Hal qiluv qarorining kirish qismi. Sud hal qiluv qarori chiqarilayotgan qarorning nomi, ya’ni “Hal qiluv qarori” degan yozuv bilan boshlanadi. Kirish qismida sud hal qiluv qarorini O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqarishi albatta ko‘rsatilishi shart.
Hal qiluv qarorining kirish qismida, shuningdek quyidagilar ko‘rsatilishi talab etiladi:
hal qiluv qarorining chiqarilgan vaqti va joyi;
hal qiluv qarori chiqargan sudning nomi;
sudyaning familiyasi (sud tarkibi), sud majlisining kotibi;
taraflar, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar;
nizo predmeti.
Sud hal qiluv qarorining bayon qismi ishning aniq holatlariga ko‘ra ancha keng hajmli bo‘ladi.
Hal qiluv qarorining bayon qismi taraflar va boshqa shaxslar ish holatlarini qanday bayon qilgan bo‘lsalar shunday tuziladi. Ushbu qismda da’vo talablarini, javobgar e’tirozlarining qisqacha mazmuni va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning tushuntirishlari aks ettiriladi. Da’vogarning da’voni o‘zgartirganligi (da’voning asosini yoki predmetini o‘zgartirish), da’vo talablarining miqdorini oshirish yoki kamaytirish, da’vodan voz kechish) shu yerda ko‘rsatilmog‘i kerak. Ushbu ma’lumotlar qanoatlantirish kerak bo‘lgan da’vo predmetini aniqlashda kerak bo‘ladi. Sud o‘zgartirilgan talablar yuzasidan qaror chiqarishi lozim. Ammo da’vodan to‘liq voz kechilishi sud tomonidan qabul qilinsa, sud qaror emas, balki ish yuritishni tugatish haqidagi ajrimni qabul qiladi. Hal qiluv qarorining bayon qilish qismida, shuningdek taraflar va ishda ishtirok etayotgan boshqa shaxslarning protsessual ahamiyat kasb etuvchi arzlari ham ko‘rsatilishi mumkin.
Hal qiluv qarorining asoslantirish qismida sudning ish bo‘yicha chiqargan xulosasining faktik va huquqiy asoslari bayon etilishi lozim. Jumladan, hal qiluv qarorining ushbu qismida ishning sud tomonidan aniqlangan holatlari, ishning holatlari to‘g‘risidagi sud xulosalariga asos bo‘lgan dalillar, sud u yoki bu dalilni rad qilishda asoslangan xulosalar, shuningdek, nizoli munosabatni tartibga soluvchi moddiy huquq me’yorlari (fuqarolik, oila, yer, mehnat, uy-joy to‘g‘risidagi va boshqa qonunlar) keltirilmog‘i, qonunning nomi, moddasi, bandi, boshqa qonun hujjatlarining soni va qabul qilingan sanasi hamda protsessual huquqiy me’yorlari ko‘rsatilmog‘i lozim.
Hal qiluv qarorining asoslantirish qismida sud taraflar topshirgan hujjatlarni, sud majlisida aniqlangan faktlarni tahlil qilib, taraflar o‘rtasidagi munosabatlar to‘g‘risida chiqarilgan xulosa va bu munosabatlarga berilgan yuridik bahoni ko‘rsatadi. Boshqacha aytganda, sud hal qiluv qarorining ushbu qismida dalillarga baho beriladi, qanday faktlar aniqlangan deb hisoblangani va da’vogarning qanday talablari yoki javobgarning qanday e’tirozlarini to‘g‘ri deb topilgani va qanday qonunlarga binoan to‘g‘ri deb hisoblangani ko‘rsatib o‘tiladi.
Hal qiluv qarorining asoslantirish qismida ish holatlari sud tomonidan qanday belgilangan bo‘lsa, shunday yoziladi, ish bo‘yicha dalillar tahlil qilinadi, ish bo‘yicha qo‘llaniladigan moddiy huquq normalari aniqlab olinib, ularning izohi beriladi.
Sud o‘z xulosalarini sud muhokamasida o‘rganilgan ish holatlari, tasdiqlangan dalillar bilan asoslaydi.
Agar javobgar da’voni to‘liq tan olsa va bu qonunga zid bo‘lmasa, hech kimning qonuniy manfaatlarini buzmasa, sud tan olishni tasdiqlash bilan cheklanadi. Aks holatda esa, da’voni tan olish sud tomonidan tasdiqlanmaydi. Agar da’vo da’vo qilish muddati yoki sudga murojaat qilish muddatini uzrsiz sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborganligi uchun rad etilsa, hal qiluv qarorining asoslantirish qismida boshqa ish holatlari ko‘rsatilmaydi. Agar protsessual masalalar yuzasidan arizalar berilgan bo‘lsa, sud bu masalalar yuzasidan qabul qilgan qarorini asoslantirib beradi.Zarur holatlarda sud O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tegishli qarorlarini ham qo‘llashi lozim. Hal qiluv qarorining xulosa qismida tegishli me’yorlarning mazmuni bayon etilganda bu talabga rioya qilinmog‘i lozim (masalan, hal qiluv qarorining darhol ijro etilishga karatilgan hollarda FPKning 267-moddasiga qo‘llanishi). Agar javobgar da’voni tan olsa, asoslantirish qismida faqat da’vo talabining tan olinganligi va uning sud tomonidan qabul qilinganligi ko‘rsatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |