2.4-tarh. Kuzatish dasturining tuzilishi va belgilari
Yo‘riqnoma (instruksiya) deb kuzatish dasturida ko‘zlangan belgilarni bir xil talqin etish va tushunishni ta’minlaydigan ko‘rsatmalar majmuasiga aytiladi.
Yo‘riqnoma kuzatish dasturida ko‘zlangan belgilarni bir xil tashkil etish va tushunishni ta’minlash maqsadida tuziladi. Unda kuzatish maqsadi va vazifalari, uning obyekti va birligi, ma’lumotni qaerdan va kimdan olish, kuzatish muddati, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi, ma’lumotlar tegishli bo‘lgan davr (hisobot davri) ko‘rsatkichlarni hisoblash tartibi va shunga o‘xshash kuzatilayotgan obyekt bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan masalalar yoritiladi. Yo‘riqnomalar odatda ko‘p mutaxassislar ishtirokida puxta tuziladi.
Statistik formulyar - kuzatish ma’lumotlari qayd qilinadigan hujjat.
Yo‘riqnoma har bir statistik formulyar uchun alohida tuziladi. Kuzatish ma’lumotlari qayd qilinadigan hujjat statistik formulyar deb ataladi. U har xil nom bilan yuritiladi, jumladan hisobot formasi, ro‘yxatga olish varaqasi, so‘rovnoma (anketa), tabel, nakladnoy, yo‘l varaqasi va hokazolar.
Statistik formulyar ikki xil bo‘ladi:
yakka predmetli formulyar.
ko‘p predmetli formulyar.
Kuzatish joyi - bu kuzatish birligi joylashgan makon.
Kuzatish joyi deganda makon yoki boshqa so‘z bilan aytganda o‘rganilayotgan hodisa ro‘y berayotgan joy tushuniladi.
Hisobotda, asbob-uskunalar ro‘yxatida va boshqa iqtisodiy resurslarni har xil shakl va usullarda kuzatishda korxona, tashkilot va muassasa joylashgan joy kuzatish joyi hisoblanadi.
Statistik kuzatish vaqti - bu kuzatish tenglashtirilgan fursat (payt) va o‘tkaziladigan muddat.
Umuman keng ma’noda qaralganda, kuzatish vaqti hodisani o‘rganish davridir, ya’ni uni tekshirish boshlangandan, to ma’lumotlarni olish nihoyasiga yetguncha o‘tgan vaqt oralig‘i (davr)dir. Bu holda u ma’lumotlar tegishli bo‘lgan vaqtni ham, ularni to‘plash vaqtini ham o‘z ichiga oladi. Statistik kuzatish tor mazmunga ega bo‘lib, faqat ma’lumotlarni to‘plash jarayonini anglatgani uchun, uning vaqti deganda mazkur ishni (ma’lumotlar to‘plash)ni bajarish uchun belgilangan vaqt oralig‘i tushuniladi. U hodisani o‘rganish, ro‘yobga chiqish davrini, ya’ni u haqidagi ma’lumotlar tegishli bo‘lgan vaqt oralig‘ini o‘z ichiga olmaydi. Hisobotda bu vaqt oralig‘i hisobot davri deb ataladi. Hisobot davri uning birinchi kuni 00 soatdan boshlab to oxirgi kuni 2400 soatgacha o‘tgan vaqt uzunligi bilan o‘lchanadi. Kuzatish muddati esa hisobotni taqdim etish uchun belgilangan vaqt oralig‘i hisoblanadi.
Hodisalar holatini, mavjud sonini aniqlashda kuzatish vaqti qilib vaqt oralig‘ini belgilab bo‘lmaydi, chunki uning davomida hodisa holatida, demak mavjud sonida katta o‘zgarishlar sodir bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu holda suratga olish jarayonida qo‘llaniladigan usuldan foydalanish kerak. Ma’lumki, surat fotoapparat obyektivi ochilish onida (paytida) foto obyekt (masalan, biror kimsa) ega bo‘lgan qiyofani aks ettiradi. Hodisalar holati ustidan statistik kuzatish tashkil etish uchun ham shunday qayd qilish paytini belgilash lozim. Bu esa muayyan fursatda mavjud bo‘lgan hodisalar soni va tuzilishini aniqlash imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |