ESLATMA: So‘z birikmasi, tobe bog‘lanish, grammatik bog‘lanish testda bu bog‘lanishlar o‘zaro farqlanadi. Buni bitta gap misolida ko‘rib chiqamiz. M: Biz kecha va bugun teatrga bordik. Testda ushbu gapdagi so‘z birikmalarini toping desa Ega va kesim bo‘g‘lanishidan tashqari qolgan bog‘lanishlar olinadi: kecha bordik, bugun bordik, teatrga bordik 3 ta so‘z birikmasi bor. Ushbu gapdagi tobe bog‘lanishni toping desa ega va kesimni bog‘lanishi ham olinadi: Biz bordik, kecha bordik, bugun bordik, teatrga bordik. 4 ta tobe bog‘lanish bor. Ushbu gapdagi Grammatik bog‘lanishlarni toping desa, so‘z birikmasi, tobe bog‘lanish, teng bog‘lanish hammasi olinadi: Biz bordik, kecha bordik, bugun bordik, teatrga bordik, kech va bugun. 5 ta Grammatik bog‘lanish bor.
SO‘Z BIRIKMALARINI TAHLIL QILISH Tahlil tartibi 1. Berilgan gapdagi so‘z birikmalarini aniqlab yozib chiqish.
2. Har bir so‘z birikmasini alohida-alohida tahlil qilish:
a) hokim so‘z bilan tobe so‘zning birikish turini ko‘rsatish;
b) hokim so‘z va tobe so‘zni aniqlash;
d) hokim so‘z va tobe so‘zni bog‘lovchi grammatik vositani ko‘rsatish;
e) hokim so‘z va tobe so‘zning qaysi so‘z turkumi bilan ifodalanganligini izohlash.
f) so‘z birikmasining hokim so‘ziga ko‘ra turini izohlash (otli so‘z birikmasi, fe’lli so‘z birikmasi).
Tahlil namunasi Zargarov sahrodagi ishlarning miqyosini yaxshi tasvirlab berdi. (As.M.)
Gapda 4 ta so‘z birikmasi mavjud: yaxshi tasvirlab berdi, miqyosini tasvirlab berdi, ishlarning miqyosi, sahrodagi ishlar.
1) yaxshi tasvirlab berdi — bitishuv; hokim so‘z — tasvirlab berdi, tobe so‘z — yaxshi; ohang va ma’no vositasida birikkan; sifat (ravish vazifasida) + fe’l;
2) miqyosini tasvirlab berdi — boshqaruv; hokim so‘z — tasvirlab berdi, tobe so‘z — miqyosini;
tushum kelishigi qo‘shimchasi (-ni) vositasida birikkan; ot + fe’l; fe’lli so‘z birikmasi;
3) ishlarning miqyosi — moslashuv; hokim so‘z — miqyos, tobe so‘z — ishlarning; qaratqich kelishigi (-ning) va egalik (-i) qo‘shimchalari vositasida birikkan; ot + ot; otli so‘z birikmasi;
4) sahrodagi ishlar — bitishuv; hokim so‘z — ishlar, tobe so‘z — sahrodagi; ohang va ma’no vositasida birikkan; sifat + ot; otli so‘z birikmsi.
TOPSHIRIQ.Quyida berilgan gaplarni yuqoridagi tahlilga asoslanib tahlil qiling!!!
1.U beg‘ubor yaylov havosida ulg‘aygan kamgap va qaysargina bir bola edi.
2.G‘ulomjon tabiatan quvnoq, sho‘x yigit edi.
3.Shoir do‘stlikni ulug‘lab ko‘plab she’rlar bitgan.
4.Qo‘llarining keskin harakati bilan xalqqa tinchlanishni buyurdi.
5. Kitob mutolaasi inson aqlini charxlaydi.
6. O‘z Vatanini sevgan kishi shu Vatanning ravnaqi uchun kurashadi.
7. Kechqurunlari buvimdan oy yorug‘ida turli rivoyatlar tinglardim.
8. Yulduzni benarvon uradigan bunday odamlardan hayiqish kerak.
9. Hovli etagidagi uyasidan eti borib suyagiga yopishgan qari it chayqalib-chayqalib chiqib keldi.
10. Mana shu tirranchalarni deb boya rosa po‘stagimni qoqishgandi.
11. Shaharda ko‘p qavatli baland binolar qurish avj olgan. (A.Q.)
12. Bo‘ston qishlog‘iga og‘ir-vazmin qadamlar bilan kuz kirib keldi.
13. Katta sement ko‘prik ustidan mashinalar tinimsiz o‘tib turibdi. (S. A.)
14. Tebranib yonayotgan sham zo‘r mo‘jizaday hammaning diqqatini jalb qilgan edi.
15. Havoga yelpig‘ichday qat-qat bulutlar chiqdi.
16.Quyoshning iliq, tansiq nurlari odamlarga xush yoqadigan bo‘lib qoldi.
17.Chor atrof yaproqlarning mungli shivir-shiviriga to‘ldi. (O‘.H.)
18. Hayotjon G‘ulomjonning mardligiga, chidamliligi, qanoatliligi va sadoqatiga qoyil qoldi.
19. Hosildorlikni oshirish uchun yerga o‘g‘it tashlandi.
20. Keksa bog'bonni hamma o ‘quvchilar hurmat qilishadi.