Hal qiluv qarorining xulosa qismida taraflarning familiyasi, ismi, otasining ismi va yuridik shaxsning nomi to‘liq keltirilishi, da’vo talablarining qanoatlantirilganligi (to‘liq yoki qisman) yoki butunlay yoxud qisman rad etish haqidagi sudning xulosasi aniq aks ettirilgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, sud xarajatlarining taqsimlanishi, hal qiluv qarori ustidan shikoyat berish muddati va tartibi ko‘rsatilishi shart. Hal qiluv qarorining xulosa qismi qarorni ijro etish chog‘ida tushunmovchiliklar va nizolar vujudga kelmasligi uchun tushunarli va aniq tarzda ifoda etilmog‘i kerak.
Moddiy huquqiy munosabatlarning xususiyatiga qarab hal qiluv qarorlarining xulosa qismlari bir-biridan sezilarli farq qiladi. Sud pul mablag‘larini undirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorida undirilishi lozim bo‘lgan pul summalarini undirish davrini, asosiy qarzning, zararlarning, neustoykaning hamda foizlarning umumiy mikdorini alohida-alohida aniqlagan holda ko‘rsatadi (FPKning 257-moddasi).
Sud javobgar zimmasiga mol-mulkni yoki pul summalarini olib berish bilan bog‘liq bo‘lmagan muayyan harakatlarni bajarish majburiyatini yuklatishni nazarda tutuvchi hal qiluv qarorini qabul qilish chog‘ida, qarorning o‘zida, agar javobgar hal qiluv qarorini belgilangan muddat ichida bajarmasa, da’vogar shu harakatlarni javobgarning hisobidan amalga oshirishga va zarur xarajatlarni keyinchalik javobgardan undirib olishga haqli ekanligini ko‘rsatishi mumkin. Agar mazkur harakatlar faqat javobgar tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lsa, sud hal qiluv qarorida uni ijro etish kerak bo‘lgan muddatni belgilab qo‘yadi (FPKning 259-moddasi).
Sud hal qiluv qarorining xulosa qismida, shuningdek qarorni ijro qilish uchun qabul qilingan choralar ko‘rsatiladi. Masalan, qonunda belgilangan alohida hollarda ish holatlariga qarab, hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib ijro etish, uni ijro etish muddati va qarorni darhol ijro etish shartlari ko‘rsatilishi mumkin.
FPKning 246-moddasiga ko‘ra sudya yoki sud ishni mazmunan ko‘rib bo‘lganidan so‘ng shu sud majlisining o‘zidayoq darhol uzil-kesil qaror shaklida hal qiluv qarori chiqaradi.Asoslantirilgan hal qiluv qarorining kirish va xulosa qismi ishni ko‘rish tugallangan kuni e’lon qilingan hal qiluv qarorining kirish va xulosa qismiga so‘zma-so‘z to‘g‘ri kelmog‘i lozim. Ishni ko‘rish tugatilgan kuni hal qiluv qarorining e’lon qilingan kunidagi kabi asoslantirilgan hal qiluv qarori chiqarilgan kun deb ko‘rsatiladi. Hal qiluv qarorining e’lon qilingan xulosa qismi hamda asoslantirilgan hal qiluv qarori sudya (sud tarkibi) tomonidan imzolanib, ishga qo‘shiladi. Asoslantirilgan hal qiluv qaroriga nisbatan apellatsiya shikoyati yoki protest keltirish muddati hal qiluv qarori bilan tanishish uchun belgilangan kunning ertasidan boshlab hisoblanadi.Fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida mustahkamlangan fuqarolik protsessual qoidalarning majmui mustaqil huquq sohasi bo‘lmish fuqarolik protsessual huquqini hosil qiladi.Bir so‘z bilan aytganda, fuqarolik protsessual huquqi fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini, erkinliklari va manfaatlarini, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarining sud orqali himoya qilinishini ta’minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |