Mas’ul muharrir
professor, t.f.d. Djurakulov M.D.
Taqrizchilar:
professor, t.f.d. Suleymanov R.H.
professor, t.f.n. Djurakulov a D.M.
dostent, t.f.n. Hakimniyozov J.
K I R I SH
«Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi,
u xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida
saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi.
SHuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy meros
ni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlod
larga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim
ustuvor yo‘nalishlardan biridir»
Mirziyoev SH.M. «Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’
iyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz".
I-jild. T.,2017.B.29.
Ushbu o‘quv qo‘llanmada kishilik tarixi taraqqiyotining ilk bosqichlarini o‘z ichiga oluvchi butun bir tarixiy davr, ya’ni O‘rta Osiyoda tosh asri tarixi, tarixshunosligi xususan, davr ijtimoiy tuzumi, antropogenez jarayoni, inson va tabiatning o‘zaro aloqadorligi, tosh asrining davrlashtirilishi va tarixiy bosqichlarning o‘ziga xos xususiyatlari, davr yodgorliklarining xronologik doirasi va mustaqil arxeologik madaniyatlari yoritilishi nazarda tutilgan. Unda, tosh asri taraqqiyoti bosqichlari jamoalar moddiy madaniyati, odamlar turmush tarzi, kunlik mashg‘ulotlari, mehnat qurollari va ularning evolyusiyasi, xo‘jalik va madaniy ixtiro, kashfiyotlar, aholining mafkuraviy qarashlari ma’naviy kechinmalari, diniy tasavvurlari, ibtidoiy san’at, etnos, etnomadaniy qiyofa va antropologik tiplar, shu davrda ro‘y bergan ijtimoiy - iqtisodiy yuksalishlar, urug‘chilik jamoa tuzumining shakllanishi va rivoji, ikki xo‘jalik va madaniy tiplar, ya’ni o‘zlashtirma xo‘jalik va ishlab chiqarish iqtisodiyotiga asoslangan jamoalar madaniyati, iqtisodiy va madaniy aloqalar, madaniyatlar kelib chiqishi tarixiy ildizlari haqida keyingi yillar tadqiqotlari natijalariga tayanilib ma’lumotlar keltiriladi.
O‘rta Osiyo tosh asri buyicha ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi O‘rta Osiyo arxeologiyasi faniga doir oldingi yillarda ham o‘quv qo‘llanmalar yozilgan. M.D.Djurakulov tomonidan 1984 yilda yozilgan “O‘rta Osiyo ibtidoiy davr arxeologiyasi” nomli, J.Kabirov, A.Sagdullaevlar hamkorlikda 1990 yilda yozishgan “O‘rta Osiyo arxeologiyasi”nomli o‘quv qo‘llanmalari shular jumlasidan hisoblanadi. Bizning mazkur o‘quv qo‘llanmamizning yozilishi keyingi uch o‘n yilliklar davomida O‘rta Osiyoda, shu jumladan O‘zbekiston hududida tosh asri yodgorliklari tadqiqotida qo‘lga kiritilgan kashfiyotlar, zamonaviy yondoshuvlar asosida katta hajmdagi arxeologik manbalar tahlili bo‘yicha chiqarilgan xulosalarga tayanilgani bilan xarakterlanadi.
Ma’lumki, Respublikamiz mustaqilligi yillarida tosh asri yodgorliklari tadqiqotida jahonning nufuzli ilmiy markazlari bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi, xalqaro arxeologik qo‘shma ekspeditsiyalar (O‘zbekiston-Rossiya, O‘zbekiston-Polsha, O‘zbekiston-Fransiya, O‘zbekiston-Xitoy kabi) faoliyat ko‘rsatdi, ilmiy izlanishlarda zamonaviy metodikalar qo‘llanildi, taniqli xorij mutaxassislari ishtirok etishdi.Ushbu tosh asri yodgorliklari tadqiqoti natijalari o‘quv qo‘llanmamiz mazmunida o‘z ifodasini topgan. Haqiqatdan ham, keyingi yillarda O‘rta Osiyo tosh asri paleolit davriga oid qator yangi yodgorliklar kashf etildi, antropogenez jarayonini oydinlashtiruvchi muhim antropologik manbalar (Farg‘ona odami, Obirahmat odami) qo‘lga kiritilishiga erishildi. Xususan, oldingi yillarda tadqiq etilgan yodgorliklarda (Ko‘lbuloq, Qo‘tirbuloq, Obiraxmat g‘or makoni kabilar) xalqaro arxeologik ekspeditsiyalar qayta qazilma ishlarini amalga oshirishdi va muhim arxeologik, antropologik manba, ma’lumotlarni qo‘lga kiritishdi, yangi chakmoqtosh ustoxonalari (Qizilqumda Ko‘kayaz 1-8) kashf etildi. Zarafshon vohasida noma’lum bo‘lib kelgan mezolit davri jamoalariga tegishli yangi yodgorliklar topildi (CHorbaqti yodgorliklari, Qorakamar, Ochilg‘or makoni pastki madaniy qatlami va h.k.), yangi qoyatosh rasmlari yodgorliklari(Nurota tog‘ tizmasi qoyatosh rasm yodgorliklari) ochildi. SHuningdek, O‘rta Osiyo neolit davri jamoalari moddiy madaniyati tadqiqoti bo‘yicha ham yaqin yillarda muhim yutuqlar, kashfiyotlar qo‘lga kiritilgani faktini keltirish mumkin. Xususan, Quyi Zarafshon vohasida kaltaminor jamoalari madaniyatiga oid yangi yodgorlik (Oyoqag‘itma) xalqaro arxeologik ekspeditsiyalar (O‘zbekiston-Polsha, O‘zbekiston-Fransiya) tomonidan tadqiq etildi va undan topilgan materiallar hamda radiokarbon analizlari asosida kaltaminor madaniyati sanasi qadimiylashtirildi, xonakilashgan hayvon suyaklari qoldiqlari topildi. O‘rta Zarafshon vohasida SamDU arxeologlari tomonidan Sazog‘on madaniyatiga oid 30 ga yaqin yangi yodgorliklar qayd etilib, ularning bir qismida qazilma ishlari bajarilib, katta hajmdagi materiallar qo‘lga kiritildiki, bular Sazog‘on madaniyatini O‘rta Osiyo neolit davri madaniyatlari tizimida mustaqil madaniyat sifatida ajratilishiga ilmiy asos berdi. Surxondaryo sarhadlarida neolit davriga oid yangi To‘da yodgorliklari tadqiq etildi. Tojikiston hududida Kangurttut, Lyulikutal, Charmgaron, Uchqun kabi qator neolit yodgorliklari kashf etildi, Hisor neolit madaniyatining mahalliy madaniy variantlari (“Klassik hisor”, “Qulob guruhi”, “YAvon guruhi) ajratilib, ilmiy asoslandi. Neolit davri jamoalari (kaltaminor, sazog‘on, hisor neolit jamoalari) turmushida ishlab chiqarish iqtisodiyoti yuzaga kelaboshlaganligi, jamoalarning o‘zaro qo‘shnichilik madaniy aloqalari bo‘lganligi hamda neolit jamoalari madaniyatining genezisi va uning avtoxtonligi haqida yangi faktlar aniqlandi.
Ta’kidlash joizki, tosh asrining dastlabki bosqichi hisoblanuvchi paleolit (qadimgi tosh asri) davri tarixini yoritishda antropogenez jarayoni o‘z mazmuniga ko‘ra o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu tarixiy jarayon bevosita odamzodning paydo bo‘lishi va uning rivoji masalalari bilan bog‘liqdir. YAqin yillargacha O‘rta Osiyo sarhadlarida antropogenez jarayoni Teshiktosh yodgorligi neondertal bolasi topilmasi bilan asoslanib, mazkur mintaqaning odamzod tomonidan o‘zlashtirilishi masalasi o‘rta paleolit davri bilan bog‘lanib kelinar edi. Bu borada keyingi yillar tadqiqotlarida qo‘lga kiritilgan manbalar masalaga yangicha yondoshuv imkonini berdi. Xususan, Farg‘ona vodiysida Sel-ungur g‘or makoni tadqiqotida “Farg‘ona odami” antropologik topilmasining qo‘lga kiritilishi antropogenez jarayoni masalalarini yanada oydinlashtirib, O‘rta Osiyo hududi odamzod tomonidan bundan taxminan 1 mln. yil muqaddam o‘zlashtirilganini isbotlashga ilmiy asos berdi. SHuningdek, O‘zbekiston-Rossiya xalqaro arxeologik ekspeditsiyasi (U.Islomov, A.P.Derevyanko) tomonidan paleolit davriga oid qator yangi yodgorliklar (Dodekatim, Qizil Olmasoy, Toshsoy, Jarsoy) kashf etildi, oldin tadqiq etilgan paleolit yodgorliklarida qaytadan qazilma ishlari amalga oshirilib muhim ilmiy natijalar qo‘lga kiritildi, yodgorliklar stratigrafiyasi oydinlashtirildi, davriy xronologiyasi aniqlashtirildi. Jumladan, Obirahmat g‘or makonidan “Obirahmat odami” ning topilishi esa Vatanimiz sarhadlarida odamzod ajdodlari (neondertal, kramonon) masalasida muhim kashfiyot bo‘lib, bu boradagi bilimimizni yanada boyitishga xizmat qiladi.
O‘rta Osiyo miqyosida yaqin yillargacha mezolit davri jamoalariga tegishli yodgorliklar bir zaylda o‘rganilmagani fakti mavjud bo‘lib, aniqrog‘i, Ustyurt platosi, Quyi Amudaryo, Qizilqum hududi, Quyi va O‘rta Zarafshon vohasida bu tarixiy davr yodgorliklari topilmagan edi. SHu bois, bu masala keyingi yillar tadqiqotida o‘z echimini topganligi O‘rta Osiyo arxeologiyasi fanining yutug‘i bo‘ldi. Xususan, E.Bijanov tomonidan Ustyurt platosida Aydabol, Oqtayloq kabi mezolit davri yodgorliklari guruhi tadqiq etildi. A.V.Vinogradov tomonidan Quyi Zarafshonning yana bir, nisbatan qadimiyroq bo‘lgan o‘zani-CHorbaqti vohasi aniqlanib, undan bir qator mezolit davri yodgorliklari topildi. CHorbaqti mezolit yodgorliklari materiallari N.U.Xolmatov tomonidan o‘rganilib, ilmiy muamolaga kiritildi. SHuningdek, yaqin yillarda M.D.Djurakulov, N.U.Xolmatovlar O‘rta Zarafshon vohasi Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yon bag‘rida bir qator mezolit-neolit davriga oid yodgorliklarni kashf etishib Jangal 1, Tepaqul 3,4,5, Lolab, Ochilg‘or, Qorakamar), ular tadqiqotida qo‘lga kiritilgan materiallar asosida hamda oldingi yillar tadqiqotida qo‘lga kiritilgan materiallarga (Sazog‘on 1 makoni) yangicha yondoshuvda tahlil asosida vohaning mezolit davri jamoalari madaniy bo‘g‘inini yoritib berishga erishishdi.
O‘rta Osiyo neoliti iqtisodiy-xo‘jalik xarakteriga ko‘ra rang-barang va o‘ta murakkab hisoblanadi. Markaziy Osiyoning janubiy-g‘arbiy mintaqalarida ibtidoiy motiga dehqonchilikka asoslangan Joytun, Amudaryo va Zarafshonning quyi havzalari, Qizilqumda ovchi-baliqchi urug‘ jamoalarining Kaltaminor, Hisor tog‘ tizmalari yon bag‘rida Hisor, Farg‘ona vodiysida Markaziy Farg‘ona, O‘rta Zarafshon vohasida Sazog‘on va Ustyurtda Ustyurt neolit jamoalari madaniyati tarkib topgan. Ammo, ularning xo‘jalik asosi, davriy xronologiyasi, etnomadaniy qiyofasi, madaniy aloqalari, genezisi masalalari, Joyitun va Kaltaminor madaniyatlarini hisobga olmaganda, yaqin yillargacha O‘rta Osiyo neolitining o‘ta bahsli muammolari bo‘lib kelmoqda edi. Mazkur muammolarning jahon arxeologiyasi tadqiqotlari nazariy jihatlari bilan hamahonglikdagi echimi, avvalgi ilmiy axborot materiallarini yangicha yondashuvda tahlil qilish hamda qo‘shimcha, yangidan-yangi tadqiqotlar va izlanishlar olib borish zaruratini belgilab, shu yo‘nalishda ularni dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘ygan edi. Ta’kidlash joizki, bu muammolarni oydinlashtirishda keyingi yillarda Ustyurt platosi (Aydobol 2,4,7,10,20,23, Oqtayloq 1, CHuruq 1,3,4,8), Quyi Zarafshon (Oyoqag‘itma) va O‘rta Zarafshon (Qoratepa tog‘ tizmasi shimoliy yon bag‘rida Jangal 1, Tepaqul 3,4,5, Lolab, Ochilg‘or) vohasi, Surxondaryo vohasida (To‘da), Tojikiston sarhadlarida (Kangurttut, Lyulikutal, CHarmgaron, Uchqun) tizimli tarzda amalga oshirilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida yangi yodgorlilar kashf etilib, ular tadqiqotida qo‘lga kiritilgan katta hajmdagi materiallar muhim ahamiyat kasb etdi. Jumladan, O‘rta Osiyo neolit davri madaniyatlari tizimida O‘rta Zarafshon vohasida Sazog‘on neolit madaniyatining mustaqil madaniyat sifatida ajratilishi va ilmiy asoslanishi ahamiyatli hisoblanadi.
O‘rta Osiyo arxeolog olimlarining kishilik tarixi tosh davri jamoalari moddiy madaniyati tadqiqotida qo‘lga kiritgan bunday yutuqlarini, ayni kunda fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi kun tartibiga qo‘yilgan paytda oliy ta’limning soha o‘quv jarayoni, ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlariga qo‘llash, ular asosida o‘quv-uslubiy adabiyotlarning yangi avlodini yaratish davr talabi deb hisoblaymiz. CHunki, O‘rta Osiyo tosh davri va uning taraqqiyot bosqichlari bo‘yicha bu kashfiyotlar, yuqorida keltirilgan ma’lumotlar hali darslik va o‘quv qo‘llanmalarda o‘z aksini topganicha yo‘q. Bu sohadagi fan yutuqlari haqida ma’lumot olish uchun o‘zbek tilidan tashqari boshqa tillarda bitilgan ko‘plab monografiyalar, ilmiy maqolalar, xalqaro va respublika ilmiy-amaliy konferensiyalar materiallarini o‘qish kerak bo‘ladi.
Shu bois, mazkur o‘quv qo‘llanmani yozishda asosiy etiborni keyingi va yaqin yillarda tosh asri rivoji bosqichlari ketma-ketligida (paleolit-ilk, o‘rta va so‘nggi paleolit; mezolit; neolit) hamda O‘rta Osiyo sarhadlari kesimida tarixiy davr o‘rganilishi tarixi, asosiy yodgorliklari va ular tadqiqotida qo‘lga kiritilgan katta hajmdagi materiallar tahlilida chiqarilgan yakuniy xulosalardan foydalanishga qaratdik.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarni hisobga olgan holda O‘rta Osiyo tosh davri haqidagi ushbu o‘quv qo‘llanmani 512300-Tarix (jahon mamlakatlari bo‘yicha), 512400-arxeologiya bakalavr ta’lim yo‘nalishlari, talabalariga, 5A 120401- Arxeologiya, 5A 120402-Etnografiya,etnologiya va antropologiya mutaxassisligi magistrlariga mo‘ljallab nashr etishni zarur deb topdik. Mazkur o‘quv qo‘llanmamiz ba’zi juziy kamchiliklardan xoli bo‘lmasligi tabiiy. SHu bois, o‘quv qo‘llanmani har jihatdan mukammal, sifatli bo‘lishiga qaratilgan samimiy amaliy taklif, fikr-mulohazalarni muallif chin dildan qabul qiladi va oldindan minnatdorchilik bildiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |