Mantiqiy mushohada uchun
1.Bormoq va ketmoq fe’llari qaysi semasi asosida birlashib, qaysi semasi bilan farqlanadi?
2.Muhabbat va sevgi leksemalarida farqlovchi sema qaysi?
3.So‘zum munda qolur, Borurman o‘zum (Yugnakiy) misrasidagi bormoq fe’lining semik tarkibini aniqlang.
Semema semalari o‘zaro dialektik munosabatda va teskari mutanosiblikka ega. Sememani uchburchakka qiyoslasak, har bir turga mansub sema uning bir burchagini tashkil qiladi. Uchburchakda bir burchakning kattalashishi boshqalarining kichrayishi hisobiga yuz berganligi kabi sememadagi bir semaning kuchayishi boshqa semaning kuchsizlanishi evaziga sodir bo‘ladi. Masalan, mustaqil leksemada atash semasi kuchaysa, ifoda semasi kuchsizlashadi, ifoda semasi kuchaysa, atash semasi kuchsizlanadi. Masalan, ko‘chma ma’noli leksemalarda atash semasi kuchsizlanib, ifoda semasi kuchaygan bo‘ladi. Leksema nutqda voqelanganda ham uning atash semasi o‘z o‘rnini ma’lum darajada ifoda semasi voqelanishiga bo‘shatib beradi. Masalan, bo‘ri leksemasi odamga nisbatan qo‘llanganda undagi “hayvon”, “itsimonlar oilasiga mansub”, “yovvoyi” atash semalari kuchsizlanib, “yirtqich”, “vahshiy”, “qonxo‘r” ifoda semalari kuchaygan holda yuzaga chiqadi.
Mustaqil leksema yordamchi so‘z vazifasida qo‘llanganda undagi atash va ifoda semasi kuchsizlanib, vazifa semasi esa kuchayib voqelanadi.
Mustaqil o‘qish uchun
Qo‘hna Sharq tillar va so‘zlarning paydo bo‘lishi haqida
Sharqda tilning taraqqiyot qonunlari, tillarning, so‘zlarning paydo bo‘lishi talqiniga doir bir necha nazariyalar yuzaga kelgan. Tabiiy nazariya, ijtimoiy kelishuv nazariyasi, izhor nazariyasi, ilhom nazariyasi shular jumlasidan.
Tabiiy nazariya (tovushga taqlid nazariyasi). Sharq filologlari VIII asrda so‘zlarning tashqi tovush tomoni bilan mazmuni o‘rtasidagi o‘xshashlikni keng muhokama qilishgan. Ibn Jinniyning guvohlik berishicha, bu bilan dastlab Xalil ibn Ahmad shug‘ullangan. Shu an’ana ta’sirida A’bad ibn Sulaymonning fikrlari rivojlandi. Bu nazariya bo‘yicha so‘z – insonning tabiiy tovushlarga bo‘lgan moyilligi, ularga taqlid qilishi natijasida yuzaga kelgan. Bu “tabiiy (tabiat) nazariya” islom ruknlariga ancha erkin munosabatda bo‘lgan mazhab va yo‘nalish vakillari (jumladan, namoyandalari Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy kabi olimlar bo‘lgan mutazalliylar) tomonidan ilgari surilgan va rasmiy islomiy – izhor (ilohiy ne’mat) nazariyasiga zid edi.
|
Do'stlaringiz bilan baham: |