri jamoalari madaniyatining yangi qirralari kashf etilishiga erishildi. Qayd etilgan tadqiqotlar Toshkent va uning atrofi kishilik tarixi taraqqiyoti tosh asri ilk paleolit davridanoq (Ko’lbuloq makoni pastki madaniy qatlamlari) odamzot tomonidan o’zlashtirilib, keyingi bosqichlarda ham o’ziga xos madaniyat yaratilganligini isbotlab berdi. R.U.Sulaymonov Obiraxmat makoni manbalari asosida Toshkent havzasida o’rganilgan tosh davri jamoalariga oid yodgorliklarni mahalliy xususiyatlarga ega bo’lgan 2 ta madaniyatga ajratgan: Ko’lbuloq va Obiraxmat. V.A.Ranov o’z tadqiqotlarida Obiraxmat va Xo’jakent makonlari tosh industriyasini tahlil etib, ularni levallua tipidagi industriya degan xulosaga keldi (1973). Ko’lbuloq manbalari yuqorida zikr etilgan xalqaro ekspeditsiya xodimlari tomonidan qayta o’rganilib, tadqiqot natijasiga ko’ra mutaxassislar makonning bir qancha madaniy qatlamlari tipik muste davriga tegishli degan fikrni bildirishdilar. Tadqiqotchi O.Yu.Grishina Toshkent havzasining shu kungacha ma`lum bo’lgan barcha tosh davri jamoalariga tegishli yodgorliklarini uchta guruhga ajratib (Ko’lbuloq; Obiraxmat, Bo’zsuv), bu yodgorliklar moddiy madaniyati o’z fatsial xususiyatiga ko’ra Qozog’iston o’rta paleolit makonlari tosh industriyasi ba`zi jihatlariga madaniy yaqinliklari mavjudligi to’g’risida fikr yuritadi. Toshkent va uning atroflarida joylashgan, yuqorida zikr etilgan, tosh davri jamoalariga tegishli makonlar tosh industriyasining o’ziga xos xususiyatlarini o’rgangan, tosh qurollarining tipologik tahlilini qilishgan mutaxassis-olimlar mazkur mintaqa makonlari tosh industriyasi o’zlarining ba’zi jihatlari bilan qo’shni, xususan, Zarafshon vohasi tosh davri makonlari tosh industriyasiga madaniy yaqin ekanligi faktlarini aniqlashga erishganlar. O’z navbatida Zarafshon vohasi tosh davri jamoalari moddiy madaniyatini o’rganishda ham Toshkent havzasi uchun xuddi shunday faktlar borliligi tadqiqotchilar tomonidan e’tirof etilgan. Xususan, R.X.Sulaymonov Obirahmat makoni tosh industriyasi xarakterini o’rganib, tosh qurollarini tipologik jihatdan ilmiy tahlil etar ekan, ular ba`zi jihatlari bilan Omonqo’ton makoni tosh qurollariga o’xshashligini qayd etadi. Bu o’xshashlikni paraqa va otshep qurollari nisbati, ularning o’lchamlari, ishlov berilish uslublari, shuningdek, qo’pol, arxaik ko’rinishdagi prizmasimon tosh o’zaklarining mavjudligi bilan izohlab, shu asosda makonni tadqiqotchi Obirahmat madaniyatiga tortilishini e’tirof etadi. Toshkent va Zarafshon havzasi tosh asri jamoalari madaniyatining o’zaro madaniy yaqinliklari to’g’risidagi fikrini davom ettirib, R.X.Sulaymonov Uchtut, Ijond, Vaush, Tutli kabi makonlar moddiy madaniyati Obiraxmat madaniyatiga xronologik jihatdan tengdoshdir degan xulosani ham bildiradi. B.Sayfullaev, N.Xushvaqtov, I.Qurbonboyevlar Ko’lbuloq makoni yuqori madaniy qatlamlari (I-III) tosh qurollarini qayta yangicha yondoshuv asosida texnik-tepologik jihatdan o’rganishib, mazkur qurollar ko’p xususiyatlari bilan Zarafshon so’ngi paleolit qurollariga o’xshash degan xulosaga kelishdi. Bu o’xshashlik mikroparaqalar uchirib olishga mo’ljallangan konussimon tosh o’zaklari, arra tishsimon ko’rinishda ish maydoniga ega bo’lgan qurollar, skreblo, qirg’ich qurollari misolida izohlanadi. Ayniqsa, Zarafshon vohasi yodgorliklarida uchratilgan qirg’ich qurllarining barcha tipi Kulbuloq makoni I-III madaniy qatlamidan topilgan tirnoqsimon ko’rinishdagi mikroqirg’ichlar Sakmarqand makoni 2-madaniy qatlamida uchratilgan. N.U.Toshkenboev, R.X.Suleymonovlar Qo’tirbuloq, Zirabuloq makonlari tosh industriyasi o’ziga xos xususiyatlarini tahlil qilishib, ular tosh industriyasi asosini prizmasimon tosh uchurib olish texnik uslubigacha bo’lgan usul (protoprizmaticheskaya) tashkil etganligi va bu xususiyat bilan Obiraxmat madaniyatiga (pastki madaniy qatlamlar) madaniy yaqinlik mavjudligi faktini aniqlashadilar. Qo’tirbuloq makoni asosiy tosh qurollarini Obiraxmat makoni (asosan pastki madaniy qatlamlari) tosh qurollari bilan qiyosiy taqqoslashning natijasi esa bu o’xshashlikni izohlashga imkon beradi (otshep va paraqalar uch qismi tekislanib ish maydoni hosil qilingan qurollar (strug, skobel), tishsimon va chuqur, uydumchali holatda ishlov berilgan ish maydoniga ega bo’lgan qurollarning ikkala tosh industriyasida ham uchrashi, ishlov berilgan paraqalarning salmog’i deyarli tengligi (26%; 30%) bu o’xshashlikni ilmiy asoslaydi). Shu kabi faktlar bilan Zarafshon va Toshkent vohasi tosh davri makonlari tosh industriyasidagi madaniy yaqinliklarni yana davom etirishimiz mumkin. Lekin bu fikrni mazkur hududlarda yangi kashf etilgan yodgorliklar va ular tadqiqotida qo’lga kiritilgan arxeologik manbalar asosida bayon etmoqchimiz. Bu borada yaqin yillarda Samarqand Davlat Universiteti arxeologlari tomonidan O’rta Zarafshon vohasi Qoratepa massivi shimoliy yon bag’rida tosh davri jamoalari moddiy madaniyatini o’rganish jarayonida kashf etilgan Olmabuloq paleolit makoni, Ochilg’or makoni tadqiqotida qo’lga kiritilgan ashyolar qiziqarli ma`lumotlar berdi. Olmabuloq makoni tadqiqoti dastlabki natijalari makon tosh industriyasi o’z jihatlari bilan Qo’tirbuloq, Zirabuloq, Samarqand makonlari industriyasiga yaqin ekanligidek xulosaga kelish imkonini berdi. 2004 yildan e’tiboran o’rganilib kelinayotgan Ochilg’or makoni dastlabki tadqiqotlardan ko’p madaniy qatlamli makon ekanligi va pastki madaniy qatlamlar mezolit, hatto yuqori paleolit davri jamoalariga tegishli ekanligi ma’lum bo’ldi. Ochil g’or makoni tosh qurollari bilan bevosita tanishgan O’tkir Islomov ularni mezolit davri jamoalariga tegishli ekanligini ta’kidlab, bu qurollar Qo’shilish, Obishir qurollariga o’xshashligini alohida e’tirof etdi (2007 yil). Makonda 2.0 -2,2 m chuqurlikgacha qazilma ishlari bajarilib, unda 13 ta litologik qatlam ajratilishiga erishilgan (2008 yilgi tadqiqot) O`. Islomov fikridan kelib chiqib, Qo’shilish makoni tosh qurollari bilan Ochilg’or makoni qurollarining o’zaro o’xshashlik jihatlariga qisqacha to’xtalamiz. Qo’shilish makoni qadimgi Bo’zsuv kanali chap qirg’og’ida joylashgan bo’lib, O’. Islomov tomonidan atroflicha tadqiq etilgan. Xususan, O’. Islomov makondan topilgan tosh qurollarining tipologik tahlil etar ekan, ularning Yaqin Sharq hududida mezolit makonlari (Natuf-1 el-Amar makoni), Sharqiy Kaspiybo’yi Dam-Dam-Chashma 1 makoni mezolit davri jamoalariga tegishli madaniy qatlamlari tosh qurollariga bazi jihatlari bilan o’xshash ekanligiga asoslanib Qo’shilish makonini ilk mezolit davri jamoalariga tegishli degan xulosaga kelgan. Shuningdek, O’. Islomov o’z tadqiqotida makon tosh industriyasida qo’pol ko’rinishli otshep qurollari, yon qirrasida yoysimon botiqlik( chuqurga) ko’rinishda ishlov berilgan ish maydoniga ega bo’lgan qurollar (skobel) uchrashi va ular o’z shakli va ishlov berilishi uslublari bilan o’zlarida yuqori paleolit jamoalari madaniyatini namoyon etganligini alohida qayd etib, bu turdagi qurollar Samarqand yuqori paleolit makoni pastki madaniy qatlamlari qurollariga o’xshashligi to’g’risidagi xulosani bildiradi. Biz ham o’z navbatida Ochilg’or makoni pastki madaniy qatlami asosiy tosh qurollari o’z shakli va ishlov berilishi uslublari jihatidan Qo’shilish makoni tosh qurollariga o’xshashligini e’tirof etmoqchimiz. Bu o’xshashlik prizmasimon, konussimon, qalamsimon tosh o’zaklari, arxaik ko’rinishdagi enli prizmasimon paraqa qurollari, otshepdan yasalgan uch qismida yoysimon holatda bo’rtib chiqqan ish maydoniga ega bo’lgan qirg’ich qurollari, otshepdan yasalgan yon qirrasida yoysimon botiq ko’rinishda ishlov berilgan ish maydoniga ega bo’lgan qurollar (skobel), arxaik ko’rinishdagi paraqa qurollar shakli va ishlov berilishi uslubi misolida namoyon bo’lgan.
Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston hududi o‘rta paleolit (muste) davri yodgorliklari va ular tadqiqoti natijalari
Tojikiston hududi muste davri jamoalari moddiy madaniyati nisbatan yaxshi o‘rganilgan. Tojikiston territoriyasida bu davr tarixini o‘rganish borasida katta ilmiy ishlar bajarildi. Ayniqsa, A.P.Okladnikov va V.A.Ranovning xizmatlari e’tiborga sazovordir. Ular rahbarligidagi ekspeditsiyalar ko‘plab yodgorliklarni aniqlab, tadqiq qildilar. Jumladan:
Og‘zikichik g‘or makoni. YOdgorlik V.A.Ranov tomonidan tadqiq qilingan bo‘lib, bu erdan yig‘ilgan tosh asbob-uskunalar muste va undan so‘nggi davrlarga mansubdir. Makon Zimiston tog‘ etagidan oqadigan Qayrag‘och daryosi bo‘yidagi Dangari qishlog‘idan 20 km shimoli-sharqda joylashgan.
G‘orni qazish jarayonida juda ko‘p qurol-aslahalar va to‘rlamchi davr hayvonot suyagi qoldiqlari yig‘ib olindi. Bu erda ibtidoiy kishilarning gulxan qoldiqlari borligi kuzatildi. Yodgorlikdan topilgan tosh qurollarni ikki guruhga bo‘lish mumkin. Uning asosiy qismi rivojlangan muste davriga oid (13-rasm). Bu guruhdagi qurollar aslida suvda tabiatan sayqallangan turli toshlardan yasalgan. Qurollarning bir qismi esa muste davrining eng oxirgi pog‘onalariga borib taqaladi. Hayvonot dunyosi qoldiqlaridan qadimgi ot, qulon, qo‘y, it, bug‘u, ayiq, tulki va junli karkidonning ikkita tishi, umuman, 17 xil hayvon qoldiqlari topilgan. Bu hayvonot dunyosi ibtidoiy odamlarning ozuqa manbai bo‘lgan. Laboratoriya usulida aniqlanishicha, muste davrida bu atrofda archa, chinor, qayin, eman, qayrag‘och kabi daraxtlar o‘sgan. Barcha topilgan material tipologik jihatdan 2000 dan ziyodroq. Tosh qurollarning 50 foizdan ko‘prog‘ini qirg‘ich, pichoqlar, sixchalar va 20 foizni esa nayza tig‘lari tashkil qiladi. Og‘zikichik makoni tosh qurollar yasash madaniyati bilan Semiganch va Teshiktosh yodgorliklariga juda yaqindir.
O‘rta paleolit davriga oid makon va manzilgohlar Tojikistonning boshqa rayonlaridan ham topilib o‘rganilgan. Bu borada Kofirnigon, Vaxsh vodiysi va Hisor vodiysining sharqiy o‘lkalari alohida ko‘zga tashlanadi. SHulardan Oqjar, Qorabo‘ri, Bo‘ritov, Xo‘rangon, Semiganch, Ko‘rjamalakqum manzilgohlari qiziqarlidir. (Ranov va boshqalar 1978, 62-83 betlar; Ranov, Amosova, 1983).
Oqjar manzilgohidan 250 dan ziyodroq tosh ashyoviy topilmalar er yuzasidan yig‘ib olingan va topilmalarning aynan muste davriga mansubligi aniqlangan. Topilmalar orasida, jumladan, qo‘pol tarzda yasalgan tosh qirg‘ichlar bor.
Qorabo‘ri makoni – Vaxsh daryosining chap qirg‘og‘ida, Jiliko‘l qishlog‘i yaqinida joylashgan. Qorabo‘ri arxeologik materialga boy manzilgohlardandir. Bu erdan qazish ishlari davomida 8000 dan ziyodroq tosh aslahalar yig‘ib olingan. Kolleksiya muste davrining rivojlangan so‘nggi pog‘onalariga oiddir. Topilmalarning 286 tasi qurol-aslahalar, qolganlari esa paraqalar, nukleus va tosh siniqlaridan iboratdir. Qorabo‘ri makoni O‘rta Osiyoning shu davriga oid boshqa yodgorliklardan qisman farqqilib, bu erda levallua paraqalar kam uchraydi. Asosan, ularning qo‘polroq texnika uslubi asosida ishlanganligi kuzatiladi. Bu erda nukleuslarga oxirigacha ishlov berilgan, qo‘l chopqilari ham e’tiqod bilan kertma tarzida ishlangan. Qirg‘ichlar qo‘pol tosh siniqlaridan tayyorlangan. Qorabo‘ri industriyasida Soan madaniyatiga xos tabiiy silliqlangan qayroq toshdan yasalgan chopper qurollari mavjud. Bu dalillar Qorabo‘rining O‘rta Osiyo muste qurollari davri yodgorliklaridan ma’lum darajada farqqilinishini ko‘rsatadi. Yodgorlik V.A.Ranov tomonidan tadqiq qilingan. (1988).
Do'stlaringiz bilan baham: |