2-rasm. Har bir bemor uchun ajratiladigan 1kunlik dori-darmon mahsulotlari o’rtacha narxi8 2021-yil hisobidan dori-darmon yo’nalishi bo’yicha ajratmalari o’tgan yillarga nisbatan katta farq bilan o’sib ketishiga sabab, aholini karona virusiga qarshi emlash uchun vaksinalar haridi keskin ortib ketishida. Masalan Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasining narxi taxminan 26.1 dollar. “Pfizer” vaksinasining narxi 19.5 yevro, “Moderna” vaksinasini esa 25.5 dollar. 01.08.2021 jolatiga ko’ra birgina “Moderna” vaksinasining o’zidan jami 3mln 60 doza olib kelingan.
Bugungi kunda sog’liqni saqlash yo’nalishlari bo’yicha olib borilayotgan islohotlar va kelgusida rejalshtirilgan vazifalar
Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish, sohaga bosqichma-bosqich tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish, tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitini yaratish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligining Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyatida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida9:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning o‘rta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya va pediatriya yo‘nalishlari bo‘yicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan tashkil topgan guruhlar tuzilish;
har bir tibbiyot muassasasi darajasida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi ishlab chiqish;
kafolatlangan paket birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga taqdim etiladi. Bunda oilaviy shifokor har bir muassasa turi bo‘yicha tibbiy xizmatlar hajmi va klinik protokollarga muvofiq tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yo‘llanmalar viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatilishi;
aholining sog‘lig‘i bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarini monitoring qilish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, dori vositalari uchun retsept yozish va kafolatlangan paketga muvofiq tibbiyot muassasalariga yo‘naltirish yagona elektron platforma orqali amalga oshirilishi;
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlarining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) ishlab chiqilib, unga erishilganligi monitoring qilinadi hamda natijalariga qarab qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanishi;
kafolatlangan paket asosida aholining barcha qatlamlariga sifatli va to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatilishini moliyalashtirishga qaratilgan davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etilishi ko’zda tutilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligibilan birgalikda tajriba-sinov loyihasi doirasida kafolatlangan paketga kiritiladigan tibbiy xizmatlar va dori vositalari hajmini, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tibbiyot xodimlari faoliyatini baholash mezonlari hamda rag‘batlantirish tartibini tasdiqlash bo’yicha zaruriy choralar ishlab chiqmoqda.
Tajriba-sinov loyihasi doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tibbiy profilaktika va patronaj tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda, ya’ni:
aholini mavjud xavf omillaridan kelib chiqib xavf guruhlariga bo‘lish;
o‘rta va yuqori xavf guruhlariga kiruvchi aholining belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘riklardan o‘tishini ta’minlash va salomatligini davriy kuzatuvga olish;
yuqori xavf guruhiga kiruvchi va mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlarni doimiy kuzatuvga olish hamda uyiga borgan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish;
profilaktik ko‘riklar o‘rniga hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, muayyan kasalliklar bo‘yicha maqsadli skrining tekshiruvlarini o‘tkazish;
patronaj ko‘riklarini optimizatsiya qilib, yangi maqsadli patronajtizimini joriy qilish.
O'zbekistonning barqaror rivojlanish tomon sa’y-harakatlarini qo'llab-quvvatlash uchun BMTning bir qator agentliklari Hukumatga davlat va xususiy moliyalashtirishning yangi shakllari bilan mavjud resurslardan foydalanadigan keng qamrovli moliyalashtirish tuzilmasini ishlab chiqishda yordam berish uchun o’z kuchlarini birlashtiradilar. Ishga tushirilayotgan yangi Qo'shma dastur O'zbekiston hukumatiga qashshoqlikni kamaytirish, sog'liqni saqlash tizimini mustahkamlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, gender tengligini targ’ib qilish va samarali boshqaruvni ta'minlashga qaratilgan milliy rivojlanish strategiyasini moliyalashtirishning umumiy tuzilmasini mustahkamlashda yordam beradi.
Bugun boshlangan "O'zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalashtirishning birlashtirilgan milliy mexanizmi (MBMM)" loyihasi dastlab 2022-yil oxirigacha davom etadi va O'zbekiston Moliya vazirligi binosida joylashadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi ushbu Qo’shma dasturga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg'armasi (UNICEF), Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvandlik va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi (BMT GJB) bilan hamkorlikda rahbarlik qiladi.
BMTning doimiy koordinatori Helena Freyzerning aytishicha, BMTning hukumatni qo'llab-quvvatlash bo'yicha ushbu Qo'shma dasturi uchun vaqt juda to’g’ri tanlangan, chunki mamlakat COVID-19 pandemiyasidan qutilishga intilmoqda. "Ushbu Qo'shma Dastur hukumatga muqarrar ravishda moliyaviy oqimlarning pasayishiga olib keladigan narsalarni o'zgartirishga, hukumatning BRMning ulkan maqsadlariga erishish bo’yicha tezkor yechimlarni topishga yordam beradi va bunda ayniqsa sog'liqni saqlash, ijtimoiy himoya va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashga alohida e’tibor qaratiladi".
Moliya vazirining o'rinbosari Axadbek Xaydarovning ta'kidlashicha, barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq mamlakatni rivojlantirish istiqbollarini amalga oshirish uchun zarur bo’lajak mablag’ miqdorini to’g’ri aniqlash uchun har tomonlama baholashlarni amalga oshirish zarur. "Biz O'zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalashtirishning birlashtirilgan milliy mexanizmini yaratish bo'yicha ushbu Qo'shma dastur bu masalada bizga yordam beradi deb umid qilamiz", dedi u va Hukumat rivojlanish bo’yicha milliy ustuvor vazifalarga va BRMga erishish uchun turli manbalardan, shu jumladan davlat byudjeti va tashqi qarzlarni o'z ichiga olgan moliyalarni jalb qilayotganligini qo’shib qo’ydi.
BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Matilda Dimovskaning ta'kidlashicha, MBMM O'zbekistonning milliy rivojlanish strategiyasi va ularni moliyalashtirishni Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiqlashtirishga imkon beruvchi keng qamrovli asosdir. "Dastur davlat va xususiy moliyalashtirish bo’yicha yechimlarini ishlab chiqadi va mavjud mablag'lardan samarali foydalangan holda yangi resurslarni jalb qilishga yordam beradi", dedi u. "BMT Taraqqiyot Dasturi inklyuziv o'sish va rivojlanishni moliyalashtirish bo'yicha tajribaga ega bo'lib, Hukumat BRMga erishish uchun milliy moliyalashtirish mexanizmini yaratishga intilayotganida uni qo'llab-quvvatlashga tayyor".
2030-yilga qadar kun tartibi doirasida dunyo rahbarlari o’z zimmalariga 2030-yilgacha qashshoqlikni tugatish bo'yicha hech kimning ortda qolmasligini ta'minlash bo'yicha katta majburiyatlarni oldilar. Biroq, yetarli resurslarni ta'minlash asosiy muammo bo'lib qolmoqda; rivojlanayotgan mamlakatlar yiliga 2,5-3 trillion AQSh dollari miqdoridagi defitsitga duch kelmoqdalar. Jahon moliya tizimining hajmi, ko'lami va murakkabligi darajasini hisobga olgan holda, milliy taraqqiyotni moliyalashtirish nazariy jihatdan mavjud, ammo asosan xususiy ravishda ta'minlanadigan bunday moliyalash ko'pincha mintaqalar va unga eng muhtoj odamlarga yetib bormaydi. Biroq, davlat moliyalashtirishi va xususiy investitsiyalarni BRMlarga yo'naltirish imkoniyatlari mavjud. Davlat byudjyetlari, moliya bozorlari, xususiy investorlar, xayr-ehsonlar va pul o'tkazmalari byudjet kamomadini hal qilishda juda muhimdir.
O'zbekiston 2030-yilga qadar kun tartibiga sodiqdir va uni hukumat uchun ustuvor vazifa qilib belgilab qo'ygan. BMTning ko'magi bilan milliy BRM va vazifalar amaldagi va yangi tarmoq strategiyalari va dasturlariga kiritilmoqda. Biroq, ushbu ulkan maqsadlarga erishish uchun O'zbekistonga katta hajmdagi mablag’lar kerak. 2018-yili Xalqaro valyuta jamg'armasi tomonidan amalga oshirilgan, sog'liqni saqlash, ta'lim va infratuzilma bo’yicha BRMlarga erishish uchun zarur bo'lgan xarajatlar hisob-kitobi shuni ko'rsatdiki, mamlakatga 2030 yilga qadar YIMning 8,7 foizi atrofida qo'shimcha mablag'lar lozim bo’lar ekan. Shunga ko’ra, XVJ qo'shimcha resurslarni shoshilinch ravishda safarbar etishga chorladi.
Qo'shma Dastur ushbu ehtiyojga javoban davlat moliyaviy resurslaridan yanada samarali, oshkora va natijalarga yo'naltirilgan foydalanishni, shuningdek, milliy rivojlanishning ustuvor yo'nalishlari uchun davlat va xususiy mablag'lardan yanada muvofiqlashtirilgan va kompleks foydalanishni ta'minlaydi. Bu Hukumatga moliyalashtirishning yangi manbalarini jalb qilishga, jumladan bularni yashil obligatsiyalar va kraudfanding, pul o'tkazmalari, jamg'arma va investitsiyalarni ko’payishi va noqonuniy faoliyatdan musodara qilingan aktivlarni qo’llash kabilar orqali amalga oshirishga yordam beradi.
Qo'shma dastur BMT Bosh kotibi tomonidan rivojlanishning yangi va innovatsion yondashuvlarini rag'batlantirish va joriy etish orqali rivojlanish amaliyotini o'zgartirish bo'yicha barcha 17 global maqsadlar ustida ishlash uchun tashkil etilgan Qo’shma BRM jamg'armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Qo'shma BRM jamg'armasi BMTning doimiy koordinatorlari va BMTning mamlakat jamoalarini hukumatlar bilan hamkorlikda global, mintaqaviy va mamlakat darajalarida BRMlar yo'nalishi bo'yicha taraqqiyotga olib boruvchi aqlli moliyalashtirish strategiyalariga olib keladigan yaxlit va o'zgaruvchan siyosatni rag’batlantirishni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.
Ma’lumot o’rnida shuni takidlab o’tish zarurki, BRM qo'shma jamg'armasi quyidagi donor davlatlarning mablag'lari hisobiga tuzilgan: Daniya, Evropa Ittifoqi, Germaniya, Irlandiya, Lyuksemburg, Monako, Gollandiya, Norvegiya, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya va Shveytsariya. 2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish strategiyasi tasdiqlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish tizimining samaradorligini oshirish va tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida bozor mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida belgilangan.
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan qaror loyihasida tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Davlat byudjeti va boshqa manbalardan ajratiladigan mablag‘larni jamlash, boshqarish va maqsadli sarflash funksiyalarini amalga oshiruvchi Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Davlat mulki ob’ektlarini sotishdan tushadigan mablag‘lar, istisno tariqasida, qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi byudjetdan tashqari Davlat aktivlarini boshqarish, transformatsiya va xususiylashtirish jamg‘armasiga qoldiriladigan mablag‘lar, shuningdek, baholovchi tashkilot va savdo tashkilotchisi xizmatlari uchun xarajatlar chegirilgan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligining Rivojlantirish va sog‘liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va sog‘liqni saqlash tizimining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish uchun maqsadli sarflanadi.
Belgilanishicha, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab:
a) O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga ayrim tibbiy yordam turlarini davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlarida olish huquqini beruvchi tibbiy yo‘llanmalar joriy etilishi ko’zda tutilgan;
b) O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun yo‘llanma (order) olishning quyidagi tartibi o‘rnatilishi kerak:
• bemor yashash joyi bo‘yicha qishloq vrachlik punkti yoki oilaviy poliklinikaning yo‘llanmasi va boshqa zarur hujjatlarni tegishli tibbiyot birlashmasining markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikasiga sog‘liqni saqlash milliy integratsiyalashgan axborot tizimi (SSMIAT) orqali yuboradi;
• tuman (shahar) markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalari bemorning tibbiy hujjatlarini ko‘rib chiqish va uni, zarur hollarda, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalarini, shuningdek, ular bo‘yicha tuzilgan xulosani bemor murojaat qilgan kundan e’tiboran ikki ish kunidan kechiktirmay SSMIATga kiritadi;
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar tibbiyot tashkilotlari tuman (shahar) tibbiyot tashkilotlari tomonidan yagona integratsiyalashgan axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar asosida bemor murojaatidan so‘ng ikki ish kuni ichida, zarur hollarda, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va unga yo‘llanma (order) beradi yohud ularni olish uchun SSMIAT orqali navbatga qo‘yadi.
Bunda, bemorlar o‘z so‘rovlariga ko‘ra murojaatining ko‘rib chiqilishi holati hamda yo‘llanma (order) olish yohud bepul davolanish uchun navbati haqidagi axborotni real vaqt rejimida elektron shaxsiy kabinet orqali, shuningdek, qisqa xabar (SMS) ko‘rinishida olish tizimi yaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga tibbiy yordam ko‘rsatiladigan imtiyozli toifadagi shaxslar ro‘yxati tasdiqlanadi, ya’ni:
• ushbu bandda nazarda tutilgan ro‘yxatga muvofiq imtiyozli toifadagi shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat turlari va hajmlari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi;
• kam ta’minlangan oilalarga mansub shaxslar toifasiga kiruvchi fuqarolar 2021 yil 1 yanvardan respublikaning barcha hududlarida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga muvofiq aniqlanadi.
Tibbiy xizmat bo‘yicha bemorlarning elektron navbatini tashkil etgan davlat sog‘liqni saqlash tizimi muassasalariga beg‘araz yordam doirasida kelgan tibbiy texnika va jihozlardan, agar O‘zbekiston Respublikasining tegishli xalqaro shartnomalarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan bo‘lsa, pullik tibbiy xizmatlarni tashkil etishda foydalanishga ruxsat berilishi mumkin.
2020 yil 1 noyabrdan boshlab Akkreditatsiya bo‘yicha xalqaro forumning (IAF) to‘laqonli a’zosi bo‘lgan organlar tomonidan “Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi” (FDA) va (yoki) “Yevropa muvofiqligi” (SE) xalqaro standartlari talablariga muvofiq sertifikatlangan tibbiy texnikalar O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishida ularning xavfsizligi, sifati va samaradorligini aniqlash maqsadida laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmaydi va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun murojaat qilingan kundan e’tiboran o‘n besh kundan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
2021 yil 1 martdan boshlab belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan shifokorlar ko‘rsatmalarini uy sharoitlarida bajarish va bemorlarni o‘z uylarida parvarish qilish – “hamshiralik ishi” faoliyatini amalga oshirish tartibi joriy etildi.
Ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 46 birlikdan iborat Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi.
Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
• davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish, boshqarish hamda ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda idoralararo hamkorlikni ta’minlash;
• 2021 yil 1 iyuldan 2022 yil yakunigacha bo‘lgan muddatda Sirdaryo viloyatida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish;
• aholining barcha qatlamlarini sifatli va zarur tibbiy yordam bilan ta’minlash maqsadida davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam hajmiga kiritilgan tibbiy xizmatlar strategik xaridi tizimini joriy etish;
• tajriba-sinov loyihasi doirasida aholining barcha qatlamlariga davlat tomonidan kafolatlangan hajmlarda sifatli va to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatilishini moliyalashtirish;
• tajriba-sinov loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlarini qoplash maqsadida ajratiladigan mablag‘larni jamlash, boshqarish, ularning maqsadli va samarali sarflanishini tashkil etish;
• davlat tibbiy sug‘urtasining yagona axborot tizimi, ma’lumotlar bazasi va boshqa axborot resurslarini boshqarish, ularning lozim darajada ishlashini ta’minlash;
• tajriba-sinov loyihasining natijalariga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini respublikaning boshqa hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Jamg‘armaning ijro etuvchi apparati xodimlariga davlat boshqaruvi organlari xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi hamda ularning lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,6 baravarga oshirilgan holda qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga Jamg‘arma ijro etuvchi apparati mehnatga haq to‘lash jamg‘armasining 25 foizi miqdorida Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.
Xulosa Xulosa o’rnida shuni e’tirof etish joizki, 2021- yil bejizga “Yoshlarni qo’llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nomlanmadi. O’tgan 2 yil xalqimiz uchun juda og’ir keldi. Sababi Covid-19 pandemiyasi safaqat iqtisodiyot uchun, balki, aholi turmush tarzi, inson salomatligi uchun ham o’z tasirini o’tkazmasdan qolmadi.
Xalq orasida avj olgan pandemiya ko’plab insonlarni zararlab, pnevmoniya kasalliklariga ham olib keldi. O’pka saturatsiyasi (sig’imi) pnevmoniya kasalligi sababli pasayib ketib, ko’plab jonlarning halokatiga olib keldi. Yaqin-birodarlar o’z yaqinlaridan ajraldi, jamiyat farovonlik ritmi buzildi.
Davlatimiz bu noxushliklarni bartaraf etish uchun bor imkoniyatlarni ishga soldi. Inson hayotini saqlab qolish maqsadida ko’plab zaruriy chora tadbirlar ko’rildi. Karantin cheklovlari o’rnatildi, zaruriy sabablarga ko’ra cheklovlar yanada kuchaytirildi, hududlarda karantin zonalari ochildi, yo’nalishi bo’yicha to’g’ri keladigan tibbiyot muassasalari ham karantin zonalariga o’zgartirildi.
Qo’pol qilib aytkanda, biz unchalik ham qadrlamagan kasb egalari, ya’ni, tibbiyot xodimlariga ayni shu davrda katta ehtiyoj sezildi. Aynan o’sha davrda tibbiyot xodimlari yuksak sharaf bilan tilga olina boshlandi. Ular to’g’risida ommaviy axborot vositalarida nashrlar, lavhalar tayyorlandi, hattoki, shoirlar qalami tinmay “shifokorlar” haqida yoza boshladi.
Sababi har tomonlama zarar yetkazayotgan bu illat-kasallik edi. Kasallikni esa shifokor davolaydi. Shifokorlarning mehnatini albatta e’tirof etsa arziydi, ammo, bularning barchasi moliyaviy ta’minotga borib taqaladi. Ta’minotni esa davlat budjetdan ta’minlaydi.
Davlat budjeti karantin cheklovlari o’rnatilgan vaqtdan qiyin vaziyatda qoldi. Sababi, barchamizga ma’lumki, har yili davlat budjetining 90% dan yuqori qismi soliqlar evaziga to’ladi. karantin cheklovlari kuchaytirilgandan keyin ko’pgina muassasalari, korxona, fabrikalar ish faoliyati sustlashdi, yoki butunlay to’xtadi. O’z navbatida soliq bazalari keskin kamayib ketdi.
Ammo, o’sha davrda ham sog’liqni saqlash tizimi to’xtovsiz moliyalashtirib turildi. Tibbiyot xodimlari uchun himoya vositalari, kislorod ballonlari, dori-darmon, oziq-ovqat uzluksiz yetkazib berildi. O’z vaqtida tibbiyot xodimlari oyliklari ham o’z vaqtida to’lab turildi.