2. Statistik kuzatishni tayyorlash uslubiyati
Turmushimizda, kundalik hayotimizda u yoki bu masalani yechishni ko‘zlab qiladigan har bir xatti-harakatimizdan oldin nima uchun?, nima?, kim?,qanday qilib?, qancha? va qaerda? degan savollarga duch kelamiz va ularga javob axtaramiz. Bunday savol statistik kuzatishlarni tashkil etishda ham tug‘iladi va o‘z yechimini kutadi.
Statistik kuzatishda nima uchun? degan savolga kuzatish maqsadi va vazifalari, nima? degan savolga esa kuzatish obyekti, uning birligi va dasturi, statistik formulyarlar va ularni tuzish uchun yo‘riqnomalar javob beradi. Kim? kuzatish subyekti, qachon? deganda kuzatish vaqti, qaerda? deganda kuzatish joyi, qanday qilib? deganda kuzatish usullari va turlari, qancha? deganda kuzatish belgilarining miqdoriy ifodalanishi nazarda tutiladi. Bular statistik kuzatishning dasturiy-uslubiy va tashkiliy unsurlarini tashkil etadi.
Kuzatish maqsadi va vazifalarini to‘g‘ri – kerakli ma’lumotlarni kam xarajatlar bilan to‘plash imkoniyatini tug‘diradi.
Kuzatish maqsadi va vazifalarini to‘g‘ri belgilash tekshirishni to‘g‘ri va aniq tashkil etish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki maqsad va vazifalariga qarab barcha dasturiy-uslubiy va tashkiliy masalalar yechiladi. Maqsad va vazifalarni mujmal belgilash kuzatish jarayonida keraksiz ma’lumotlar to‘planishiga, zarurlarini esa tushib qolishiga olib keladi. Pirovard natijada ortiqcha mehnat va mablag‘lar sarflanadi.
Kuzatish obyekti - bu ma’lumotlari to‘planishi lozim bo‘lgan korxona va boshqa ho‘jalik yurituvchi seb’ektlar to‘plamidir.
Senz – bu kuzatish obyektini aniqlovchi me’yor, belgilar to‘plami-dir.
Kuzatish obyekti - bu o‘rganilayotgan hodisalar va jarayonlar, ya’ni korxonalar va tashkilotlar, ho‘jaliklar, kishilar, oilalar, uy ho‘jaliklari, va hokazolarni ularning faoliyati jihatidan qaralgan to‘plami. Ularning muhim belgilari haqida ma’lumotlar to‘planadi va ular asosida to‘plamni ta’riflaydigan umumlashtiruvchi ko‘rsatkichlar hisoblanadi. Kuzatish obyektining aniq miqyosini, ko‘lamini belgilayotganda vaqt, fazo, moddiy tuzilish va o‘lchov birligi jihatidan o‘lchamlarini aniqlash lozim. Bu jarayon kuzatish obyektini chegaralash deb ataladi. Buning uchun uni aniqlovchi belgilar: me’yorlar to‘plami belgilanadi.
Kuzatish obyektini chegaralash maqsadida senzlardan foydalaniladi. Senz so‘zi ikki ma’noga ega bo‘lib, birinchi holda ro‘yxatlarni anglatadi, masalan, AQShdagi agromelirativ senzlar, ikkinchi holda esa belgi me’yorni bildiradi. Kuzatish obyektini belgilashda bu tushuncha ikkinchi ma’noda qo‘llanadi.
Kuzatish subyekti - bu o‘rganilayotgan hodisalar haqidagi ma’lumotlarni qayd qiluvchi va to‘plovchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
Kuzatish obyekti bilan bir qatorda uning subyekti mavjud. Kuzatish subyekti deb o‘rganilayotgan hodisalar haqidagi ma’lumotlarni qayd qiladigan va to‘playdigan yuridik yoki jismoniy shaxslar yuritiladi. Masalan, mikroiqtisodiy statistikada kuzatish subyekti - bu har bir korxona, tashkilot, muassasa va uy xo‘jaligidir. Ular ho‘jalik yurituvchi subyekt sifatida o‘z faoliyatlariga tegishli ma’lumotlarni qayd qiladi. Makroiqtisodiy statistikada esa statistika tashkilotlari kuzatish subyektidir. Maxsus statistik tekshirish va ro‘yxatlarda ular boshlang‘ich ma’lumotlarni qayd qiladi va to‘playdi. Hisobotda esa boshlang‘ich ma’lumotlarni qayd qilish va korxona miqyosida umumlashtirib taqdim etish bilan ho‘jalik yurituvchi subyektlar shug‘ullansa, ularni qabul qilish va umumlashtirish statistika tashkilotlarining vazifasi hisoblanadi. Bu holda ho‘jalik yurituvchi subyektlar, ya’ni korxonalar, firmalar, tashkilotlar va muassasalar hisobot birliklari deb ataladi.
Kuzatish birligi - bu kuzatish obyektining mustaqil bo‘linmas tarkibiy qismi (birligi) bo‘lib, uning muhim belgilari haqida ma’lumotlar olinadi.
Kuzatish birligi deganda, kuzatilayotgan obyektning mustaqil bo‘linmas tarkibiy unsuri, birligi tushuniladi. Kuzatish jarayonida uning muhim belgilari haqida ma’lumotlar olinadi. Masalan, sanoat faoliyati tekshirilayotganda har bir korxona va firma, qishloq xo‘jaligini o‘rganilayotganda har bir shirkat xo‘jaligi, dehqon va fermer xo‘jaligi kuzatish birligi hisoblanadi.
Kuzatish dasturi - bu kuzatish jarayonida ma’lumotlari to‘planishi lozim bo‘lgan kuzatish va hisob birligining asosiy belgilaridir.
Ayrim hodisalarni tekshirishda kuzatish birligi bilan birga hisob birligi ham belgilanadi. Masalan, chorva ro‘yxatida har bir mol turi haqida, asbob-uskunalar ro‘yxatida esa har bir mashina, stanok va boshqa asbob-uskunalar haqida batafsil ma’lumotlar to‘planadi. Bu holda ho‘jalik, korxona kuzatish birligi bo‘lsa, uning qayd qilinadigan har bir belgisi hisob birligidir.
Kuzatish dasturi (programmasi) deb o‘rganilayotgan hodisa, obyekt haqida ma’lumot to‘planadigan belgilar majmui yuritiladi. Boshqacharoq aytganda, kuzatish dasturi kuzatish jarayonida javoblar olinishi lozim bo‘lgan savollar to‘plamidan iborat. U qanchalik to‘g‘ri tuzilsa, tekshirish natijalari shunchalik yaxshi chiqadi.
Dastur tekshirishda ko‘zlangan maqsad va vazifalarga muvofiq tuziladi. Bu ishni amalga oshirayotganda quyidagilarga e’tibor berish kerak: birinchidan dastur eng muhim o‘zgaruvchan belgilarni o‘z ichiga olishi lozim. Kuzatish dasturi 3 qismdan tashkil topadi: asosiy savollar (belgilar), nazorat savollari (belgilari) va manzilgoh qismi (uni ma’lumot beruvchi subyektni tavsiflovchi alomatlar yoki qisqacha tanishtiruvchi belgilar ham deb yuritiladi). Quyidagi 2.4-tarhda dasturning tuzilishi va asosiy belgilari tasvirlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |