Taqqoslash usuli
Bilishning ilmiy usullaridan biri sifatida taqqoslash iqtisodiy
tahlilda keng qo‘llaniladi. Uning mohiyati – bir turdagi obyektlar
o‘rtasidagi o‘xshashlik yoki farqlarni aniqlash maqsadida ularni
qiyoslashdan iborat. Taqqoslash yordamida iqtisodiy hodisalardagi
umumiylik va o‘ziga xosliklar aniqlanadi, tadqiq etilayotgan obyektlar
darajasida o‘zgarishlar belgilanadi, ularning rivojlanish tendensiyalari
va qonuniyatlari o‘rganiladi. Iqtisodiy tahlilda taqqoslashning quyidagi
turlari qo‘llaniladi:
• Haqiqatdagi hisobot ma’lumotlarini rejaviy ma’lumotlar bilan
taqqoslash. Rejaning bajarilish foizini aniqlash taqqoslash natijasi
hisoblanadi;
• Iqtisodiy hodisalar rivojlanishidagi tendensiyalar, qonuniyatlarni
aniqlash maqsadida ko‘rsatkichlarni dinamikada taqqoslash;
• Tahlil qilinayotgan korxona ko‘rsatkichlarini tarmoq bo‘yicha
o‘rtacha qiymatlar bilan taqqoslash;
• O‘rganilayotgan korxonaning faoliyat ko‘rsatkichlarini
raqobatchilarning mutanosib ko‘rsatkichlari bilan taqqoslash;
• optimal qarorlarni tanlash maqsadida turli boshqaruv qarorlari
natijalarini taqqoslash;
• samaradorligini baholash maqsadida boshqaruv qarorlari qabul
qilingunga qadar va qabul qilingandan keyingi faoliyat natijalarini
taqqoslash.
Quyidagilar ko‘rsatkichlar taqqoslanuvchanligining majburiy
sharti hisoblanadi:
• hajm, qiymat, sifat va tuzilmaviy ko‘rsatkichlar birligi;
• qiyoslash amalga oshirilayotgan vaqt davri birligi;
• ishlab chiqarish shartlari taqqoslanuvchanligi;
• ko‘rsatkichlarni hisoblash metodikasi taqqoslanuvchanligi.
Taqqoslanmaydigan ko‘rsatkichlarni qiyoslash tahlil natijalari
asosida noto‘g‘ri xulosa chiqarilishiga olib keladi. Shuning uchun
qiyoslashni amalga oshirishdan avval ko‘rsatkichlarni taqqoslama
ko‘rinishga keltirish, ya’ni qiyoslanayotgan ko‘rsatkichlarni sanab
o‘tilgan omillarga muvofiq yagona asosga keltirish lozim.
Agar taqqoslanmaydigan ko‘rsatkichlar qiymat bahosining turli
darajasi oqibatida kelib chiqqan bo‘lsa, u holda ushbu omilni
neytrallashtirish uchun ko‘rsatkichlar ayni bir narxda ifodalanadi.
Masalan, yalpi mahsulot qiyoslanuvchanligini ta’minlash uchun uning
hisobot va bazis davrdagi jismoniy hajmi bazis davri narxlarida
ifodalanadi:
Iyam = Σq1p0 / Σq0p0.
Bu yerda q1 i q0 – mos ravishda hisobot va bazis davrdagi i-turdagi
mahsulot ishlab chiqarishning jismoniy hajmi;
p0 – i-turdagi mahsulotning bazis davrdagi narxi.
Korxonalar faoliyat ko‘lami o‘zgarishi tufayli ko‘plab ko‘rsatkichlar
taqqoslanmaydigan bo‘lishi mumkin. Masalan, agar hisobot
yili xarajatlar miqdori (Σq1b1+a1) bazis yil xarajatlari (Σq0b0+a0) bilan
taqqoslansa, u holda mazkur ko‘rsatkichlarning farqi nafaqat mahsulot
tannarxi darajasining o‘zgarishi bilan, balki mahsulot ishlab chiqarish
hajmidagi o‘zgarishlar bilan ham shartlangan bo‘ladi. Xarajatlarni
taqqoslanma ko‘rinishga keltirish uchun hajm omilining ta’sirini
neytrallash talab etiladi, buning uchun bazis davr xarajatlari miqdorini
hisobot davri mahsulot ishlab chiqarishning haqiqatdagi hajmiga
(Σq1b0+a0) qayta hisoblash zarur va shundan so‘ng hisobot davri
xarajatlari miqdori taqqoslanadi:
Iz = Σq1b1+a1 / Σq0b0+a0.
Bu yerda b – i-turdagi mahsulot birligiga o‘zgaruvchan xarajatlar;
a – tadqiq etilayotgan davrda jami mahsulot ishlab chiqarish uchun
doimiy xarajatlar.
Taqqoslanayotgan ko‘rsatkichlarni bir tuzilmaga keltirish uchun
mahsulot ishlab chiqarishning haqiqatdagi hajmini bazis davr tarkibiga
qayta hisoblash zarur. 2.2-jadvalda keltirilgan misolda ikkala holatda
ham ishlab chiqarish tarkibi va narxlar bir xil (bazis davr darajasida),
faqat umumiy mahsulot ishlab chiqarish farqlanadi. Bu mahsulotning
jismoniy o‘sishini to‘g‘ri baholashga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |