Nutq va adabiy me’yor.
Nutq nafaqat lingvistik, balki psixologik va estetik hodisa hamdir. Bu narsa ma’lum bir fikrning tinglovchiga toʻlaqonli etib borishi, unga oʻz ta’sirini oʻtkazishi bilan belgilanadi. Nutq soʻzlovchi yoki yozuvchi tomonidan shakllantirilgan matnning tashqi koʻrinishidir. Nutq amalga oshirilishi uchun vaqt, joy, mavzu, umuman, shart-sharoit boʻlishi lozim. Nutqning kommunikativ, ya’ni aloqaviy sifati quyidagi mezonlarga bevosita bogʻliq boʻladi: nutqning to‘gʻriligi, nutqning aniqligi, nutqning mantiqiyligi, nutqning sofligi, nutqning ifodaliligi.
Nutqning to‘gʻriligi - bu bosh kommunikativ sifatdir. Adabiy tilning fonetik, orfoepik, leksik va grammatik me’yorlari talablariga toʻla mos keladigan nutqqa to‘gʻri nutq deyiladi. To‘gʻri nutq soʻzlovchi bilan tinglovchini, yozuvchi bilan kitobxonni bir-birlarini tez va oson tushunishlariga, til topa olishlariga yordam beradi. To‘gʻri nutq nutq madaniyatining birinchi va zaruriy sharti boʻlib, adabiy til normalariga muvofiq kelishi lozim. Nutqning to‘gʻriligi til birliklarini to‘gʻri va ifodali talaffuz qilish, soʻz va mantiqiy urgʻu, ohang hamda pauzaga e’tibor qilish orqali belgilanadi. Nutqning to‘gʻri boʻlishi, asosan, soʻz va mantiqiy urgʻuning to‘gʻri qoʻyilishiga bogʻliq. Jumladan, rus tilida urgʻu erkin boʻlsa, oʻzbek tilida urgʻu, asosan, soʽzning oxirgi bo‘gʻiniga tushadi. Soʽzga qoʻshimcha qoʻshgan sari urgʻu ham oʻz o‘rnini oʽzgartirib, oxirgi bo‘gʻinga ko‘chib oʻtadi. Masalan, iqtisod, iqtisodchi, iqtisodchilar. Bu holat adabiy me’yor hisoblanadi. Lekin oʻzbek tilida ba’zan urgʻu oldingi bo‘gʻinlarga tushadi. Masalan, le׳kin, afsu׳ski, alba׳tta. Oʻzbek tilida urgʻu soʻzning ma’nosini oʻzgartirib yuborishi ham mumkin. Masalan, tugma׳-tu׳gma, suzma׳-su׳zma, olma׳-o׳lma, qaynatma׳-qayna׳tma. Ularning ma’nolari faqat urgʻu yordamida aniqlanadi.Urgʻuni qaerga qoʻyishni farqlay olmaslik soʻzning ma’nosini buzilishiga olib keladi. Bu holat esa oʻz-oʻzidan adabiy normaning buzilishini keltirib chiqaradi.Soʽzlar talaffuzidagi bunday xatoliklar, urgʻuni to‘gʻri qoʻllay olmaslik holatlari oʻqituvchilar faoliyatidagi salbiy holat hisoblanadi, bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Gapdagi biror boʻlakning ta’kidlab aytilishi mantiqiy urgʻu boʻlib, oʻsha boʻlak alohida ohang bilan talaffuz etiladi va gapning mazmunini oʽzgartirishga xizmat qiladi. Masalan: Oʻqituvchi bugun darsga kelmadi. Ushbu gap mantiqiy urgʻusiga koʻra bir necha xil fikrni anglatadi. Bunda qaysi ma’noga alohida e’tibor berilsa, shu ma’noni ifoda etayotgan soʻz alohida urgʻu bilan talaffuz etiladi: Oʻqituvchi bugun darsga kelmadi. (Boshqa yerga emas, aynan darsga). Bugun darsga oʻqituvchi kelmadi. (oʻquvchi emas, aynan oʻqituvchi). Oʻqituvchi bugun darsga kelmadi. (kecha emas, aynan bugun). Ba’zan mantiqiy urgʻu noto‘gʻri qoʻyilsa, fikr mavhum boʻlib qoladi va tinglovchiga etib bormaydi. Masalan, Onasiz bola o‘ynamas gapida onasi yonida boʻlmagan bola o‘ynamaydi deyilyaptimi yoki onasi boʻlmagan bola o‘ynamaydi degan fikr anglashilyaptimi, buni faqat urgʻu olgan boʻlak orqali aniqlash mumkin. Agar urgʻu onasiz soʽziga tushsa birinchi ma’no, bola soʽziga tushsa ikkinchi ma’no anglashiladi. Demak, nutqning to‘gʻriligini ta’minlash uchun soʻz va mantiqiy urgʻuni to‘gʻri qoʻllash lozim, aks holda yuqoridagidek mavhum holatlar yuzaga kelishi mumkin. Soʽz va gaplarning mazmuni ohang (intonatsiya) tufayli oʽzgarib ketadi. Masalan, koʻrinmaysiz soʽzi turli ohang bilan aytilishi mumkin. Ohang oʽzgarishi natijasida sogʻinganlik, samimiyat, kesatiq va norozilik kabi koʻplab ma’nolar hosil boʻladi. To‘gʻri nutq tuzishda pauza (toʻxtam) ham alohida oʻrin tutadi. Nutqda pauzani noto‘gʻri qoʻllansa aytilayotgan fikrning mazmuni tubdan oʽzgarib ketadi. Masalan, Murod, o‘qidi. Bu gap mazmunidan Murodga kimningdir o‘qiganligi ma’nosi anglashilmoqda (Murod - undalma vazifasida). Agar bu gapda pauza boʻlmasa Murod o‘qidi, ya’ni Murodning oʻzi haqida gap ketayotganligi anglashiladi.Bundan tashqari, nutqning to‘gʻriligiga erishish uchun fikrni har jihatdan mazmunli, ifodali qiluvchi soʽz va terminlarni, birikmalarni topa olish va ularni oʽz o‘rnida qoʻllay olish kerak. Tilimizda mavjud boʻlgan leksik qatlamdan soʽzlarning oʻz va ko‘chma ma’nolari, sinonim, omonim, antonim, paronim, terminlarning ma’no qirralarini toʻla anglab, ulardan oʻrinli foydalana olish nutqning to‘gʻriligini ta’minlovchi vositalardir. Bunday lugʻaviy birliklarni oʻz o‘rnida qoʻllay olmaslik esa nutqning to‘gʻriligiga putur yetkazadi, natijada soʽzlovchining maqsadi toʻliq amalga oshmay qoladi. Sinonimlarning ma’no qirralarini to‘gʻri anglamaslik, nutqning to‘gʻriligiga putur yetkazadi. Chunki tilning eng katta boyliklaridan biri-bu sinonimlardir. Sinonim soʻzlar orasidan matn uchun eng mosini tanlab olish ham ancha murakkab va mas’uliyatli ish. Har bir soʻz oʻzining sinonimidan nozik ma’no qirralari bilan ajralib turadi. Bu farqlarni ilgʻab olish, sezish uchun ularning qoʻllanilishini bir-biriga qiyoslab, solishtirib koʻrish kerak boʻladi. Masalan, qobiliyat, layoqat, salohiyat, iste’dod, oʻquv, talant, mahorat soʽzlari oʽzaro sinonim boʻlib, ularning har biri har xil nutq sharoitida keladi, birining o‘rnida ikkinchisini qoʻllab boʻlmasligi ham mumkin. Yoki olam, dunyo va jahon soʽzlarini olaylik. Ular ham oʽzaro sinonim soʽzlardir, biroq biz “olamga sayohatni jahonga sayohat” deb aytolmaymiz. Xuddi shu kabi “dunyo voqealarini olam voqealari” deb berish nutqning to‘gʻriligiga putur yetkazadi. Demak, har bir soʽzning oʻz nozik ma’no qirralari faqatgina nutq jarayonida, atrofdagi boshqa soʽzlar bilan munosabatda ochilar ekan. Tildagi kerakli grammatik shakllarni tanlashni, ularni joy-joyida ishlatishni har bir oʻqituvchi bilishi kerak. Soʽz tanlash, ularni boshqa soʽzlar bilan bogʻlash, qiyoslay olish oʻqituvchidan katta mehnatni, qunt bilan, diqqat bilan oʽz ustida ishlashni talab etadi. Puxta ishlangan nutq esa to‘gʻri boʻladi. Shundagina oʻqituvchi nutq to‘gʻriligiga erisha oladi, bu esa oʻz navbatida nutq madaniyatining asosiy talablaridan birini bajarganlik hisoblanadi. Auditoriyada soʻzlarni to‘gʻri talaffuz qilish, urgʻularni joy-joyiga qoʻyish, nutqning o‘qilish maromiga e’tibor berish, kerakli oʻrinlarda toʻxtamlarga diqqat qilish oʻqituvchining mahoratiga bogʻliq boʻladi. Til imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalangan oʻqituvchi hamma vaqt to‘gʻri nutq tuza oladi, auditoriyaning diqqat markazida boʻladi, uning soʻzlari o‘qvchilarda fikr uygʻotadi hamda ularda yangi gʻoyalarning tugʻilishiga turtki boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |