SO‘Z BIRIKMASI VA QO‘SHMA SO‘Z
So‘z birikmasida ham, qo‘shma so‘zda ham qismlar bir xildagi so‘z turkumlariga oid bo‘lishi, har ikkalasi ham bir xil grammatik shaklga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, oq qush – oqqush (har ikkisida ham sifat+ot), suv ilon – suvilon (har ikkisida ham ot+ot). Bu ularning shakliy o‘xshashligidir. Lekin so‘z birikmasidagi qismlar ma’no mustaqilligini saqlagan bo‘ladi. Qo‘shma so‘z tarkibidagi qismlarning ma’nosi esa saqlanmagan bo‘lib, qo‘shma so‘zning umumiy ma’nosi orqali anglashiladi.
So‘z birikmasidagi qismlar orasida grammatik aloqa sezilib turadi, qo‘shma so‘z qismlari orasidagi grammatik aloqa esa yo‘qolgan bo‘ladi.
So‘z birikmasini tashkil qilgan qismlarning har biriga alohida-alohida so‘roq berish mumkin: kitobni (nimani?) o‘qimoq, uydan (qayerdan?) chiqmoq kabi. Qo‘shma so‘zlarga esa yaxlit bir savol
berish mumkin: kungaboqar (nima?), kamquvvat (qanday?).
So‘z birikmasining qismlari o‘z mustaqil so‘z urg‘usini saqlagan bo‘ladi (uyning eshigi, xatni o‘qidim, tez yugurdi), qo‘shma so‘z esa umumiy bir urg‘uga ega bo‘ladi (oqko‘ngil, bilakuzuk, Yangiqo‘rg‘on). Qo‘shma so‘zlarning ko‘pchiligi tarixan so‘z birikmalari asosida yuzaga kelgan.
TOPSHIRIQ-3. Qo‘shma so‘z va so‘z birikmasiga e’tibor bering!!!
1. Dori bosh og‘rig‘ini darrov qoldirdi. «Boshog‘riqni ko‘paytirmang», — dedi rahbarimiz.
2. Qayerdandir oq qushlar uchib keldi. Bola jarohatlangan oqqushni davoladi. 3. Qiziqchi qizil ishton kiygan edi. Qizilishton daraxt po‘stlog‘i orasidagi qurtlarni terib yeydi. 4. Qizilurug‘ kechroq unadi, lekin ko‘p hosil beradi. Qizil urug‘dan ungan ko‘chatlar sog‘lom rivojlandi. 5. Maktab direktori
kotiba olib kirgan hujjatlarga qo‘l qo‘ydi. Rahimjon ma’yus holda so‘ri suyanchig‘iga qo‘l qo‘ydi.
SO‘Z BIRIKMASI VA TURG‘UN BOG‘LANMA (IBORA)
So‘z birikmasida so‘zlar o‘zaro erkin bog‘langan bo‘ladi: tushunchani anglatadi. Turg‘un bog‘lanma (ibora)larda esa so‘zlar ma’noviy butunlik uchun birlashgan — yaxlitlangan bo‘ladi va bir leksik ma’noni anglatadi.
Turg‘un bog‘lanma (ibora)ga bir so‘z sifatida qaraladi, lug‘atlarda so‘zlar qatorida beriladi, chunki ular ham so‘zlar kabi ma’noni ifodalaydi. Masalan, ko‘zini yog‘ bosgan iborasi — «mag‘rurlangan», yog‘ tushsa yalaguday iborasi — «toza», to‘nini teskari kiyib olmoq iborasi — «qaysarlik qilmoq»
ma’nosini beradi, ammo bu ma’nolarni oddiy emas, obrazli tarzda ifodalaydi.
So‘z birikmalaridagi so‘zlarni, erkin bog‘langani uchun, almashtirish mumkin, turg‘un bog‘lanma (ibora)lardagi so‘zlarni almashtirib bo‘lmaydi, ular bir ma’noni ifodalash qonuniyati asosida
turg‘unlashgan, yaxlitlangan bo‘ladi: bo‘yniga qo‘ymoq (iqror qilmoq), ko‘nglidan o‘tkazmoq (o‘ylamoq), o‘pkasi yo‘q (hovliqma) kabi.
So‘z birikmasi va turg‘un bog‘lanma gapda o‘xshash shaklda uchrashi mumkin, lekin biri tushuncha, biri leksik ma’noni ifodalaydi.
Qiyoslaymiz: Bu yuk hozircha omborning ichiga sig‘maydi. – Shu kunlarda Feruzaning sevinchi ichiga sig‘maydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |