Til va nutq.
Agar dunyoda biron-bir muqaddas, abadiy tuyg‘u bo‘lsa, bu millatning milliy o‘zligini anglash tuyg‘usidir. Milliy o‘zlikni anglashning birinchi belgisi esa bu milliy tilni bilish demakdir. Til nafaqat aloqa vositasi, balki milliy madaniyatning ulkan yutug‘i, xalq ma’naviy hayoti rivojining ko‘zgusi hamdir. Til shu til egasi bo‘lgan xalqqa kuch va qudrat, ruhiy barkamollik beradi, milliy faxr-iftixor tuyg‘usini shakllantiradi.Shaxsning madaniy va ma’naviy saviyasi uning ona tilini mukammal bilishi bilan belgilanadi. O‘z ona tilisini bilmagan kishi boshqa xalqlarning tillarini bilgan taqdirda ham uning qadriga yeta olmaydi.Ta’lim sohasida ham davlat tilining mavqeini tiklashga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun oliy o‘quv yurtlari zimmasiga barcha fanlar qatori rus guruhlarida o‘zbek tili ta’limini yanada takomillashtirish vazifasini qo‘ydi. Jumladan, bo‘lajak iqtisodchi-pedagoglarni, oliy o‘quv yurtining rus guruhlaridagi talabalarni iqtisodiyot materiallari asosida davlat tili – o‘zbek tilidan foydalanishga o‘rgatish, og‘zaki va yozma nutqlarini yanada takomillashtirish, ularning siyosiy-ijtimoiy sohada hamda iqtisodiyot doirasida turli matnlar tuza olish va matnlarni isloh qilish malakalarini shakllantirish, muayyan nutqiy vaziyatlarda tilga xos grammatik bilimlarni berish dolzarb vazifalardan biridir.Hozirgi chet tillarini o‘rganishga qiziqish kuchaygan bir vaqtda davlat tili – o‘zbek tilini o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj ham sezilarli darajada ortmoqda.Ma’lumki, rus guruhlarida o‘zbek tilining to‘liq grammatikasini nazariy fikrlar asosida tushuntirish ancha qiyinchiliklarni tug‘diradi. Talabalarning ham o‘zlashtirishlari oson kechmaydi. Shuning uchun rusiyzabon talabalarga o‘zbek tili fanini o‘qitishning ham oson, ham samarali usullaridan foydalangan ma’qul. Buning uchun har bir o‘qituvchi pedagog zamon talablari asosidagi bilim saviyasiga, yetuk malaka mahoratiga ega bo‘lmog‘i lozim. Yangi pedagogik texnologiyalar jadal sur’atlar bilan ta’lim sohasiga kirib kelmoqda. Bu jarayon ta’limning an’anaviy usullarini takomillashtirishda, darsning yangicha usulidan unumli foydalanishda, darslarni elektron versiya, multimedia hamda slaydlar vositasida o‘tishda takomillashishi mumkin. Bunda talaba yangi mavzuni faqatgina eshitib qolmay, balki slaydlarni ko‘rish orqali tezroq qabul qiladi. Rus guruhlarida o‘zbek tili grammatikasidan, nazariy bilimlardan matnlar va misollarga qarab emas, aksincha, matnlarni og‘zaki va yozma tarzda ishlash orqali o‘zbek tilining grammatikasini tushuntirib borishga erishish kerak. Chunki talabalar matnni osonroq qabul qiladilar. Matndagi murakkab so‘zlarning ma’nosini aniqlash orqali ular lug‘at bilan ishlashni o‘rganadilar. Iqtisodiyotga oid matnlardan foydalanganda talabalar iqtisodiy terminlar bilan tanishadilar, ularning o‘zbek va rus tilidagi muqobillarini topishga harakat qiladilar. Rus guruhlarida o‘zbek adabiyotining namunalaridan foydalanish ham talabalarning og‘zaki nutqlarini o‘stirishga, badiiy nafosatni his qilishlariga yordam beradi. Lirikaning go‘zal parchalarini yod olish, hikoya va qissalarni ifodali o‘qish, xalq maqollari va hikmatli so‘zlarni o‘rganish orqali ham talabalarning o‘zbek tiliga bo‘lgan qiziqishlarini orttirish mumkin. Tilni o‘rganish, uning nozik qirralarini ilg‘ash, tilga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish orqali talabalarning ma’naviyatini shakllantirish, ularning ma’naviy yuksalishiga ko‘maklashish lozim. Umuman olganda, o‘qituvchi tomonidan amalga oshiriladigan dars usullari doimo talabalarning darsga bo‘lgan qiziqishlarini orttirishga, mavzularni yengilroq o‘zlashtirishlariga yordam beradi. Dars usullarining rang-barangligi esa pedagogning mahoratiga bog‘liqdir. Shuningdek, talabalarda tilni anglash hissini o‘stirish ularning ma’naviyatini boyitishga xizmatqilishini unutmasligimiz kerak.
Til va nutq bir-biri bilan chambarchas bog‘liq, ammo ayni paytda bir-biridan farqlanishi kerak bo‘lgan hodisalardir. Tilsiz nutqning, nutqsiz tilning mavjud bo‘lishi mumkin emas. O‘zbek adabiy tilining asoschisi ulug‘ Alisher Navoiy "Mahbub ul-qulub" asarida so‘zning sharafli sifatlari haqida so‘zlash asnosida til va nutq munosabati xususida quyidagi nazariy fikrni bayon qiladi: "Til muncha sharaf bila nutqning olami (quroli) dur va ham nutqdurki, agar nopisand zohir bo‘lsa, tilning ofatidur." Demakki, til nutq uchun qurol, bu quroldan foydalanib nutq tuziladi, nopisandlik, e’tiborsizlik qilinsa, nutq maqbul bo‘lmaydi va bu tilning ofati bo‘ladi. Til va nutq bir-biridan farq qiladigan, lekin o‘zaro aloqador ikki ijtimoiy, ruhiy-ma’naviy hodisadir. Ya’ni til aloqa quroli, fikr bayon qilish vositasi bo‘lsa, nutq so‘zlovchining til vositalaridan foydalanish jarayoni va shunday jarayon natijasida yuzaga keladigan faoliyatdir. Bu ikki hodisani qiyoslaganda oradagi farqlar yanada oydinlashadi. Ya’ni, bir auditoriyada o‘tirgan talabalarning gaplashadigan tillari bir bo‘lsa-da, lekin nutqlari har xil bo‘lishi tabiiy. Birining nutqi salohiyatli bo‘lsa, ikkinchisiniki esa mutlaqo talab darajasida bo‘lmasligi mumkin. Til faqatgina aloqa vositasi bo‘lib qolmasdan, balki dunyoni ko‘rish, eshitish, bilish, idrok etish vositasi hamdir. Tilni xalq yaratadi, nutq esa shaxsiy boylik sanaladi. Har kim o‘z qobiliyati, so‘z boyligi, shaxsiy fikrlash layoqatiga qarab gap tuzadi va so‘zlaydi. Shuning uchun ham nutq oldiga nihoyatda ulug‘bir talab qo‘yiladi: o‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir. Zero, nutq aqlning tarozisi, aqlning o‘lchovi. Darhaqiqat, nutqimizning salohiyati til qoidalarini yaxshi va zarur darajada bilishimizga bog‘liqdir. Bundan tashqari, tilning ruhiy va estetik hodisa ekanligini ham yoddan chiqarmasligimiz zarur. Til bamisoli - ummon. Unda barcha fikrlar uchun «libos»lar topiladi. Lekin tilning jozibasi, kamalak misol tovlanishi bevosita nutq orqali, nutq jarayonida yuz beradi. Ba’zan nutq jarayonida tilning jozibasi, jilolanishi, mo‘jizakorligi yuzaga chiqmay qolishi mumkin. Shu bois nutq sohibi so‘zlarning o‘z va ko‘chma ma’nolarini to‘la anglashi, har bir so‘zning uslubiy mezonlarini, ma’no qirralarini ongli idrok etishi talab etiladi. Tilning dunyoni bilish, bilimlarni to‘plash, saqlash, keyingi avlodlarga yetkazish, ruhiy munosabatlarni aks ettirish, go‘zallik kategoriyalarini voqelantirish kabi qator vazifalarni bajarishiga qaramasdan, uning asosiy funktsiyasi kishilar o‘rtasidagi aloqani ta’minlashdir.Nutq til vositalari orqali so‘zlashish, muomala jarayonidir. So‘nggi yillarda nutq kishilar til orqali bir-biri bilan muomala, aloqa qilishning usuli deb qaralishi ham fikrimizni tasdiqlaydi. Til umumiylik, nutq esa xususiylik belgilari bilan farqlanadigan ijtimoiy hodisalar bo‘lib, ikkalasi ham jamiyatga xizmat qiladi. Har ikkala soha, ya’ni til va nutq, inson nutqi bilan aloqadadir. Ularning har ikkalasi ham kishilar nutqiy faoliyatining foydali, ta’sirchan, o‘tkir bo‘lishi uchun kurashadi. Insonning nutqiy madaniyati, uning nutqiy holatini o‘stirishga xizmat qiladi. Nutq madaniyati ham, notiqlik ham nutqiy odam, nutqiy go‘zallik, nutqiy mantiq qonuniyatlaridan oziqlangan holda ish ko‘radi. Ammo, shunga qaramasdan bizning nazarimizda nutqiy san’at ma’nosidagi notiqlikni, ya’ni favqulodda nutqiy mahorat va qobiliyat bo‘lgan notiqlikni ommaviy nutqdan farqlash lozim. Ba’zi shaxslarda uchraydigan notiqlik san’ati og‘zaki nutq sohasida shaxsiy qobiliyat va faoliyat tufayli erishiluvchi alohida san’atdir. Notiqlikda qobiliyat va mahoratning mehnat bilan qo‘shilib ketaganini ko‘rish mumkin. Har bir xalqning o‘tmish madaniy hayotida u xalqdan yetishib chiqqan va chin ma’noda notiq degan nomga sazovor bo‘lgan mo‘tabar shaxslarning unchalik ko‘p emasligi ham aslida ana shunday omil tufaylidir.
Nofaol so‘zlar. Adabiy tilga o‘xshab shevalar ham rivojlanib, yangi so‘zlar hisobiga boyib, o‘zgarib boradi. Bunday o‘zgarish, ko‘pincha, shevalar lug‘at tarkibida ro‘y beradi. Bu ijtimoiy hayotda sodir bo‘lgan o‘zgarishlar bilan bog‘liqdir. Ayniqsa, jamiyatda ro‘y beradigan har xil o‘zgarish sababli zamon talablariga javob bermagan so‘zlar iste’moldan chiqadi, ularning o‘rniga boshqalari kirib keladi. Demak, til, jumladan, uning shevalarida ham yangilanishlar, eskirishlar sodir bo‘lib turadi. Bular davr talabi bilan bog‘liqdir. Ba’zi so‘zlar qo‘llanish doirasining kengayish va aksincha, ayrimlarining passiv qatlamga o‘tishi bu jarayonni yanada tezlashtirishi mumkin. Ta’kidlash kerakki, bular hammasi nisbiy hodisadir. Sababi zamonaviylik va eskirganlikning o‘zi ham davrga ko‘ra nisbiy hisoblanadi. Eskirgan so‘zlar vaqti kelib, yana faollashishi va aksincha yangi so‘zlar tezda muomaladan chiqib ketishi mumkin. Buni faqat adabiy tildagina emas, shevalarda ham kuzatilayotganligini ta’kidlash kerak.
arxaizmlar. Arxaizmlar eskirgan so‘z tiplaridan biri bo‘lib, zamonaviy narsa va hodisalarning eskirib qolgan nomlaridir.
Agar istorizm hodisasida predmet yoki hodisaning o‘zi ham, nomi ham eskiradigan bo‘lsa, arxaizm hodisasida esa predmet va hodis zamonaviy bo‘ladi, ularning nomi yoki nomlaridan biri eskiradi, iste’moldan chiqadi, natijada narsa yoki predmetlar, hodisalar nomlari yangisi bilan atalaoshlaydi. Xullas, bunda, asosan, hozirda hayotda mavjud bo‘lgan narsalarni ifodalashda kamida ikkita so‘z ishtirok etadi, ulardan biri faol ishlatilsa, ikkinchisi, passiv leksik qatlamga o‘tadi va asta-sekin eskiradi, faqat tarixiy davr kaloritini berish maqsadidagina qo‘llanishi mumkin. Shevalarda bir paytlar faol ishlatiladigan soqta so‘zi o‘ynaladigan kartani anglatgan. Keyingi davrda karta so‘zining aktiv qo‘llanishi natijasida soqta so‘zi passiv leksik qatlamga o‘tib, iste’moldan chiqa boshlagan. Shuni alohida ta’kdlash kerakki, arxaik so‘zlar shevalarda tarixiy so‘zlarga nisbatan ko‘pchilikni tashkil qilmaydi. Sababi shevalarda eski so‘zlar o‘rnini yangisi egallanishi jarayoni juda sekinlik bilan o‘tadi. Adabiy tilda bo‘lganidek, shevalarda ham so‘zlarning iste’moldan chiqishi,ularning o‘rnini boshqasi egallashi jamiyatda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan chambarchas bog‘liqdir. So‘zlarning arxaizmga aylanishida ikki xil holatni kuzatish mumkin. Birinchisida, so‘z o‘zi eskirib, uning o‘rniga zamon taablariga mos keladigan boshqa so‘z ishlatilsa, ikkinchisida so‘zlar ma’nolaridan biri eskiradi, boshqa ma’nolari esa saqlanadi. Shevalarda har ikkalasiga ham duch kelinadi. Narsa, hodisa nomidan biri eskirgan so‘zlar-leksik arxaizmlar shevalarda ko‘pchilikni tshkil qiladi. Qadimgi davrdan to hozirgacha shevalarda arxaizmga aylangan leksemalarga quyidagilarni kiritish mumkin:
Sӓtil (chelak), täläk (omborxona), mädräpxana (xojatxona), tuzuv
(taqinchoq), käpärät (magazin), lazim (ishton), dukart (qaychi), tirnaq (fundament), savax (ip), shangil//sarxum (kurshka), äläm (bayroq), bändirgä(chorraxa), kärmän (shlyapa), diyzil (avtobus), däbil// ‘ng‘ir (og‘ solinadigan idish) va hakazo.
Ijtimoiy tarixiy sharoit jamiyatda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar tilda ham o‘z aksini topadi. Ko‘p ma’noli so‘zlardagi ma’nolaridan birining o‘zgarishi, eskirishi natijasida semantic arxaizmlar yuzaga keladi. Shevalardagi g‘assal so‘zi arabcha bo‘lib, uning o‘lik yuvuvchi ma’nosi hozirda eskirgan, uning o‘rniga ishyoqmas ma’nosi ihlatiladigan bo‘lgan. Shuningdek, kir suvi ma’nosini anglatadigan mag‘zava so‘zining ta’kidlangan ma’nolari iste’moldan chiqqan, kullap so‘zining qarmoq, o‘lik ma’nosidagi miyt so‘zining ushbu ma’nosi ham eskirib, tobut ma’nosida qo‘llaniladigan bo‘lgan. Bulardan tashqari xalpa so‘zining bilimi oz o‘quvchiga berkitilib qo‘yiladigan savodli o‘quvchi, battal so‘zining qaysar, tentak; oxur so‘zining otxona ma’nolari ham arxaiklashgan. Arxaizmlarning sinonimlari mavjud bo‘lganligidan, ana shu sinonimik qatorni tashkil etgan ma’nodosh so‘zlardan bittasi eskirishi mumkin.
Chunonchi, äräväk // burunchop (buloqi) qatoridagi burunchop, särdoz // torqa //chizim// shnur qatoridagi särdoz so‘zi passiv leksik qatlamga o‘tib, arxaiklashgan so‘zlardir. Demak arxaizmlar zamonaviy narsa, hodisalarning eskirib qolgan nomlaridir. Arxaizmlardan predmet, narsa, hodisalar nomlaridan biri iste’moldan chiqadi, ya’ni eskiradi. Ular endilikda boshqa nom bilan ataladigan bo‘ladi. Bu jarayon jamiyatda, hayotdagi sodir bo‘ladigan har xil o‘zgarishlar bilan bog‘liqdir. Shevalarda narsa, hodisalar nomlaridan birining eskirishi, ko‘p ma’noli so‘zlar ma’nolaridan birining eskirishi hodisalari uchraydi.
b) tarixiy so‘zlar. O‘tmishda bor bo‘lgan narsa va tushunchalarning nomini bildirgan, ammo hozirda eskirib qolgan so‘zlardir. Jamiyatda sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni o‘zida aks ettira olmagan so‘zlar iste’moldan chiqib ketadi. Bu jarayon adabiy tilga nisbatan shevalarda sekinlik bilan o‘tadi. Chunki shevalarda so‘zlarning eskirishi, yangi so‘zlarning kirib kelishi tez sodir bo‘lmaydi. Tarixiy so‘zlar ko‘pincha moddiy va ma’naviy hayot, turmush, davlat tuzilishi , din, urf-odatlar, turli lavozimlar, unvonlar, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlari, qurol-
asboblar bilan aloqador bo‘lib, jamiyatdagi ro‘y bergan o‘zgarishlar bilan bog‘liq ravishda ularning nomlari ham davr o‘tishi bilan eskiradi, ular o‘rnini boshqa so‘zlar egallaydi. Xorazm qipchoq shevalaridagi istorizmlarni turli sohalarga oid so‘zlar doirasida uchratish mumkin:
1. Qishloq xo‘jaligi va dehqonchilikga oid so‘zlar: kündä (omoch), zämbärchi (zambil bilan mahalliy o‘g‘it tashiydiganlarga nisbatan ishlatiladi), digir (charxpalakning suv chiqaradigan ko‘zasi), vahim (vaqf qilingan yer yoki narsa) va hakazo.
2. Suv chiqarish bilan bog‘liq bo‘lgan so‘zlar: kündä (juvozning yerga ko‘milib turgan qismi), arish (kundaga bog‘lanadigan uzun yog‘och); darvaz yip (ikkita katta o‘qni bog‘laydigan ip); ayri ag‘ach (o‘qni tushirishga xizmat qiladigan yog‘och); ayri baqan (katta o‘qni ko‘tarib turishga xazmat qiladigan narsa); kämal (tushirishga xizmat qiladigan narsa); kämälcha (o‘qqa kiydiriladigan narsa); Tarixiy so‘zlar (istorizmlar). O‘tmishga oid narsa, hodisalarni ifodalagan, biroq hozirgi tilimizda o‘z sinonimiga ega bo‘lmagan so‘zlardir. Masalan: miri, paqir, (pul birliklari) qozi, qushbegi, yasovul, xalifa (mansab nomlari), omoch, yorg‘ichoq, charx kabilar.
2. Eskirgan so‘zlar(arxaizmlar). Hozirgi kunda mavjud bo‘lgan narsa va hodisalarning eskirib qolgan nomlaridir. Eskirgan so‘zlarning hozirgi tilda sinonimi mavjud bo‘ladi. Masalan: budun, ulus, raiyat – xalq; handasa - geometriya; muarrix - tarixchi; dudoq – lab; lang - cho‘loq, oqsoq.
3. Yangi so‘zlar (neologizmlar). Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot va o‘zgarishlar natijasida vujudga kelgan narsa - hodisalarning yangi nomlaridir. Masalan, O‘zbekiston mustaqil bo‘lgandan so‘ng tilimizda paydo bo‘lgan faxriy - veteran, noib - deputat, tuman - rayon, tayyora - samolyot kabi so‘zlar yangi so‘zlardir. Yangi so‘zlarning nofaol so‘zlar qatoridan o‘rin egallashi sababi shundaki, ular paydo bo‘lgandan keng iste’moldagi so‘zlar singari barchaning nutqida birdek ishlatilavermay-di. Biroq vaqtlar o‘tishi bilan yangi so‘zlar ham keng iste’moldagi so‘zlar qatoridan o‘rin egallashi mumkin. Masalan, 60-yillarda yangi so‘zlar hisoblangan kosmos, kosmonavt, kosmik kema kabilar hozirgi kunda yangi so‘z hisoblanmaydi. Shuni ham qayd etish lozimki, taraqqiyotning ma’lum davrida tarixiy yoki eskirgan so‘zlar qatoriga o‘tgan so‘zlar hisobidan ham yuzaga kelishi mumkin. Masalan, hozirgi tilimizda tuman, hokim, vazir, noib kabi neologizim sifatida qo‘llanila-yotgan so‘zlar aslida tarixiy va eskirgan so‘zlarning yangilashgan holda qayta iste’molga kirib kelishidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |