11-rasm. Aksiyadorlik va korporativ huquqning nisbati
Korporativ boshqaruv kodeksi — ixtiyoriy belgilanuvchi andozalar va ichki me’yorlar yig‘indisi bo‘lib, korporativ munosabatlarning tartibini o‘rnatadi va tartibga soladi. Kodeks korporatsiyadagi korporativ boshqaruvning barcha muhim elementlariga taalluqli bo‘lgan asosiy me’yorlardan va tavsiyalardan tarkib topishi kerak. Emitentlarning Kodeks qoidalariga rioya qilishidan asosiy manfaatdorligi qimmatli qog‘ozlar bozori orqali ularning investitsiyalarni jalb qilishga intilishidir (12-rasm).
Korporativ boshqaruvning mashhur Kodekslari quyidagilardan iborat:
Kedberi kodeksi, 1991-yilda Buyuk Britaniyada Adrian Kedberi rahbarligidagi Qo‘mita tomonidan tayyorlangan, Qo‘mita Moliyaviy axborotlar kengashi, London fond birjasi va hisobxona xodimlari kasaba uyushmasi tomonidan tuzilgan;
2000-yilning yanvarida Germaniya korporativ boshqaruv bo‘yicha eng ilg‘or amaliyotdagi nemis korporativ boshqaruv kodeksi yaratilgan;
Fransiya xususiy korxonalar uyushmasi milliy kengashi va Fransiya korxonalari harakati tomonidan tashkil etilgan guruh, M. Veno raislik qilgan Korporativ boshqaruv bo‘yicha qo‘mitaning tavsiyalari (1995-va 1999-y.);
Gretsiya korporativ boshqaruv tamoyillari 1999-yilda Moliyaviy bozorlar bo‘yicha qo‘mita tomonidan tayyorlangan;
“Jeneral Motors” Direktorlar Kengashi tomonidan 1994-yilda tayyorlangan «AQSHda korporativ boshqaruvning asosiy yo‘nalishlari va muammolari» tezislari;
Dunyoda eng yirik nafaqa fondi va etakchi institutsional investorlardan biri bo‘lgan «Istefoga chiqqan fuqarolik xizmatchilar Kaliforniya nafaqa fondi» tomonidan 1998-yilda ishlab chiqilgan “AQSHda korporativ boshqaruvning asosiy tamoyillari va yo‘nalishlari”;
Braziliya korporativ boshqaruv instituti tomonidan 1999-yilda tayyorlagan «Lozim darajadagi amaliyot kodeksi»;
Hindiston sanoat konfederatsiyasi tomonidan 1998-yilda taqdim qilingan «Tavsiya qilinuvchi korporativ boshqaruv kodeksi»;
Malayziya Oliy moliya qo‘mitasi tomonidan 1999-yilda taqdim etilgan «Korporativ boshqaruv kodeksi»;
Gonkong fond birjasi tomonidan 1989-yilda (keyinchalik to‘ldirilgan) taqdim etilgan «Eng afzal amaliyot kodeksi va umumjamoa kompaniyalarning direktorlari uchun tavsiyalari»;
Meksika tadbirkorlik muvofiqlashtirish kengashining Korporativ boshqaruv bo‘yicha qo‘mitasi 1999-yilda taqdim qilgan «Eng afzal amaliyot kodeksi»;
Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) Tadbirkorlik palatasi va Yoxannesburg fond birjasi qo‘llab-quvvatlashida JAR Direktorlar instituti tomonidan 1994-yilda taqdim etilgan «Korporativ amaliyot va munosabatlar kodeksi».
Do'stlaringiz bilan baham: |