Uy xo’jaliklarining tashqi moliyaviy munosabatlari ularning boshqa iqtisodiy sub’ektlar bilan bo’lgan o’zaro aloqalari orqali namoyon bo’ladi. Korxonalar va tashkilotlar moliyasi bilan uy xo’jaliklari bevosita o’zaro bog’langan: firmalarga iqtisodiy resurslarni taqdim etib (berib), ularning egalari sifatida uy xo’jaliklari yaratilgan mahsulotning qiymatidan o’z hissalarini (ulushlarini) oladilar va demak, ular shu bilan yalpi mahsulotni birlamchi taqsimlashda ishtirok etadilar. Bu munosabatlar o’zining yana bir muhim iqtisodiy tomoniga ega: ular iqtisodiyotda aholi daromadlarining boshlang’ich darajasini belgilab beradiki, bu narsa, o’z navbatida, iste’molning shakllanishi, ko’lami va tarkibiy tuzilmasiga, to’lovga layoqatli talabning shakllanishiga va nihoyat, uy xo’jaliklari tomonidan jamg’arish funktsiyasining amalga oshirilishiga to’g’ridan-to’g’ri o’z ta’sirini ko’rsatadi.
Davlat va uy xo’jaliklari o’rtasidagi moliyaviy munosabatlar ham to’g’ridan-to’g’ri (bevosita) va qaytarma (yana orqaga qaytariluvchi) aloqalar asosida quriladi (vujudga keladi) va ular byudjet hamda nobyudjet fondlarni shakllantirish va ulardan foydalanishdagi munosabatlarni ifodalaydi. Uy xo’jaliklarining daromadlari va mol-mulklari soliqqa tortilish ob’ekti sifatida maydonga chiqadi va demak, byudjet tizimi daromadlar bazasining tuzilmaviy elementi hisoblanadi. Bir vaqtning o’zida soliqlar, pensiya tizimi, ijtimoiy transfertlar orqali davlat moliyaviy oqimlarni uy xo’jaliklarining turli guruhlari o’rtasida qayta taqsimlaydi. Uy xo’jaliklari va davlat o’rtasidagi moliyaviy munosabatlarni amalga oshirish jarayonida milliy daromadning ikkilamchi qayta taqsimlanishi sodir bo’ladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat uy xo’jaliklariga tegishli bo’lgan daromadning taqsimlanish jarayoniga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir qilish instrumentlariga ega emas. Moliyaviy munosabatlarning bu sohasi davlat tomonidan eng kam darajada reglamentatsiya qilinadi. Buning sababi shundaki, uy xo’jaliklari pul fondlarini shakllantirishning zarurligi, usuli va maqsadi to’g’risida, ularni sarflashning o’lchami va vaqti xususida qarorlar qabul qilishda mustaqildir. SHu bilan birgalikda davlat uy xo’jaliklariga tegishli bo’lgan daromad va yakuniy (oxirgi) iste’molning o’lchamiga (ko’lamiga) ta’sir qilishga qodir. Bu narsa, jumladan, quyidagilar orqali amalga oshirilishi mumkin:
soliqli tartibga solish (tartiblash);
mehnat haqini to’lash stavkalarini o’rnatish (belgilash);
birinchi darajali zaruriy mahsulotlar baholarini tartibga solish (tartiblash);
imtiyozlar tizimi;
sog’liqni saqlash va maorifni byudjetdan moliyalashtirish orqali ijtimoiy ta’minotni rivojlantirish;
Uy xo’jaliklarining o’zlari o’rtasidagi (uy xo’jaliklariaro) moliyaviy munosabatlar uy xo’jaliklari sektorining ichida moliyaviy resurslarning harakatlanishi jarayonida vujudga keladigan munosabatlar sifatida qaraladi. Bu yerda ushbu jarayon hamma vaqt ham oydinlashmagan va kuchsiz tartibga solinuvchi hisoblanadi. Moliyaning bu sohasiga, jumladan, quyidagilarni kiritish mumkin:
iste’mol kooperatsiyasiga xizmat ko’rsatuvchi fondlar;
uy xo’jaliklari o’rtasidagi norasmiy kredit munosabatlari;
uy xo’jaliklari sektori doirasida (chegarasida) hamkorlikdagi pul fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish xususidagi boshqa munosabatlar.
Uy xo’jaliklarining moliyaviy institutlar bilan o’zaro aloqalari moliyaviy munosabatlarning alohida guruhini ifodalaydi. Ularning kredit muassasalari bilan munosabatlari uy xo’jaligi byudjeti defitsitini to’ldirish (iste’mol krediti vositasida, yordamida), bo’sh turgan pul mablag’larini bank hisob varaqlarida joylashtirish yoki ularni saqlash va jamg’arish maqsadida boshqa moliyaviy aktivlarga qo’yish orqali namoyon bo’ladi. Uy xo’jaliklarining sug’urta kompaniyalari bilan bo’ladigan munosabatlari esa turli ko’rinishdagi sug’urta fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish jarayonida gavdalanadi.
Moliyaning mohiyati uning funktsiyalari orqali namoyon bo’lganligi uchun uy xo’jaliklari moliyasining mohiyati ham uning funktsiyalari yordamida ifodalanadi20. Uy xo’jaliklari moliyasining funktsiyalari quyidagilardan iborat bo’lishi mumkin21:
taqsimlash;
takror ishlab chiqarish;
nazorat;
tartibga solish (tartiblash);
rag’batlantirish;
ijtimoiy.
Uy xo’jaliklari moliyasining bu funktsiyalari o’zaro bog’langan va bir-birini doimiy ravishda to’ldirib turadi. Bir vaqtning o’zida, ma’lum ma’noda va ma’lum darajada ular o’zlarining namoyon bo’lishiga qarab moliyaning umumiy funktsiyalaridan biroz farqlanishi ham mumkin.
Ma’lumki, uy xo’jaliklarining moliyasi taqsimlash jarayonini oxirgi bosqichgacha, ya’ni aniq individgacha yoki uy xo’jaligining har bir a’zosigacha yetkazadi. Uy xo’jaliklari moliyasi taqsimlash funktsiyasining amalga oshirilishi aholi hayotiy mablag’lari fondini shakllantirishni taqoza etadi, insonni takror ishlab chiqarish uchun iqtisodiy (moliyaviy) asos yaratadi.
Ma’lumki, uy xo’jaliklarining ishtirokchilari qatoriga balog’at yoshiga yetmaganlar yoki yetgan bo’lsa-da, turli sabablarga ko’ra ishlamayotgan oila a’zolari ham kiradi. Uy xo’jaliklarining hissasiga to’g’ri kelgan milliy daromadning bir qismi uy xo’jaliklari moliyasining taqsimlash funktsiyasi doirasida uning barcha ishtirokchilari o’rtasida u yoki bu nisbatlarda (proportsiyalarda) taqsimlanadi. Uy xo’jaliklarining moliyasi taqsimlash funktsiyasini bajara borib, har bir shaxsni (kishini) uning hayotiyligi uchun kerak bo’lgan resurslar bilan ta’minlab, oxir oqibatda, ishchi kuchi takror ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlaydi. Bu o’rinda taqsimlash funktsiyasining ta’sir ob’ekti uy xo’jaligiga tegishli bo’lgan (uy xo’jaligi egalik qilayotgan) daromad hisoblanadi. Taqsimlash jarayonining sub’ektlari sifatida esa uy xo’jaliklarining barcha ishtirokchilari maydonga chiqadi.
Uy xo’jaliklari moliyasining taqsimlash funktsiyasi turli shakllarda, jumladan, investitsion-taqsimlash funktsiyasi sifatida amalga oshirilishi mumkin. Uning bu (investitsion-taqsimlash) shakli shu bilan xarakterlanadiki, uy xo’jaliklari iqtisodiyot uchun moliyaviy resurslarni asosiy yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi. Uy xo’jaliklari daromadlarining o’sishi bu funktsiya bajarilishining moddiy asosini tashkil etadi. Ko’pchilik hollarda uy xo’jaliklarining investitsion funktsiyasi faqat kapitallashtiriladigan daromadlarning salmog’i, ya’ni daromadning jamg’arma sifatida foydalaniladigani (mablag’larni turli moliyaviy institutlarga va haqiqiy ishlab chiqarishga joylashtirish) bilan bog’lanadi. Biroq bunday yondoshuv bir tomonlamalik xarakteriga ega. Haqiqatda esa, o’z navbatida, iste’mol salmog’ining oshishi ham iqtisodiyotga investitsiyalarning o’sishiga ta’sir ko’rsatadigan omil hisoblanadi.
Bir vaqtning o’zida, yuqoridagi asoslarda takror ishlab chiqarish jarayoni ishchi kuchi va shuningdek, uy xo’jaliklarining pul mablag’lari bilan ta’minlanadi. Bu yerda uy xo’jaliklari moliyasining takror ishlab chiqarish funktsiyasi alohida rolь o’ynaydi. Uy xo’jaliklari daromadlari, xarajatlari va jamg’armalarining o’sishi jamiyatdagi takror ishlab chiqarish jarayoni uchun moddiy asos bo’lib xizmat qiladi.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida uy xo’jaliklari mustaqil xo’jalik yurituvchi sub’ekt hisoblanadi, ya’ni uy xo’jaliklari a’zolarining turmush darajasi uning hissasiga to’g’ri kelayotgan daromadning o’lchamiga to’liq bog’liqdir. Turli omillar ta’siri natijasida bu o’lcham ortishi yoki qisqarishi ham mumkin. SHuning uchun ham iste’molning odatdagi darajasini ushlab (saqlab) turishni olingan daromadlarning turli fondlarga taqsimlanishi va ularning maqsadli foydalanishi ustidan nazoratsiz tasavvur etib bo’lmaydi. SHuningdek, uy xo’jaliklarining farovonligini qo’llab-quvvatlash va ularni taraqqiy ettirish (rivojlantirish) uchun ular byudjetlarining holatlari, ularga tegishli bo’lgan daromadlarning taqsimlanishi, daromad manbalarining dinamikasi ustidan nazorat ham ob’ektiv ravishda zarur. Ana shularda uy xo’jaliklari moliyasining nazorat funktsiyasi o’zini namoyon etadi.