Nutqning aniqligi. Aniqlik ham nutqning kommunikativ sifatini ta’minlovchi shartlardan biridir. Nutqning aniqligi deyilganda, ifodalanayotgan fikrga, voqelikka soʽz va terminlarning muvofiq kelishi tushuniladi. Agar nutq aniq boʻlmasa, soʽzlovchining fikri tinglovchiga toʻla yetib bormaydi, natijada fikr chala tushuniladi, kishilar oʻrtasidagi normal munosabat va muloqot yo‘qoladi. Ma’lumki, aniq nutqning asosiy maqsadi tinglovchining faqat qulogʻini emas, balki qalbini ham zabt etishdir. Ya’ni shakl bilan mazmun mutlaqo mos boʻlmogʻi nutqning aniqligini ta’minlaydigan omillardir. Nutqning aniq boʻlishi uning shakllanishida ishtirok etuvchi nafaqat lingvistik, balki ekstralingvistik omillarga ham bogʻliq boʻladi. Bu esa, til va tafakkurning oʻzaro aloqadorligi bilan o‘lchanadi. Tabiat va jamiyatdagi narsa-hodisalar hamda voqeiylik bilan ularning nutqdagi in’ikosi oʻrtasidagi aynan muvofiqlik nutqning aniqligini ta’minlaydi. Demak, nutqning aniqligi soʻzning tildagi ma’nosiga tamomila muvofiq tarzda qoʻllanishi, soʻzning voqelikdagi oʻzi ifodalayotgan narsa-hodisa bilan qat’iy mosligi asosida yuzaga keladigan kommunikativ sifat ekan. Oʻqituvchi uchun aniqlik juda muhim, buni isbotlash shart emas. Oʻqituvchi auditoriyaga kirar ekan, aytmoqchi boʻlgan gapini aniq bilmasa, oʻz fanini oʻquvchiga yetkazib berolmaydi, oʻquvchi uning noaniq soʻzlarini tinglamaydi, natijada darsning sifati buziladi. Aniq nutq tuzish uchun oʻqituvchi soʻzning avvalo leksik ma’nosini to‘gʻri tasavvur qilishi lozim. Voqelikdagi narsa bilan uning nomi boʻlgan soʽzni bir-biriga moslay olsa, oʻqituvchi aniq nutq tuza oladi. Masalan, ro‘yxatga olish kitobi tarzidagi birikmada aniqlik yo‘qolgan, chunki kitobga yozilmaydi, u o‘qish uchun moʻljallanadi. Demak, birikmadagi kitob soʻzi ifodalanmoqchi boʻlgan voqelikdagi narsaning nomi emas. Uning o‘rnida daftar soʻzini qoʻllash maqsadga muvofiq boʻladi. Nutqdagi tushunchani ifodalash uchun soʻzni oʻz o‘rnida qoʻllay olmaslik esa nutq aniqligiga putur yetkazadi. Aniqlikni buzuvchi holatlarga, asosan, quyidagilar sabab boʻladi:
a) sinonimlarni noto‘gʻri qoʻllash: fuqaro, shaxs, subyekt, inson soʻzlarining o‘rnini almashtirib boʻlmaydi;
b) paronimlarni noto‘gʻri qoʻllash: tizim-tuzum, isloh-istiloh, istiqlol-istiqbol, diplomat-diplomant;
v) soʽz tartibining o‘rnini almashtirib qoʻllash: Oʻqituvchi semiz portfelli kishi edi. Oʻqituvchi portfelli semiz kishi edi. (Birinchi gapda oʻqituvchining portfeli, ikkinchi gapda uning oʽzi semiz ekanligi anglashiladi). Badiiy nutqda yoki oʻqituvchi nutqida inversiya hodisasining uchrashi tabiiy holdir. Bu holat oʻquvchi yoki tinglovchilarga yetkazilayotgan nutqning ta’sir kuchini oshirish uchun, xitob, taajjub, kuchli buyruq kabi his-tuygʻularni ifodalash uchun xizmat qiladi. Masalan, boʻldi kulgu birikmasini kulgu boʻldi tarzida aytilsa, butunlay boshqa ma’no-masxara boʻldi degan ma’no kelib chiqadi. Gaplarni qisqa-qisqa shaklda berish, turli his-hayajon vositalaridan undov, soʻroq, koʻp nuqta, tireni yozma nutqda keng qoʻllash va ogʻzaki ma’ruzalarda ularga rioya qilish nutqning emotsionalligini kuchaytiradi hamda ekspressivligini oshiradi. Bu esa oʽz urnida oʻqituvchining darsdagi nutqini rang-barang qiladi, oʻquvchilarda ham shunga mos boy his-tuygʻularni uygʻotadi, ularni zeriktirmaydi. Boʻlgʻusi mutaxassislarning asosiy vazifasi ifodalanayotgan fikrning boshqalar tomonidan toʻlaqonli qabul qilinishiga erishishdan iborat boʻlmogʻi lozim. Shu sababdan til birliklarini maqsadga muvofiq qoʻllash uchun adabiy tilning qoidalari, me’yorlarini yuqori darajada bilish taqozo etiladi. Aniq muloqotning eng elementar funksiyasi – suhbatdoshlarning oʽzaro bir-birini tushunishlarini ta’minlashdir. Bu oʻzbeklarga samimiy salom-alik, ochiq yuz bilan kutib olishdan boshlanadi. Oʻzbek xalqining nodir va buyuk xislatlaridan biri ham shundaki, uyiga birov kirib kelsa, albatta ochiq yuz bilan kutib oladi, koʻrishadi, soʻrashadi, hol ahvol soʻraydi. Shunisi xarakterliki, ta’ziyaga borgan choqda ham ana shunday samimiyatli qabulni his qilamiz.Bu kabi birlamchi kontakt usullari boshqa millat va xalqlarda ham bor, ya’ni bu jihat milliy oʻziga xoslikka ega. Muloqotning turi va shakllari turlichadir. Masalan, bu faoliyat bevosita yuzma-yuz boʻlishi yoki u yoki bu texnik vositalar (telefon, telegraf va shunga oʻxshash) orqali amalga oshiriladigan; biror professional faoliyat jarayonidagi amaliy yoki doʻstona boʻlishi; subyekt-subyekt tipli (dialogik, sheriklik) yoki subyekt-obyektli (monologik) boʻlishi mumkin. Odamlar muloqotda boʻlishgani sari, ular oʻrtasidagi umumiylik, oʻxshashlik va uygʻunlik kabi sifatlar paydo boʻladiki, ular bir-birlarini bir qarashda tushunadigan yoki yarimta, jumladan, ham fikr ayon boʻlib qoladigan boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |