Nazorat savollari
Korporativ strategiya mohiyati nimada?
Korporativ strategiyani prinsiplarini ishlab chiqish orqali tushuntirib bering.
Strategik boshqaruv nima?
Korporativ strategiyaning omili va tashkiliy qismi haqida gapirib bering.
Korxonaning diversifikatsion koprorativ strategiyasi nima?
Korparativ strategiyaning mazmunini tushuntiring.
Funksional strategiyaning iqtisodiy mazmunini tushuntirib bering.
Korxonaning diversifikatsion korporativ strategiyasini aytib bering.
5-MA’RUZA. DAVLATNING KORPORATIV SEKTORDA QATNASHUVI
Davlatning korporativ boshqaruvdagi ishtiroki
Davlat aksiyalar paketini boshqarishning maqsad va tamoyillari
Davlatga tegishli aksiyalar paketini ishonchli boshqaruvga berish tartibi
Davlatning korporativ boshqaruvdagi ishtiroki
Davlat korporativ boshqaruvda ikki yoqlama ishtirok etadi.
Birinchidan, zaruriyatga qarab korporativ boshqaruvning me’yoriy-huquqiy negizini hosil qilish va takomillashtirish hamda aksiyador jamiyatlari (AJ) tomonidan qonunchilik me’yorlariga rioya qilinishi ustidan nazorat qilishda qatnashadi.
Ikkinchidan, davlat ulushi mavjud aksiyadorlik jamiyatlar korporativ boshqaruvida bevosita ishtirok qilish va «oltin aksiya» qo‘llanilishi haqida hukumat qarori qabul qilingan AJni boshqarishda qatnashadi.
Rivojlangan bozor iqtisodiyoti mamlakatlarida ba’zi bir AJlarining ma’lum bir miqdordagi aksiyasiga davlat egalik qiladi. «Bozordagi yo‘qotishlar»ning mavjudligi buning asosiy sababidir. Bunda jamiyat manfaatlari va yo‘qotishlari xususiy manfaat va yo‘qotishlardan ustun bo‘ladi. Masalan, bozor tuzilmasining monopollashtirish jarayonidagi aholining individual manfaatlaridan ko‘ra, jamoalashgan mulkdorlarning manfaatlarini bozorda ustunlik qilishini ko‘rsatish mumkin.
Bunda xususiy mulkdor tomonidan u hohlagan foyda miqdorini imkon qadar oshirish maqsadida jamiyat uchun mahsulot miqdorining pasayishi va uni yuqori narxlarda sotilishi natijasida iste’molchilar tomonidan ko‘riladigan zararni ko‘rish mumkin. SHuning uchun ham korporatsiyalarning nizomida ulushga ega bo‘lgan xukumat iste’molchilar huquqini himoya qilishni ko‘zlab qaror qabul qiladi.
Davlat korxonalari va davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish bo‘yicha jahon amaliyotida eng keng tarqalgan modellar mavjud bo‘lib, ular davlat boshqaruvida izchil qo‘llaniladi. Ularga quyidagi modellarni kiritish mumkin:
Amerika modeli — bu model, odatda, ishlab chiqarish sektorida davlatning ulushi kichik bo‘lgan mamlakatlarda qo‘llaniladi. Ularda davlat aksiya paketlarini shartnoma asosida xususiy boshqaruvchi kompaniyalariga berilishi mazkur modelning xususiyatli tomoni hisoblanadi.
Mazkur modelda «jamoatchilik uchun ochiq korporatsiyalar» shiori mavjud bo‘lib, korporatsiyalar mos ravishda tarmoq departamentlari va vazirliklarga bo‘ysunadilar.
Italiya modeli — korxonalarda davlat ulushi katta bo‘lgan davlatlarga xosdir. Davlat korxonalarini va davlat aksiya paketlarini boshqarish uchun davlat mulki vazirligiga qarashli ko‘p tarmoqli xolding kompaniyalari tashkil qilinadi.
Aralash model — yuqorida sanab o‘tilgan ikki modelning xususiyatlarini o‘zida birlashtiradi. Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda qo‘llaniladi.
Iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlardan farqli o‘laroq O‘zbekistonda davlat mulki iqtisodiyotning «bozor kamchiliklariga» duchor bo‘lgan qismiga nisbatan kengroq sohasining ishlashiga ta’sir qiladiki, bu davlat mulkini xususiylashtirish jarayonining tugallanmaganligi bilan bog‘liqdir.
Oqibatda, aksiyalari to‘liq yoki qisman davlat ixtiyorida bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlar bilan birgalikda, ustav fondida davlatning ishtiroki vaqtincha bo‘lgan korxonalar soni ham ko‘p.
Masalan, xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan ko‘pchilik korxonalar ularni rekonstruksiya qilish uchun katta hajmdagi investitsiyalarga muhtojdir. Ularning aksiyalari, nafaqat aksiyalarni sotib olishga, balki ishlab chiqarishni rivojlantirishga ham investitsiya kiritishga tayyor bo‘lgan strategik investorlarga sotilishi nazarda tutiladi.
Bunday investorlarni topish oson bo‘lmaydi va malum bir vaqt talab qilinadi.
01.01.2008-yil holatiga ko‘ra O‘zbekiston Markaziy depozitariy hisobida ikki mingga yaqin aksiyadorlik jamiyatlar qayd qilingan bo‘lib, shulardan 536 tasida davlat ulushi bor edi. 565 ta aksiyadorlik jamiyatlaridagi davlat ulushi aksiyalari xolding, davlat aksiyadorlik va aksiyadorlik kompaniyalari ustav fondlariga berildi. Bundan tashqari, 600 dan oshiq mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida (MCHJ) davlat ulushi bor edi.
Respublikamiz barcha aksiyadorlik jamiyatlari chiqargan aksiyalarning umumiy miqdori 2,1 mlrd. donadan, ularning jami nominal qiymati 3,0 trln. so‘mdan oshib ketdi. Ulardan turli kompaniyalar emissiya qilgan 2,4 trln. so‘mlik (80,0%) 1,3 mlrd.dona (61,9%) aksiyalar davlat yoki davlat tomonidan nazorat qilinadigan turli kompaniyalar ixtiyorida edi.
Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan korxonalar hamda deyarli barcha xolding, davlat — aksiyadorlik va aksiyadorlik kompaniyalari aksiyalarining 51% va undan ortiq ulushlari doimiy ravishda davlat mulkchiligida saqlab qolinadi. Ushbu AJ aksiyalarini davlat qanday boshqarishi ko‘p jihatdan mamlakatning butun iqtisodiyoti rivojlanishi darajasini belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |