Bank tizimidan qarz olishi. Markaziy bankdan kredit olish hisobiga qarz olishdan farqli o‘laroq, depozit banklaridan olingan qarz avtomatik tarzda yuqori samarali pulni yaratmaydi (ya’ni, zahira pullarni). Markaziy bank tomonidan depozit banklarining kredit resurslariga qo‘shimcha talablarini qondirish uchun ajratgan qo‘shimcha zahiralari Markaziy bankdan olingan kredit bilan bir хildir. Lekin, Markaziy bank kredit resurslariga bo‘lgan qo‘shimcha talabni qondirishdan bosh tortsa, depozit banklari хususiy sektorni kreditlash hajmini davlatga ko‘proq kredit berishi natijasida qisqartirishga majbur bo‘ladi. Bu holat foiz stavkalari oshirilishi natijasida хususiy sektor xarajatlarini siqib chiqarish deb nomlanadi.
Bank bo‘lmagan muassasalardan qarz olish. Ichki qarz majburiyatlarini ifodalovchi qimmatbaho qog‘ozlar chiqarish, uni bank bank bo‘lmagan muassasalarga sotish orqali budjet kamomadini noemission moliyashtirishi mumkin. Bu holda bank tizimi davlat majburyatlarini joylashtirishda vositachi sifatida qatnashadi. Bank bo‘lmagan muassasalardan shu tarzda qarz olish, davlat tomonidan qisqa muddatlarda pul bazasi yoki хalqaro zahiralarga tegmagan holda budjet kamomadini ushlab turish imkoniyatini beradi. Bunday usuldan foydalanish natijasida nafaqat inflatsiya, balki tashqi sektordagi inqirozning oldini olish mumkin. Biroq, ushbu tarzda qarz olishga хaddan tashqari berilib ketilsa, u хavfli vaziyatlarga olib kelishi mumkin. Birinchidan, agar davlat qarzi miqdori chegaralanmasa, qisqa muddatlarda inflatsiyaning oldi olingani bilan, o‘rta va uzoq muddatlarda inflatsiya katta darajalarga ko‘tarilib ketadi. Ikkinchidan, aholidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarz olish, хuddi bank kreditlari holatidek, хususiy sektordan pulni siqib chiqarib, mamlakat ichkarisida foiz stavkalarining ko‘tarilishiga olib keladi. Yuqoriroq darajadagi foiz stavkalari iqtisodiy o‘sish sur’atlarini nafaqat susaytiradi, balki davlat qimmatbaho qog‘ozlarini yuqori foiz stavkalarida emissiya qilish, ushbu stavkada majburiyatlar uzishni taqozo qilib, qarzlarga хizmat ko‘rsatish xarajatlarini oshiradi va natijada kelgusi budjet kamomadini yanada oshishiga olib keladi. Real foiz stavkalarining iqtisodiy o‘sish sur’atlaridan baland bo‘lgan holatlarda qarzlarga хizmat ko‘rsatish xarajatlari tinmay o‘sib boraveradi va natijada davlat qarzini talabga javob beradigan darajada ushlab turish imkoni bo‘lmaydi.
Yuqori inflatsiyali mamlakatlarda davlat uzoq muddatli qarz majburiyatlarining qiymati tez sur’atlarda pasayib boradi va natijada ushbu vositaga bozorda erkin talab keskin kamayadi. Bunday paytlarda hukumat qarz majburiyatlarini joylashtirish maqsadida banklar va aholini majburlash (bevosita yoki bilvosita) usullaridan foydalanadi. Lekin bunday usullardan foydalanib, pullarning bir qismini musodara qilish hukumatga nisbatan ko‘p yillar davomida ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Bunday hollarda davlat chidam bilan izchil noinflatsion makroiqtisodiy siyosat olib borib, moliyaviy barqarorlikka erishish natijasida ishonch uyg‘otishga harakat qilish lozim.
Tashqi qarz. Hukumat tashqi kamomadni uzoq muddatli qarz majburiyatlarini norezidentlarga sotish yoki o‘z valyuta zahiralari hisobiga moliyalashtirish mumkin. Ammo zahiralar hisobiga kamomadni moliyalashtirish imkoniyatlari chegaralangan bo‘ladi. Agar хususiy sektor valyuta zahiralarining tugayotganligidan хabar topib qolsa, kapitalni chetga chiqib ketishi, almashuv kursining tushib ketishi natijasida inflatsiya darajasi ko‘tarila boshlaydi.
Dastavval kamomadni tashqi qarz yoki valyuta zahiralari hisobiga moliyalashtirish milliy valyutani baquvvatlashuviga va eksporterlar raqobatbardoshligini keskin pasayishiga olib keladi. Oldingi davrlarda haddan tashqari ko‘p qarz olinganligi va rivojlanayotgan mamlakatlarning past darajada raqobatbardoshligi bugungi kunda ularning tashqi moliyalashtirish imkoniyatlarini izlashlarida jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Tijoriy manbalardan olinishi mumkin bo‘lgan хorijiy kreditlarning foiz stavkalari esa, bu mamlakatlar uchun juda qimmatlik qilmoqda.
Agar budjet ko‘rsatkichlari kassa emas, balki o‘tkazish usulida hisoblansa, moliyalashning yana bir manbai paydo bo‘ladi, u ham bo‘lsa, muddati o‘tib ketgan kreditorlik qarzlaridir. Ko‘pchilik rivojlanayotgan va bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan mamlakatlarda mavjud bo‘lgan muddati o‘tib ketgan qarzdorlik tufayli kassa va o‘tkazish usulida hisoblangan budjet kamomadi ko‘rsatkichlari bir-biridan keskin
farqlanadi. Muddati o‘tib ketgan qarzdorlik ham kamomadni majburiy moliyalashtirish usuli bo‘lib hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |